+998 55 518 57 77

BIZNESDA EKSPORT-IMPORT FAOLIYATINING HUQUQIY ASOSLARI

24.09.2026 86

Bugungi biznes dunyosida korxonaning faqat ichki bozorda ishlashi bilan cheklanib qolishi shart emas. Mahsulotni xorijga sotish, chetdan xomashyo yoki uskunalar olib kelish, xalqaro hamkorlar bilan shartnomalar tuzish — bularning barchasi tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Biroq eksport-import faoliyati oddiy oldi-sotdi jarayonidan farq qiladi: unda bojxona, soliq, valyuta, shartnoma va boshqa huquqiy talablarni hisobga olish zarur. O‘zbekistonda tashqi savdo faoliyatining huquqiy asoslari bir qator qonunlar, kodekslar, Prezident farmon va qarorlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi. Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solishning muhim yo‘nalishlari qatoriga eksport va import tartibini belgilash, tovarlarni hujjatlashtirish, valyuta munosabatlari hamda bojxona tartib-taomillari kiradi.

Eksport — O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoki qonunchilikka muvofiq boshqa tovarlarning xorijiy bozorga chiqarilishi, import esa xorijdan tovarlarning O‘zbekiston hududiga olib kirilishidir. Amaliyotda bu jarayon faqat tovarni chegaradan o‘tkazishdan iborat emas. Masalan, korxona Xitoydan ishlab chiqarish uskunasi olib kelmoqchi bo‘lsa, u xorijiy hamkor bilan kelishuvdan boshlab tovarning bojxona rasmiylashtiruvi, to‘lovlari va tegishli hujjatlargacha bo‘lgan jarayonni hisobga olishi kerak. 2025-yilda tasdiqlangan bojxona ma’muriyatchiligi bo‘yicha tartibda tashqi savdo kontraktlarining eksport, import va barter shakllari, shuningdek, import va eksportning tegishli bojxona rejimlari alohida ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zbekistonda tashqi savdo munosabatlari bitta hujjat bilan emas, balki o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir necha huquqiy manbalar orqali tartibga solinadi.

Birinchi navbatda, “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunni tilga olish lozim. Mazkur qonun tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy qoidalarini va uni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Qonun tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi uchun huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, amaliyotda Bojxona kodeksi, Soliq kodeksi, valyutani tartibga solishga oid qonunchilik, shuningdek, muayyan tovarlar uchun belgilangan texnik, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya va boshqa talablar ham muhim o‘rin tutadi. Eksport-import faoliyatini faqat milliy qonunchilik doirasida ko‘rib chiqish yetarli emas. Xalqaro savdo munosabatlarida davlatlar o‘rtasidagi xalqaro shartnomalar, xalqaro savdo tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar, xalqaro tijorat shartnomalariga oid yagona qoidalar ham muhim huquqiy manba sifatida namoyon bo‘ladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomalar milliy qonunchilikdan ustun turishi belgilangan.

Xalqaro huquqda JST tizimidagi GATT, GATS hamda TRIPS bitimlari tovar va xizmatlar savdosida diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymaslik va tariflarni tartibga soluvchi global poydevor hisoblanadi. Shartnomaviy munosabatlarda esa 1980-yilgi Vena konvensiyasi (CISG) va UNIDROIT Prinsiplari taraflarning huquq hamda majburiyatlarini  birxillashtiruvchi asosiy manbalardir. Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffoflikni taʼminlashda esa Qayta ko‘rib chiqilgan Kioto konvensiyasi va Trade Facilitation Agreement hal qiluvchi oʻrin tutadi. Ushbu xalqaro-huquqiy instrumentlar milliy qonunchilik bilan birgalikda tashqi savdoning yaxlit va xavfsiz huquqiy muhitini shakllantiradi. Eksport mahsulotni chetga sotishning huquqiy formulasini misol orqali tasavvur qilaylik. Farg‘onadagi korxona o‘zida ishlab chiqarilgan quritilgan mevalarni xorijiy xaridorga sotmoqchi.

Birinchi bosqich — xaridor bilan kelishuv.

Ikkinchi bosqich — shartnomani tegishli tarzda rasmiylashtirish.

Uchinchi bosqich — mahsulotning o‘ziga qo‘yiladigan talablarni aniqlash.

To‘rtinchi bosqich — yukni tayyorlash va bojxona rasmiylashtiruvi.

Beshinchi bosqich — mahsulotni yetkazib berish va hisob-kitoblarni amalga oshirish. Ko‘rinib turibdiki, eksport faqat mahsulotni yuk mashinasiga ortishdan iborat emas. Ayniqsa, ayrim tovarlar eksporti uchun litsenziya yoki boshqa ruxsatnoma talab qilinishi, ayrim hollarda esa miqdoriy cheklovlar — kvotalar qo‘llanilishi mumkin. Bunday tartiblar “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunchilikda nazarda tutilgan. Shuning uchun eksportchi tadbirkor mahsulotini xorijga chiqarishdan oldin “Bu tovarni eksport qilish mumkinmi?” degan savol bilan birga “Uni eksport qilish uchun qanday maxsus talablar mavjud?” degan savolga ham javob topishi kerak. Import: chetdan tovar olib kirishda nimalar muhim?

