+998 55 518 57 77

AHOLINING HUQUQIY ONGI VA HUQUQIY MADANIYATINI YUKSALTIRISHDA ADLIYA ORGANLARINING ROLI

24.07.2026 76

Huquqiy davlatning mustahkamligi faqat mukammal qonunlar qabul qilinishi bilan belgilanmaydi. Eng muhimi, bu qonunlarning mazmuni fuqarolarga yetib borishi, inson o‘z huquq va majburiyatlarini anglashi, qonuniy imkoniyatlardan foydalana olishi hamda kundalik faoliyatida qonun talablariga rioya etishidir.

 Shu ma’noda huquqiy ong — insonning huquq, qonuniylik, adolat, huquq va majburiyatlar haqidagi tasavvurlari majmui bo‘lsa, huquqiy madaniyat ushbu bilimlarning amaliy xulq-atvorda namoyon bo‘lishidir. Sodda qilib aytganda, qonunni bilish — huquqiy ong, unga hurmat bilan amal qilish, o‘z huquqini qonuniy yo‘l bilan himoya qilish va boshqalarning huquqlarini hurmat etish esa huquqiy madaniyatdir.

 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi mustahkamlangan. Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekani esa Konstitutsiyaning 54-moddasida belgilangan. Ushbu konstitutsiyaviy talablarning hayotda ro‘yobga chiqishi ko‘p jihatdan fuqarolarning qonunlarni bilishi va ulardan foydalana olishiga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi

 Huquqiy targ‘ibot — bir martalik tadbir emas, uzluksiz tizim

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi PF–5618-son Farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi bu sohadagi davlat siyosatining muhim huquqiy poydevorini yaratdi.

 Konsepsiyada “Yuksak huquqiy madaniyat — mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan konseptual g‘oya ilgari surildi. Huquqiy tarbiya “shaxs — oila — mahalla — ta’lim muassasasi — tashkilot — jamiyat” prinsipi asosida tizimli va uzviy tashkil etilishi belgilandi.

 Bu yondashuvning mohiyati shundaki, insonning huquqiy dunyoqarashi faqat auditoriyada o‘qilgan ma’ruza yoki tarqatilgan buklet bilan shakllanmaydi. U oiladagi tarbiya, mahalladagi ijtimoiy muhit, ta’lim sifati, davlat idorasi xodimining fuqaroga munosabati, ommaviy axborot vositalaridagi materiallar va eng muhimi, qonunning amalda bir xil hamda adolatli qo‘llanishi orqali qaror topadi.

 Farmon bilan Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilangan. Demak, adliya organlarining vazifasi faqat huquqiy targ‘ibot tadbirini o‘tkazish bilan cheklanmaydi. Ular davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishi, huquqiy axborotning sifati va ta’sirchanligini o‘rganishi, zamonaviy usullarni joriy etishi hamda natijadorlikni baholashi lozim.

 Adliya organlarining beshta muhim vazifasi

 Bugungi kunda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda adliya organlarining rolini beshta asosiy yo‘nalishda ko‘rish mumkin.

 Birinchidan, ishonchli huquqiy axborotni shakllantirish va yetkazish.

 Fuqaro o‘z huquqini himoya qilishi uchun, avvalo, amaldagi qonunning rasmiy va to‘liq matnini topa olishi kerak. Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz alohida ahamiyatga ega.

 Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 678-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi Lex.uz bazasini shakllantirish va yuritish, normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilish, huquqiy axborot va targ‘ibot materiallarini tayyorlash hamda tezkor tarqatish sohasidagi yetakchi davlat muassasasidir.

 Markaz zimmasiga huquqiy axborotni shunchaki e’lon qilish emas, balki hujjatlarning mazmunini aholiga manzilli, predmetli va tushunarli tarzda yetkazish vazifasi ham yuklatilgan. “Inson va qonun” gazetasi, “Huquq va burch” jurnali, “Hudud24” axborot resurslari, videoroliklar, infografikalar va boshqa media mahsulotlar ana shu vazifaning turli shakllaridir.

 Bu o‘rinda bir haqiqatni unutmaslik zarur: qonun matnini e’lon qilish — huquqiy axborotning boshlanishi, uni oddiy va ravon tilda tushuntirish esa huquqiy madaniyatning shakllanishidir.

 Ikkinchidan, huquqiy axborotni insonga yaqinlashtirish.

 Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi 741-son qarori bilan Advice.uz huquqiy axborot portalining faoliyati hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti va uning huquqiy maslahat byurolari uchun huquqiy asos yaratildi.

 Advice.uz orqali fuqarolar onlayn rejimda bepul huquqiy axborot va maslahat olish imkoniga ega. Huquqiy maslahat byurolari esa fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy tushuntirish berish hamda zarur protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashishga xizmat qiladi.

