+998 71 200 02 35

Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi — 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri

17.02.2023 2160

O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi – mamlakat siyosiy hayotidagi eng muhim voqea bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. 2017 yildan buyon an’anaga aylangan bu tadbirda tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e’lon qilindi.

Murojjatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri - ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani bilan bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev o‘z murojaatida “mamlakatimiz so‘nggi 3 yilda qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi. Buning ta’siri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi”  deb ta’kidladi. Bu muammoni bartaraf qilish uchun esa “Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi bo‘yicha qo‘shni Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga xalqaro me’yorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozim”ligi asoslab berildi.

Mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi yana bir muammo bu - hozirgi vaqtda ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar mavjudligidir. “Shu bois, - dedi Davlatimiz Rahbari, - suv xo‘jaligi tizimi isloh qilinadi. Suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimi joriy etiladi va kelgusi uch yilda 13 mingga yaqin suv xo‘jaligi ob’ekti raqamlashtiriladi. Shu bilan birga, 16 ta yirik nasos stansiyasi davlat-xususiy sherikchilik asosida modernizatsiya qilinadi va muqobil energiyaga o‘tkaziladi”.

Prezidentimiz “Hozirgi vaqtda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham jiddiy ekologik muammolar paydo bo‘lmoqda. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor yerlar qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash shular jumlasidandir” deya ta’kidladi. Bu sohada esa tabiatni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelgusi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligi aytib o‘tdi.

Bu borada mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Muhtaram Prezidentimizning g‘oyalariga ko‘ra O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida islohotlarni qat’iy davom ettirish zarur. Shu bois, 2023 yilda ham suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektar qo‘shimcha ekin maydonlarini aholiga ajratiladi. Buning hisobidan qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etiladi.

“Agar jami 750 mingta yangi dehqon xo‘jaligini tadbirkorga, yer egasiga aylantira olsak – dedi muhtaram Yurtboshimiz, – qishloqda juda ko‘p ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasi yechiladi”.

Murojaatnomada, agrar sohada yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga 2023 yilda 1 milliard dollar ajratilishi ta’kidlandi.

 Sh.Xasanov

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi

Yuristlar malakasini oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i