+998 71 200 02 35

JINOYAT QONUNCHILIGIDAGI AYRIM MASALALAR TAHLILI

24.02.2023 2438

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari shaxsni jinoiy tajovuzlardan samarali muhofaza qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlash uchun huquqiy poydevor yaratdi.

O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz jinoyat qonunchiligida uning normalarini takomillashtirishga, jinoyat protsessiga jalb etiladigan fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlash maqsadida ilg‘or xalqaro standartlar va xorijiy amaliyotni implementatsiya qilishga qaratilgan sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.

Jumladan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi»da yetti yo‘nalish, 100 ta maqsad belgilab qo‘yilgan bo‘lib, uning 1-yo‘nalish, 14-maqsadida jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat ijroiya qonunchiligini takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar nazarda tutildi. Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 61-bandida esa jinoyatlarga qarshi kurashish jarayonlarida fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini himoya qilishning samaradorligini yanada oshirish lozim ekanligi qayd etildi.

Shunga qaramay amaldagi jinoyat qonunchiligimizda turli talqin etishga hamda turfa xil tushunishga sabab bo‘ladigan ayrim muammoli holatlar ham mavjud. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun huquqbuzarlik natijasida fuqarolarning, jamiyat va davlatning huquqlariga yoxud qonun tomonidan muhofaza qilinayotgan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, Kodeksning 144-moddasi birinchi qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.

Mazkur modda bilan bog‘liq bo‘lgan, amaliyotda ham turfa xil talqin etishga, turlicha qarashga sabab bo‘ladigan tushuncha aynan “jiddiy ziyon” tushunchasidir. Jinoyat kodeksining ushbu moddasi birinchi qismi bo‘yicha javobgarlikka tortishning asoslaridan zaruriysi aynan jiddiy ziyonning kelib chiqishidir. Chunki mazkur jinoyat uchun jinoyat tarkibi ob’ektiv tomonining zaruriy belgilaridan biri jinoyat natijasida yetkazilgan oqibat, ya’ni “jiddiy ziyon”ning kelib chiqishi hisoblanadi. Ma’lumki, jinoyat tarkibi elementlarining zaruriy belgilaridan birortasi bo‘lmasa ham, sodir etilgan ijtimoiy hodisani Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan malakalab bo‘lmaydi. Shu bois jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jiddiy ziyon tushunchasiga aniqlik kiritilishining ahamiyati katta. Ammo amaldagi Jinoyat kodeksining “Atamalarning huquqiy ma’nosi” nomli sakkizinchi bo‘limida “jiddiy ziyon” deganda aynan nima tushunilishi lozim ekanligi qat’iy keltirib o‘tilmagan.  Vaholanki, ushbu kodeksning 4-moddasiga asosan, sodir etilgan qilmishning jinoiyligi, jazoga sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlari faqat Jinoyat kodeksi bilan belgilanadi.

Hech kim sudning hukmi bo‘lmay turib jinoyat sodir qilishda aybli deb topilishi va qonunga xilof ravishda jazoga tortilishi mumkin emas. Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs qonunda belgilangan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.

Bundan kelib chiqadiki, jinoiy javobgarlikning asosi faqat Jinoyat kodeksida aks etishi lozim. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida “jiddiy ziyon” tushunchasining mazmuni, turlari yoki miqdori ochib berilmagan.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Demakki, qonunchilikda aks etgan hamda turlicha talqin etishga asos bo‘ladigan holatlar ham jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan shaxsning foydasiga xizmat qilishi joiz.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 23-moddasida murakkab aybli jinoyat tushunchasi mazmuni keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, agar shaxsning qasddan jinoyat sodir etishi natijasida ehtiyotsizlik orqasida boshqa ijtimoiy xavfli oqibatlar yuz bergan va shunday qilmishni qonun qattiqroq javobgarlik bilan bog‘lagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi. Vaholanki, mazkur kodeksning 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga olib kelganlik holati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Ushbu qilmish nazariy jihatdan murakkab aybli jinoyat deb e’tirof etilishini hisobga olsak, har doim ham qilmishni “murakkab aybli” deb sanash uchun ikki va undan ortiq oqibat kelib chiqishi shart emas yekan. Shu boisdan Jinoyat kodeksining 23-moddasi dispozitsiyasidagi “ijtimoiy xavfli oqibatlar” jumlasi “ijtimoiy xavfli oqibat(lar)” tarzida qayd etilsa, nazariy jihatdan ham maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Umuman olganda jinoyat huquqi ancha qat’iy hamda turlicha tatbiq etilmasligi lozim bo‘lgan huquq sohasi bo‘lib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini hamda davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini jinoiy tajovuzlaridan himoya qilishda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda sohaga doir qonunchilikni izchil takomillashtirish siyosati bosqichma-bosqich davom ettirilayotganiga yuqori baho berish mumkin.  

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi

Jumaev Shohjahon Begimqul o‘g‘li