+998 71 234 56 02

Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi haqida asosiy maʼlumot


Oʼzbekistonda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash uzluksiz taʼlim tizimining mustaqil bosqichi hisoblanadi. Yurist kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi muhim oʼrin egallaydi.

Oʼzbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan soʼng yurist kadrlarga boʼlgan ehtiyoj yanada ortib, zamonaviy yurist kadrlarga qoʼyiladigan talab ham oʼzgardi. Istiqlolning dastlabki yillarida bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishdek murakkab jarayonlarning huquqiy jihatlarini taʼminlab berishga qodir boʼlgan mutaxassislar kerak edi.

Shu sababli Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 19 yanvardagi “Oʼzbekiston Respublikasi adliya opganlapi va sudlapi faoliyatini tashkil etish masalalapi toʼgʼrisida”gi 18-sonli qarori bilan adliya xodimlari malakasini oshirish respublika kurslari negizida Sud va adliya organlari xodimlari malakasini oshirish instituti tashkil qilindi. Davlat hokimiyati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning yuqori malakali kadrlarga boʼlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlar asosida huquqshunos xodimlarning kasbiy tayyorgarligini hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek, huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar saviyasini oshirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 25 iyundagi “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʼrganish ishini yaxshilash haqida”gi UP-1791-sonli Farmoni asosida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 21 iyuldagi 364-sonli qarori bilan Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tashkil etildi.

Markazning asosiy vazifasi sud, adliya, advokatura idoralarining vakillari, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yuridik xizmatlarining xodimlarini qayta tayyorlashdan iborat etib belgilan. Markazda bir yilda oʼrtacha 500-800 yurist oʼqitilgan boʼlsa, soʼnggi yillarda bu koʼrsatkich 3000 dan ortgan. Bugungi kunda Markaz yurist kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida yetakchi taʼlim muassasasi hisoblanadi. Markazda yuridik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari tizimli va yuqori saviyada olib borilishi yoʼlga qoʼyilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 12 iyuldagi 212-son qarori bilan Yuristlar malakasini oshirish markazining yangi tahrirdagi ustavi tasdiqlangan edi. Ushbu hujjat Markazning vakolatlari hamda vazifalarini davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda aniqlashtirib berdi.

Markazda ushbu qaror asosida 5 ta kafedra: Fuqarolik-huquqiy fanlar, Jinoiy-huquqiy fanlar, Davlat-huquqiy fanlar, Xalqaro huquq va inson huquqlari, Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedralari hamda 5 ta boʼlim: Oʼquv-uslubiyot boʼlimi, Xalqaro aloqalar boʼlimi, Аxborot-kompьyuter boʼlimi, Nashriyot boʼlimi va Xoʼjalik boʼlimlari faoliyat yuritgan.

Kafedralarda yuqori malakali huquqshunoslar hamda sud, prokuratura hamda adliya organlarida faoliyat yuritgan, katta amaliy ish tajribasiga ega boʼlgan yuqori salohiyatli professor-oʼqituvchilar faoliyat olib borgan.

Markazda oʼquv jarayonini yanada yuqori saviyada oʼtkazilishida mamlakatimizning Аdliya vazirligi, Oliy sud, Oliy xoʼjalik sudi, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuraturasi, Respublika sud ekspertizasi markazi, Аdvokatlar palatasi va boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelingan. 

 Markazda 1997-2019 yillar davomida 30 mingdan ortiq tinglovchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʼqitilgan: 2000 yillarda har bir oʼquv yilida oʼrtacha 600-800 nafargacha tinglovchilar malaka oshirgan boʼlsa, 2017-2018 hamda 2018-2019 oʼquv yillariga kelib, bu koʼrsatkich yiliga 3000 nafar tinglovchini tashkil etmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyunda “Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʼgʼrisidagi” 531-sonli qarori qabul qilingan. Shu asosda Markaz Ustavi ham qabul qilingan.

Mazkur Ustav Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar alakasini oshirish markazining (keyingi oʼrinlarda Markaz deb ataladi) maqomi, maqsadi, vazifalari va faoliyati asosiy yoʼnalishlarini, huquq va majburiyatlarini, oʼquv jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Markaz adliya organlari hamda advokatura xodimlarini, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlarini (yuristkonsulьtlar) qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan davlat taʼlim muassasasidir.

Markazda hozirgi kunda 6 ta kafedra: Davlat va jamiyat qurilishi kafedrasi, Fuqaroviy-huquqiy fanlari kafedrasi, Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi, Jinoyat-huquqiy fanlari kafedrasi, Qonunchilik texnikasi va korruptsiyaga qarshi ekspertiza kafedrasi, Ijtimoiy fanlar va psixologiya, yuridik etika kafedralari faoliyat yuritadi.

Kafedralarda yuqori malakali, salohiyatli katta amaliy ish tajribasiga ega boʼlgan huquqshunos professor-oʼqituvchilar faoliyat olib borishadi.

Markazda Fan, innovatsiya va taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, Oʼquv jarayonini tashkil etish va nazorat qilish boʼlimi, Taʼlim sifatini uslubiy taʼminlash, monitoring qilish va baholash, Buyurtmalar portfeli va marketingni shakllantirish boʼlimlari faoliyat yuritishadi.

Bundan tashqari Markaz tarkibiy tuzilmasiga Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va masofadan oʼqitishni tashkil etish, Xalqaro hamkorlik, Tahririy-nashriyot, Maʼmuriy xoʼjalik, buxgalteriya, Аxborot-resurs markazi, kadrlar boʼyicha katta inspektor kabi boʼlimlar kiradi.

Oʼzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʼgʼrisida”gi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirining 2019 yil 31 yanvardagi 54-mh-son buyrugʼi bilan tasdiqlangan “Mediatorlarni tayyorlash dasturi”ga muvofiq 2019-2020-oʼquv yilidan boshlab Markazda professional mediatorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari faoliyati yoʼlga qoʼyilgan.

Mediatorlar guruhi tinglovchilariga malakali professor-oʼqituvchilar xorijiy mamlakatlarning mediatsiya institutlari mutaxassislari tajribalaridan foydalangan holda, tinglovchilar guruhiga oʼz bilimlarini yetkazishadi.