+998 71 200 02 35

Qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish va huquqiy axborotni tarqatishning ilmiy metodologiyasi

24.05.2024 467

Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda oshkoralik, ochiqlik, o‘z vaqtidaligi, huquqiy axborotni izlash va olish erkinligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda, mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborotni izlash, olish va tarqatish kabi konstitutsiyaviy huquqlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada so‘z erkinligining barcha zarur kafolatlari o‘z ifodasini topganligini alohida ta’kidlash joiz. Qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini aholi orasida tushuntirish ushbu hujjatlarning so‘zsiz bajarilishi, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan joriy yilning 23-may kuni “Qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish va huquqiy axborotni tarqatishning ilmiy metodologiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad – qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish va huquqiy axborotni tarqatish tizimini takomillashtirish istiqbollarini belgilab olishdan iborat. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik hujjatlarini tahlil qilish, tartibga solish ta’sirini baholash va huquqiy axborot boshqarmasi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkilotidan yetakchi mutaxassislar, shuningdek, markaz professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

 

Tadbir davomida qonunchilik hujjatlarini davlat organlari va tashkilotlariga yetkazish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va aholiga yetkazishda manzilli va samarali ishni tashkil qilish yuzasidan tavsiyalar va ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish va huquqiy axborotni tarqatish borasida yo‘l qo‘yilayotgan muammolar tahlil qilinib ularni bartaraf qilish yuzasidan yechim va takliflar ilgari surildi.