+998 71 200 02 35

Yaponiyada o‘lim jazosi tizimi: onlayn seminar orqali yuridik bilimlar almashinuvi

29.01.2025 1248

Yaponiya dunyoda ilm-fan va ta’lim sohasida yetakchi davlat sifatida tan olingan mamlakat bo‘lib, uning ilg‘or texnologiyalari, ilmiy izlanishlari ko‘plab sohalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tajribadan foydalanish xalqaro miqyosdagi hamkorlikni rivojlantirishda, yuridik tizimni yanada takomillashtirishda va malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.

Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yuristlarning kasbiy malakasini oshirish uchun muntazam ravishda yangi tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Xususan, joriy yilning 28-yanvar kuni Markazda malaka oshirayotgan advokatlar guruhi tinglovchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida chet el mutaxassislarini jalb etgan holda onlayn seminar tashkil etildi.

Dastlab Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori Y.Kanyazov Yaponiya bilan hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, bunday tashabbuslar yuridik sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim rol o‘ynashini qayd etdilar.

Seminar davomida Yaponiya Adliya vazirligining Ilmiy-tadqiqotlar va ta’lim instituti Xalqaro hamkorlik bo‘limi, hukumat advokati Yamashita Takuro “Yaponiyada o‘lim jazosi tizimi” mavzusida ma’ruza qildi. Ushbu mavzu tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otib, yapon yuridik tizimi bilan yaqindan tanishish, yangi bilimlar va tajribalarni o‘zaro almashish, innovatsion yondashuvlar va ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish imkonini yaratdi.

Mazkur seminar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan qadam bo‘lib, unda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maqbul yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari doirasida Yaponiya Institut vakillarini onlayn seminarlarlarda ishtirok etishi, tinglovchilarning Yaponiya davlatida malaka oshirish amaliyotini davom ettirish kabi bir qator takliflar ilgari surildi.

Bunday tadbirlar nafaqat bilim va tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yuridik tizimni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Kelgusida Yaponiyaning ilg‘or tajribasi asosida amalga oshiriladigan loyihalar bu hamkorlikning muvaffaqiyatli davomiga zamin yaratadi.