 Fuqarolardan kelib tushayotgan savol va murojaatlarni tahlil qilish ham muhimdir. Chunki odamlar eng ko‘p qaysi masalada yordam so‘rayotgani qonunchilikdagi bo‘shliq, huquqni qo‘llashdagi muammo yoki axborot yetishmasligini ko‘rsatishi mumkin. Shunday qilib, huquqiy maslahat tizimi fuqaro bilan davlat o‘rtasidagi oddiy aloqa kanali emas, balki qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladigan “teskari aloqa” mexanizmidir. 741-son qaror, Advice.uz bepul yuridik yordam portali

 Uchinchidan, kundalik muammolarni aniqlash va amaliy yechim toppish.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF–80-son Farmoni adliya organlari faoliyatini fuqarolarning kundalik hayotidagi muammolarni hal etishga yanada yaqinlashtirdi.

 Farmonga ko‘ra, adliya organlarining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari sifatida:

 aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash va tahlil qilish;

joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik loyihalarini ishlab chiqish;

fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini muvofiqlashtirish;

davlat organlari, mahalliy hokimliklar va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishga metodik yordam berish belgilandi.

 2024-yil 1-iyuldan “Madad” NNT bilan hamkorlikda barcha tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlarida huquqiy maslahat byurolarini bosqichma-bosqich tashkil etish ham nazarda tutildi. Bu huquqiy yordamni fuqaro yashaydigan hududga olib kirish, ortiqcha xarajat va ovoragarchilikni kamaytirishga qaratilgan muhim mexanizmdir. PF–80-son Farmon

 To‘rtinchidan, mahalla va ta’lim tizimi orqali huquqiy tarbiyani kuchaytirish.

 PF–80-son Farmon bilan “Mahalla huquqshunosi” loyihasi joriy etilib, mahalla raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirishga qaratilgan bepul qisqa muddatli kurslar tashkil qilish belgilandi.

 Mahalla raisi ko‘pincha fuqaro o‘z muammosi bilan birinchi bo‘lib murojaat qiladigan shaxsdir. Shu sababli uning murojaatni to‘g‘ri yo‘naltira olishi, vakolat doirasini bilishi, asossiz va’dalar bermasligi va fuqaroga qonuniy yo‘lni ko‘rsatishi mahalladagi huquqiy muhitga bevosita ta’sir qiladi.

 Maktablarda huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilimlarini maxsus elektron platforma orqali oshirish, “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi va “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” tanlovlarini o‘tkazish, videoroliklar, mobil ilovalar va ko‘rgazmali qo‘llanmalar yaratish ham belgilangan.

 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturida “bolahuquqlari.uz”, “Yoshlar va qonun”, “Intellektual marafon”, “Huquq olamiga sayohat” kabi loyihalarning nazarda tutilgani huquqiy tarbiyaning ma’ruza bilan cheklanmay, interaktiv va qiziqarli shakllarga o‘tayotganini ko‘rsatdi.

 Beshinchidan, huquqiy targ‘ibotni raqamlashtirish va proaktiv tusga o‘tkazish.

 Huquqiy axborot sohasidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri — fuqaroning ma’lumot izlab yurishi modelidan kerakli axborotni fuqaroning o‘ziga yetkazish modeliga o‘tilayotganidir.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF–160-son Farmoni bilan “proaktiv qonunchilik” va “aqlli targ‘ibot” tamoyillari belgilandi. Unga ko‘ra, aholining huquqiy axborotga bo‘lgan haqiqiy talabi o‘rganilib, huquqiy ma’lumotlar manfaatdor shaxslarga manzilli va maqsadli yetkazilishi kerak.

 Lex.uz bazasining Soliq organlarining elektron xizmatlari portali va my.gov.uz bilan integratsiyasi fuqarolar hamda tadbirkorlarga ularning faoliyatiga bevosita daxldor bo‘lgan qonunchilik yangiliklarini yetkazish imkonini kengaytiradi.

 “Huquqiy targ‘ibot loyihadan boshlab” tamoyili esa muhim normativ-huquqiy hujjat faqat qabul qilingandan keyin emas, loyiha bosqichidayoq jamoatchilikka tushuntirilishini nazarda tutadi. Bu fuqarolarning norma ijodkorligidagi ishtirokini kuchaytiradi.

 Shuningdek, “Adliya TV” sahifasida yangi qonunlarni sodda va xalqchil tilda tushuntiruvchi podkastlar, ekspert suhbatlari va interaktiv jonli efirlarni tashkil etish belgilangan. 2026-yil 1-martdan esa normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilar va aholiga yetkazish ishlari “Ijro.gov.uz” tizimidagi Huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi orqali nazorat qilinmoqda.

 Bu o‘zgarishlar huquqiy targ‘ibotda “qancha tadbir o‘tkazildi?” degan savoldan “axborot kerakli odamga yetib bordimi va uning muammosini hal qildimi?” degan savolga o‘tishni anglatadi.

