2021-yil 12-noyabr kuni Yuristlar malakasini oshirish markazida “Intellektual mulk qonunchiligini qoʻllash muammolari va soha huquqini oʻqitish” mavzusida anʼanaviy va onlayn shakllarda ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Anjumanda Respublikamizning 50 ga yaqin vazirlik, idora va tashkilotlari, turdosh oliy taʼlim muassasalari va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek Yuristlar malakasini oshirish markazi professor-oʻqituvchilari va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirdan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar, intellektual mulk huquqiga oid davlat huquqiy siyosati asoslari, intellektual mulk huquqini himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish, intellektual mulk huquqiga oid qonunchilikni rivojlantirish, sohaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurash va javobgarlik, nizolarni sudda koʻrish amaliyoti, huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqarish, intellektual mulk huquqiga oid respublikamiz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish yoʻllari, intellektual mulk huquqi sohasida kadrlar malakasini oshirish va huquqni qoʻllash amaliyotini kuchaytirish masalalari boʻyicha tajriba almashishdan iborat.
Ilmiy-amaliy seminar ishini Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori Sherzod Rabiyev kirish soʻzi bilan ochib, nutq soʻzladi. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori oʻrinbosari Baxodir Sagdullayev, Intellektual mulk himoyasi Markazlarni muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Dilshod Xudjanov, Toshkent davlat yuridik universtiteti professori, yuridik fanlar doktori Omonboy Oqyulov hamda Markaz Kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshevlar anjuman mavzusi doirasida maʼruzalar bilan chiqish qildi.
Anjuman yakunida sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, intellektual mulk obyektlari yaratuvchilarining huquqlari himoyasini taʼminlash, huquqni qoʻllash amaliyotini kuchaytirish, sohaga oid huquqiy taʼlim va tadqiqotni rivojlantirish boʻyicha kerakli tavsiyalar ishlab chiqildi.