+998 55 518 57 77

OTA-ONA QARAMOG‘ISIZ QOLGAN BOLALARNING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI

23.11.2026 111

Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning huquqlarini ta'minlash har qanday ijtimoiy davlatning insonparvarlik darajasini belgilovchi asosiy mezonlardan biridir. Bu toifadagi bolalar jamiyatning eng zaif qatlamiga mansub bo'lib, ularning huquq va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan alohida himoyani talab etadi.

2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ushbu sohada sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. Asosiy qonunda oila, onalik, otalik va bolalikni muhofaza qilishga bag'ishlangan normalar kengaytirildi. Yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarga g'amxo'rlik qilish davlat va jamiyatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida mustahkamlandi.

Mazkur normalarning ahamiyati shundaki, ular bolaga nisbatan g'amxo'rlikni ixtiyoriy xayriya faoliyati darajasidan konstitutsiyaviy kafolat darajasiga ko'taradi. Boshqacha aytganda, ota-ona qaramog'isiz qolgan bola endi faqat muruvvat obyekti emas, balki huquqlari Konstitutsiya va qonunlar bilan himoyalangan to'laqonli huquq subyektidir.

Ushbu maqolamizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga taalluqli kafolatlarning mazmuni tahlil qilib o‘tamiz. Shuningdek, ularni amalga oshirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari, institutsional mexanizmlar hamda huquqni qo'llash amaliyotidagi dolzarb masalalar ko'rib chiqamiz.

Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar huquqlarining konstitutsiyaviy asoslari bir nechta o'zaro bog'liq normalar tizimidan iborat. Ularni tahlil qilishda avvalo davlatning konstitutsiyaviy tavsifidan kelib chiqish lozim.

Konstitutsiyaning 1-moddasiga ko'ra, O'zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatdir. "Ijtimoiy davlat" tamoyili davlatning aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, birinchi navbatda, bolalar oldida faol majburiyatlarni zimmasiga olishini anglatadi. 14-moddada esa davlat o'z faoliyatini qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari asosida, inson farovonligi maqsadida amalga oshirishi belgilangan.

Ushbu umumiy tamoyillar oila va bolalikka bag'ishlangan maxsus normalarda aniq mazmun kasb etadi. Konstitutsiyaning 76-moddasiga ko'ra, oila jamiyatning asosiy bo'g'ini hisoblanadi hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'ladi. Davlat oilaning to'laqonli rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini oladi.

Mavzu nuqtayi nazaridan markaziy ahamiyatga ega norma 77-moddadir. Unda ota-onalar va ularning o'rnini bosuvchi shaxslar farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish, ularning tarbiyasi, ta'limi va rivojlanishi haqida g'amxo'rlik qilishga majburligi belgilangan. Ayni paytda, davlat va jamiyat yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o'qitish g'amxo'rligini o'z zimmasiga oladi, shuningdek, ular foydasiga xayriya faoliyatini rag'batlantiradi.

Mazkur normaning huquqiy tabiati alohida e'tiborga loyiq. Unda bolaga g'amxo'rlik qilish majburiyati ikki subyekt – davlat va jamiyat o'rtasida taqsimlangan. Bu yondashuv bola huquqlarini ta'minlashda faqat davlat organlari emas, balki fuqarolik jamiyati institutlari, mahalla va xayriya tashkilotlari ham mas'ul ekanini konstitutsiyaviy darajada tasdiqlaydi.

Ushbu tizimni 78-modda yakunlaydi. Unda bolalar ota-onasining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qat'i nazar qonun oldida tengligi, davlat bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishi hamda onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi mustahkamlangan. Shu tariqa, ko'rib chiqilgan normalar yaxlit tizimni tashkil etib, uning har bir elementi muayyan kafolat orqali amalga oshiriladi.

Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar huquqlarining asosiy kafolatlaridan yana biri tenglik tamoyilidir. Yuqorida qayd etilgan 78-moddaga ko'ra, bolaning huquqiy maqomi uning ota-onasi kimligi, kelib chiqishi yoki fuqarolik holatiga bog'liq emas. Bu norma amaliyotda muhim ahamiyatga ega. Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar ta'lim muassasalarida, ishga joylashishda va ijtimoiy munosabatlarda yashirin kamsitishga duch kelishi mumkin. Konstitutsiyaviy tenglik kafolati bunday holatlarga huquqiy to'siq bo'lib xizmat qiladi va kamsitish holatlarini huquqbuzarlik sifatida baholash uchun asos yaratadi.

Tenglik tamoyili rasmiy tenglik bilan cheklanib qolmaydi. Ijtimoiy davlat konsepsiyasi doirasida u haqiqiy imkoniyatlar tengligini ta'minlashni ham nazarda tutadi. Aynan shu sababli qonunchilikda ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar uchun qo'shimcha imtiyozlar belgilanadi. Bunday imtiyozlar kamsitish emas, balki boshlang'ich imkoniyatlardagi tafovutni bartaraf etishga qaratilgan ijobiy choralardir. Tenglik kafolatining muhim tarkibiy qismi bolalarni ekspluatatsiyadan himoya qilishdir. Konstitutsiyaning 44-moddasida majburiy mehnat taqiqlangan. Bolaning sog'lig'i, xavfsizligi, axloqi va aqliy rivojlanishiga tahdid soluvchi, shu jumladan uning ta'lim olishiga to'sqinlik qiluvchi bola mehnatining barcha shakllari ham taqiqlanadi.

Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar uchun bu kafolat ayniqsa dolzarbdir. Ularni himoya qiluvchi oilaviy muhitning yo'qligi mehnat ekspluatatsiyasi xavfini oshiradi. Konstitutsiyaviy taqiq esa bunday xavfga qarshi qat'iy huquqiy chegara qo'yadi. Bolaning asosiy faoliyati mehnat emas, balki ta'lim olish ekanini tasdiqlaydi. Shu bois tenglik kafolatining mantiqiy davomi ta'lim olish huquqidir. Ta'lim ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning ijtimoiy moslashuvi va mustaqil hayotga tayyorlanishining asosiy vositasidir. Konstitutsiyaning 50-moddasiga ko'ra, har kim ta'lim olish huquqiga ega. Davlat bepul umumiy o'rta va boshlang'ich professional ta'limni kafolatlaydi, umumiy o'rta ta'lim esa majburiydir. Maktabgacha ta'lim davlat nazoratida bo'lib, alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun inklyuziv ta'lim ta'minlanadi.

Ushbu umumiy kafolatlar ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga nisbatan maxsus qonunosti hujjatlari orqali aniqlashtirilgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5216-son "Yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bu borada muhim ahamiyatga ega. Mazkur qarorga muvofiq, ushbu toifadagi bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarga navbatsiz joylashtiriladi. Ular davlat oliy ta'lim muassasalarida o'qishni davom ettirganda, ularga Talabalarni rag'batlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan stipendiya 50 foizga oshirilgan holda to'lanadi. Ko'rsatilgan choralar ta'limning barcha bosqichlarida uzluksiz qo'llab-quvvatlash tizimini shakllantiradi. Maktabgacha ta'limga navbatsiz qabul qilish bolaning erta rivojlanishini ta'minlaydi. Oliy ta'limdagi moddiy rag'batlantirish esa yoshlarning moliyaviy qiyinchiliklar sababli o'qishni tark etish xavfini kamaytiradi.

Shu bilan birga, ta'lim olish huquqini to'liq amalga oshirish uchun faqat o'quv jarayoniga kirish imkoniyati yetarli emas. Bolaning barqaror turar joyi va moddiy ta'minoti ham kafolatlangan bo'lishi zarur. Bu esa ijtimoiy himoya kafolatlarini tahlil qilishni taqozo etadi.