Importning ham o‘z huquqiy algoritmi bor.  Masalan, Toshkentdagi ishlab chiqarish korxonasi Germaniyadan yangi uskuna sotib olishga qaror qildi. Tovarning huquqiy maqomi qanday? Uni olib kirishda qanday bojxona tartibi qo‘llanadi? Qanday hujjatlar kerak? Bojxona to‘lovlari va soliqlar qanday hisoblanadi? Maxsus ruxsat yoki muvofiqlik hujjati talab qilinadimi? Ana shu savollar importning haqiqiy qiymatini aniqlashga yordam beradi. Bojxona kodeksi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, bojxona to‘lovlarini undirish, bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazoratiga oid munosabatlarni tartibga soladi. Shu sababli importchi uchun mahsulot narxining o‘zi emas, tovar O‘zbekiston hududida qonuniy ravishda muomalaga chiqarilgunga qadar shakllanadigan jami xarajat muhim. Xalqaro savdoda eng katta xatolardan biri shartnomaga oddiy formal hujjat sifatida qarashdir. Aslida esa shartnoma — eksportchi va importchining huquqiy munosabatlarini belgilaydigan asosiy hujjatlardan biridir.

Unda kamida quyidagi masalalar aniq ifodalangan bo‘lishi kerak:

tovarning nomi va tavsifi;

miqdori;

narxi va umumiy qiymati;

yetkazib berish muddati;

to‘lov shartlari;

yetkazib berish shartlari;

qadoqlash va tashish masalalari;

tomonlarning huquq va majburiyatlari;

javobgarlik;

fors-major holatlari;

nizolarni hal qilish tartibi.

Bu yerda bir jihatga alohida e’tibor berish lozim: xalqaro shartnomada qaysi davlat huquqi qo‘llanishi va nizolar qaysi tartibda ko‘rib chiqilishi masalasini ham e’tiborsiz qoldirish mumkin emas.

Tashqi savdo sohasida qonunchilik bir joyda qotib qolmaydi. Aksincha, tadbirkorlik sharoitlarini yaxshilash maqsadida bojxona ma’muriyatchiligi muntazam takomillashtirilmoqda.

Prezidentning 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoni bilan bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirishga qaratilgan choralar belgilangan. Jumladan, 2026-yil 1-martdan tovarlarni chegara punktiga yetib kelishidan oldin dastlabki deklaratsiyalash orqali ayrim tartibda rasmiylashtirish imkoniyatlari belgilangan. Shuningdek, ayrim hollarda bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lashda 14 kungacha foiz hisoblamaslik amaliyoti joriy etilgan. 2026-yil 1-maydan esa tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganida har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratilishi belgilangan. Yana bir e’tiborli jihat — ayrim shartlar mavjud bo‘lganda bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik rasmiylashtirish mexanizmlarining joriy etilishi. Bu o‘zgarishlar tadbirkor uchun bitta muhim xulosani beradi ya’ni bojxona qonunchiligini bilish bilan birga, uning yangilanib borayotganini kuzatish ham zarur. Chunki nizoning o‘zi emas, uni qaysi davlatda, qaysi tartibda va qaysi huquq asosida hal qilish masalasi ham tadbirkor uchun katta xarajatga aylanishi mumkin.

XULOSA

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda eksport-import faoliyati tadbirkorlikni rivojlantirish va korxonalarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun muhim imkoniyat yaratadi. Biroq tashqi savdo faoliyati oddiy oldi-sotdi munosabatlaridan farqli ravishda bojxona, soliq, valyuta, shartnoma va mahsulotga qo‘yiladigan maxsus talablarni kompleks ravishda hisobga olishni talab etadi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy asosini milliy qonunchilik, jumladan, “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun, Bojxona kodeksi, Soliq kodeksi hamda valyuta va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar tashkil etadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar va xalqaro savdo qoidalari ham tashqi savdo munosabatlarini tartibga solishda muhim ahamiyatga ega.

Eksport yoki import operatsiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, avvalo, shartnomani to‘g‘ri tuzish, tovarning huquqiy maqomini aniqlash, zarur ruxsatnomalarni olish, bojxona rasmiylashtiruvini to‘g‘ri bajarish va hisob-kitoblarni qonunchilikka muvofiq amalga oshirishga bog‘liq. Ayniqsa, xalqaro shartnomalarda yetkazib berish shartlari, to‘lov tartibi, tomonlarning javobgarligi, nizolarni hal qilish tartibi va qo‘llaniladigan huquqni aniq belgilash kelgusidagi huquqiy va moliyaviy xavflarni kamaytiradi.

Shuningdek, tashqi savdo sohasidagi qonunchilik doimiy ravishda takomillashib borayotganligi sababli tadbirkorlar nafaqat amaldagi talablarni bilishi, balki yangi o‘zgarishlarni muntazam kuzatib borishi zarur. 2025–2026-yillarda bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlarning joriy etilishi ham tashqi savdo jarayonlarini yanada qulaylashtirishga xizmat qilmoqda.Umuman olganda, eksport-import faoliyatida huquqiy savodxonlik va hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish tadbirkor uchun muhim himoya vositasidir. Tashqi savdo operatsiyasini amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilish, xalqaro shartnoma shartlarini puxta belgilash va bojxona tartib-taomillarini to‘g‘ri bajarish korxonaning moliyaviy hamda huquqiy xavflarini kamaytirib, xalqaro bozorda barqaror faoliyat yuritishiga zamin yaratadi.

 

 

Qahramonov Xurshid  Ixtiyor o‘g‘li

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti

Dekan o‘rinbosari