Tub burilishlar davri oʻz navbatida nafaqat amaldagi qonunchilik, balki mamlakat Konstitutsiyasini ham isloh qilish, yangi davr maqsadlarini unda toʻliq aks ettirish vazifasini kun tartibiga qoʻymoqda. Ayni shu ma’noda Konstitutsiyaviy islohotni bugungi davr taqozosi va talabi, mahalla institutlarining yangi bosqichga koʻtarilishi deb aytish mumkin.
Amaldagi Konstitutsiyani isloh qilish fikri va gʻoyasi birdaniga paydo boʻlgani yoʻq. Davlatimiz rahbari Prezidentlik saylovidan soʻng Senat binosida boʻlib oʻtgan inauguratsiyada qilgan nutqi, Konstitutsiyaning 29 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigi, qolaversa, “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” nomli fundamental asarida konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Shu maqsadda xam amaldagi Konstitutsiya hozirgi kun talablariga javob berishi, unda maxalla instituti masalalari bilan bogʻliq talay huquqlar aks etishi maqsadida xam aniq takliflar ustida ish olib bormoqda.
Konstitutsiyada onalik va bolalik, xotin-qizlar va erkaklar huquqlari mustahkamlangan, ammo yoshlar huquqlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 37-moddasida “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi” deyilgan. Mana shu moddada faqat majburiy mehnat emas, balki bolalar mehnatini ham taqiqlash lozimligi toʻliq aks etishi kerak.
Oila instituti fuqarolik jamiyatining asosiy omillaridan biri sanaladi. Shu bois Konstitutsiyada oila institutiga alohida bob ajratilgan. Konstitutsiyaning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi” deyilgan. Bu yerda tomonlarning iborasi oʻrniga “ayol va erkakning ixtiyoriy xohishiga asoslangan ittifoq” deb aniq-tiniq yozilishi kerak.
Konstitutsiyaning 65-moddasida “Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” deyilgan. Ushbu moddaga otalik ham davlat himoyasida ekani kiritilishi lozim.
Fuqarolarimizning konstitutsiyaviy qonun loyihasida juda faol ishtirok etgani esa xalqimiz qisqa yillarda oʻz turmushida sodir boʻlgan oʻzgarishlarni chuqur his etayotganini, Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning bevosita qatnashchisi boʻlishga intilayotganini, har bir yangilanishga katta qiziqish bildirayotganini namoyon etdi. Kiritilishi kutilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar “inson qadri uchun”, degan tamoyilni amalga oshirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli boʻldi.
Shuni alohida aytish kerakki, bu oʻzgartish va tuzatishlar jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub aholining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy, madaniy, ekologik kabi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Konstitutsiyada yuz berayotgan yangilanishlar "inson – jamiyat – davlat" prinsipiga asoslangan. U milliy oʻzligimiz, qadriyat va an’analarimizni aks ettirib, amaldagi Asosiy qomusimizning 60 dan ortiq moddasiga tuzatishlar kiritishni koʻzda tutmoqda.
Bu oʻzgarishlar mamlakatimizda konstitutsiyaviy-huquqiy makon asoslarini takomillashtirishni, Asosiy qonunimizda “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini mustahkamlab, inson manfaatlari ta’minlanishini bosh mezon sifatida belgilashni taqozo etdi. Shu asosda Bosh qomusimizga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayoni boshlandi.
Kelgusidagi yanada obod va farovon turmushimizni huquqiy jihatdan mustahkamlaydigan Bosh qomusimizga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayonida huquqshunoslar, olimlar, pedagoglar qatorida aholi faol ishtirok etdi. Endilikda xalqimiz qizgʻin muhokama etayotgan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bu jarayonda qatnashgan koʻp millatli xalqimiz taklif va xohishlari mahsulidir.
Yuristlar malakasini oshirish
markazi direktor oʻrinbosari
K.Islamov