Uy-joy bilan ta'minlash ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning ijtimoiy himoyasida hal qiluvchi o'rin tutadi. Muassasadan chiqqan yoshlarning mustaqil hayotga muvaffaqiyatli o'tishi ko'p jihatdan aynan shu masalaning hal etilishiga bog'liq. PQ-5216-son qaror bilan 2021-yil 15-avgustdan boshlab uy-joy bilan ta'minlashning yangi tartibi joriy etildi. Unga ko'ra, uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar hisobga olinadi. Ular uchun uy-joylar xarid qilinadi va belgilangan tartibda beriladi. Mazkur tartibning muhim jihati uning ijtimoiy integratsiyaga yo'naltirilganidir. Qarorda ushbu toifadagi bolalar uchun alohida ko'p qavatli uylar qurish va ularning barchasini bir joyga joylashtirish taqiqlangan. Ularga yotoqxonalardan uy-joy ajratish ham man etilgan. Bu yondashuv ijtimoiy segregatsiyaning oldini olib, yoshlarning oddiy turar-joy muhitiga moslashuvini ta'minlaydi.

Ijtimoiy himoya tizimi raqamli boshqaruv vositalari bilan ham mustahkamlangan. Ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar "Ijtimoiy himoya" yagona axborot tizimida hisobga olinadi. Ular "Yoshlarni kuzatib borish" dasturiga kiritilib, ijtimoiy ko'mak oladi. Bu esa yordamni manzilli va uzluksiz ko'rsatish imkonini beradi.

Sohadagi davlat siyosati keyingi strategik hujjatlarda ham izchil davom ettirilmoqda. Prezidentning 2024-yil 23-sentyabrdagi Farmoni bilan qabul qilingan "Kambag'allikdan farovonlik sari" dasturida ijtimoiy yetimlikning oldini olish va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarga g'amxo'rlik qilish maqsadlari belgilangan. Biroq moddiy ta'minot, qanchalik mukammal bo'lmasin, bola uchun oilaviy muhitning o'rnini bosa olmaydi. Shu sababli zamonaviy davlat siyosatining asosiy yo'nalishi bolani oilaviy tarbiyaga qaytarishga qaratilgan.

Xalqaro amaliyotda bolaning oilaviy muhitda tarbiyalanishi uning eng ustuvor manfaati sifatida e'tirof etiladi. O'zbekistonda ham so'nggi yillarda yirik muassasalardagi tarbiyadan oilaviy tarbiya shakllariga bosqichma-bosqich o'tish siyosati olib borilmoqda.

Bu siyosatning dolzarbligi statistik ma'lumotlarda yaqqol ko'rinadi. UNICEF ma'lumotlariga ko'ra, 2021-yilda O'zbekistonda muassasalarda yashovchi bolalar ulushi har 100 ming bolaga 255 nafarni tashkil etgan. Bu ko'rsatkich jahon o'rtachasidan ikki baravar yuqori bo'lgan.

Amaldagi qonunchilik ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarni joylashtirishning quyidagi oilaviy shakllarini nazarda tutadi:

1.   Farzandlikka olish — bola yangi oilaning to'laqonli a'zosiga aylanadigan, huquqiy oqibatlari jihatidan eng to'liq shakl.

2.   Vasiylik va homiylik — "Vasiylik va homiylik to'g'risida"gi qonunga muvofiq, o'n to'rt yoshgacha bo'lgan bolalarga vasiylik, o'n to'rt yoshdan o'n sakkiz yoshgacha bo'lganlarga homiylik belgilanadi.

3.   Oilaga tarbiyaga olish (patronat) — bolani oilaga tarbiyaga berish, bunda tarbiyachi ota-onaga davlat tomonidan moddiy yordam ko'rsatiladi.

4.   Oilaviy bolalar uylari — bir nechta bolaning tarbiyachi ota-ona qaramog'ida oilaviy muhitda tarbiyalanishi.

Qonunchilikda qarindoshlik munosabatlarining ustuvorligi ham ta'minlangan. PQ-5216-son qarorga ko'ra, bolaning ota-onasining yaqin qarindoshlariga uni navbatsiz farzandlikka yoki patronatga olish huquqi berilgan. Bu norma bolaning o'z qarindoshlari davrasida, tanish ijtimoiy-madaniy muhitda tarbiyalanishiga xizmat qiladi.