 Raqamlar ortidagi natija

 Adliya vazirligining 2026-yil II choragi yakunlariga oid rasmiy ma’lumotida yil boshidan 386 mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri tashkil etilgani qayd etilgan. Televideniye va radioda minglab chiqishlar, 5 mingdan ziyod maqola hamda 11 mingdan ortiq internet materiali e’lon qilingan.

 Yangi qabul qilingan 115 ta normativ-huquqiy hujjat va ularga oid tushuntirish materiallari davlat organlari, tashkilotlar hamda mahallalarga elektron tizimlar orqali yuborilgan. To‘qqiz mingga yaqin mahallaning Telegram guruhlariga dolzarb huquqiy materiallar yetkazib borilgan.

 “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi huzuridagi Innovatsion media markaz tomonidan 320 dan ortiq video mahsulot tayyorlangan. “Adliya TV”, “Lex AI”, Lex.uz, regulation.gov.uz va “Ijro.gov.uz” imkoniyatlari esa huquqiy axborot tarqatishning yangi raqamli ekotizimini shakllantirmoqda.

 Biroq statistik ko‘rsatkichlarning o‘zi yakuniy maqsad emas. Masalan, vazirlikning ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan 107 ta test va so‘rovnomasi natijalarida huquqiy savodxonlik ko‘rsatkichi 48 foizni tashkil etgani qayd etilgan. Bu natija huquqiy targ‘ibotda miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda bilimning o‘zgarishi, huquqiy axborotdan foydalanish va muammoni mustaqil hal qila olish darajasini ham baholash zarurligini ko‘rsatadi.

 Huquqiy targ‘ibotning asosiy mezoni — inson hayotidagi o‘zgarish

 Huquqiy targ‘ibotning haqiqiy samarasi tarqatilgan bukletlar yoki o‘tkazilgan uchrashuvlar soni bilangina o‘lchanmasligi kerak. Asosiy mezon — fuqaroning huquqiy holatida yuz bergan ijobiy o‘zgarishdir.

 Agar xodim o‘z mehnat huquqini bilib, buzilgan huquqini qonuniy yo‘l bilan tiklay olsa; tadbirkor yangi imtiyoz yoki majburiyat haqida o‘z vaqtida xabardor bo‘lsa; ota-ona farzandining ta’lim olish huquqini himoya qila olsa; mahalla raisi murojaatni vakolatli organga to‘g‘ri yo‘naltirsa; davlat xizmatchisi noqonuniy qaror qabul qilishdan tiyilsa — huquqiy targ‘ibot amaliy natija bergan bo‘ladi.

 Shu bois kelgusida quyidagi yondashuvlar bardavom va ustuvor bo‘lishi maqsadga muvofiq:

 huquqiy axborotni murakkab yuridik iboralardan holi, sodda va xalqchil tilda yetkazish;

aholining ehtiyojini hudud, yosh, kasb va ijtimoiy holat bo‘yicha o‘rganish;

huquqiy targ‘ibotni murojaatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili bilan bog‘lash;

raqamli imkoniyatlardan foydalana olmaydigan fuqarolar uchun an’anaviy maslahat kanallarini saqlab qolish;

sun’iy intellekt asosidagi xizmatlarda berilayotgan ma’lumotlarning rasmiy manbaga muvofiqligi va yangiligini ta’minlash;

natijadorlikni huquqiy bilim, xulq-atvor va muammoning hal etilishi kabi mezonlar asosida baholash.

 Xulosa

 Adliya organlarining jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi roli — qonun matnini e’lon qilishdan fuqaroning huquqiy muammosini aniqlashgacha, huquqiy axborot tarqatishdan bepul maslahat ko‘rsatishgacha, davlat organlari ishini muvofiqlashtirishdan huquqni qo‘llashdagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishgacha bo‘lgan keng qamrovli faoliyatdir.

 Biroq huquqiy madaniyatni yuksaltirish faqat adliya organlarining vazifasi emas. Bu — davlat organlari, ta’lim muassasalari, mahalla, oila, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining umumiy mas’uliyatidir. Adliya organlari esa ushbu hamkorlikni yagona maqsad sari yo‘naltiradigan, uni huquqiy axborot, metodika va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlaydigan muvofiqlashtiruvchi kuchdir.

 Qonunni biladigan fuqaro o‘z huquqini himoya qiladi. Qonunni hurmat qiladigan fuqaro boshqalarning huquqini buzmaydi. Huquqiy madaniyati yuksak jamiyat esa qonun ustuvorligi, adolat va barqaror taraqqiyotning eng ishonchli tayanchidir.

 

   O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi  Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti Pedagoglar Markazi o’qituvchisi

Azimjon Azamatovich Eshonqulov

Penn State University LL.M