2026-yil boshida sohaning huquqiy tartibga solinishi yanada takomillashtirildi. Ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni aniqlash, ularni muqobil joylashtirish shakllariga yo'naltirish va rasmiy reyestr yuritish tartibi belgilandi. Shuningdek, farzandlikka berish asoslari aniq ko'rsatildi. Bularga ota-onaning vafot etgani, ota-onalik huquqidan mahrum qilingani, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgani va bolani muassasadan olib ketishdan bosh tortgani kabi holatlar kiradi. Bolani oilaga berish yuqori mas'uliyat talab etadi. Shu sababli tarbiyaga olishga nomzodlar maxsus o'quv kursidan o'tadi va bola tarbiyasining o'ziga xos jihatlari hamda o'z huquqiy majburiyatlari bilan tanishadi. Oilaviy tarbiya shakllarining samaradorligi esa ularni nazorat qiluvchi va bola huquqlarini himoya qiluvchi institutlarning faoliyatiga bevosita bog'liq.

Erishilgan natijalarga qaramay, ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar huquqlarini to'liq ta'minlash yo'lida hali hal etilishi lozim bo'lgan masalalar mavjud. Ularni xolis baholash konstitutsiyaviy kafolatlarni yanada samarali amalga oshirishning zaruriy shartidir.

Birinchi masala muassasaviy tarbiyadan oilaviy tarbiyaga o'tish jarayonining sur'ati bilan bog'liq. Yuqorida keltirilgan statistik ko'rsatkichlar bu jarayon izchil davom ettirilishi lozimligini ko'rsatadi. Bunda tarbiyachi oilalar sonini ko'paytirish, ularni malakali tayyorlash va doimiy psixologik-pedagogik qo'llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchi masala ijtimoiy yetimlikning oldini olish bilan bog'liq. Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning muayyan qismi ota-onasi hayot bo'lgan, biroq oilaviy inqiroz, kambag'allik yoki ijtimoiy muammolar sababli qaramoqsiz qolgan bolalardir. Bunday holatlarda oilani o'z vaqtida aniqlash va qo'llab-quvvatlash bolani oilada saqlab qolishning eng samarali yo'lidir.

Uchinchi masala muassasadan chiqqan yoshlarning mustaqil hayotga moslashuvi bilan bog'liq. Uy-joy bilan ta'minlash muhim qadam bo'lsa-da, yoshlarga kasb tanlash, ishga joylashish va moliyaviy savodxonlik bo'yicha kuzatuv xizmatlarini kengaytirish talab etiladi.

Ushbu muammolarni hal etish uchun quyidagi yo'nalishlarni ustuvor deb hisoblash mumkin: tarbiyachi oilalar va oilaviy bolalar uylari tarmog'ini kengaytirish, ularni moddiy va metodik qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish lozim, mahalla darajasida xavf ostidagi oilalarni erta aniqlash va ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish tizimini rivojlantirish kerak, muassasadan chiqqan yoshlar uchun individual kuzatuv dasturlarini joriy etish va ularni ishga joylashtirishda davlat-xususiy sheriklikni rag'batlantirish lozim

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar huquqlarini himoya qilishning mustahkam va yaxlit huquqiy asosini yaratganini ko'rsatadi. Ijtimoiy davlat tamoyili, oila va bolalikni muhofaza qilish, bolalarning tengligi, ta'lim olish huquqi va bola mehnatining taqiqlanishiga oid normalar o'zaro bog'liq kafolatlar tizimini tashkil etadi. Ushbu kafolatlarning muhim xususiyati shundaki, ular bolaga g'amxo'rlik qilishni davlat va jamiyatning umumiy konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilaydi. Konstitutsiyaviy normalar ta'lim, uy-joy, ijtimoiy himoya va oilaviy joylashtirish sohalaridagi qonunchilik hujjatlari orqali aniq amaliy mexanizmlarga aylantirilmoqda.

 

 

 

Zamira Pirjanova
Axborot-resurs markazi bosh mutaxassisi