+998 71 200 02 35

Jamoatchilik nazoratini o’rnatishda OAV qay darajada ishtirok etmoqda?

05.04.2021 3183

Andijonda “Axborot olish, qayta ishlash va tarqatishda jurnalistlarning huquq va majburiyatlari” mavzusida o`tkazilayotgan o`quv seminarida ana shu savol atroflicha tahlil etildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi hamkorligida jurnalistika sohasidagi kadrlarning huquqiy sohadagi bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan o`quv seminarida viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari matbuot xizmatlari rahbarlari ishtirok etmoqda. 

Seminarda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatish, bu borada foydalaniladigan usul va shakllar, mazkur jarayonda ommaviy axborot vositalari xodimlarining roli va ishtiroki kabi bir qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.  

– Jurnalistning qay darajada faol, jamiyat hayoti, xususan, jamoatchilik nazoratini o`rnatish borasidagi faoliyati, pozisiyasi ko`p jihatdan uning huquqiy bilimlari, o`z huquqlaridan amalda qay darajada foydalana olishiga bog’liq, – deydi Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori Boboqul Toshev. – Shu ma’noda seminarda ommaviy axborot vositalari xodimlarining faoliyatiga oid qonun hujjatlari bilan yanada yaqinroq tanishtirish, huquqiy bilim va tushunchalarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

Seminarda ayni paytda mamlakatimizda 30 mingga yaqin qonun hujjatlari mavjudligi, ularning ijrosini ta’minlash darajasi esa juda past ekanligi, ko`p hollarda ijro hokimiyati tomonidan qator konunbuzilishlarga yo`l qo`yilayotganligi, aynan mana shu jihat jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xususan, jurnalistlarning faolligini yanada oshirishni taqozo etishi alohida ta’kidlandi.   

 

Ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur jarayonda qay darajada ishtirok etmoqda? Islohotlar ijrosi ustidan o`rnatilgan jamoatchilik nazorati kutilgan natija beryaptimi? Jamiyatda ijro etuvchi hokimiyat vakillari o`z burch va mas’uliyatini yetarli darajada ado etyaptimi? kabi qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi, shuningdek, “Jurnalist surishtiruvi va uni amalga oshirish tartibi”, “Axborot tarqatishda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda javobgarlik masalalari”, “Shaxsning sha’ni va qadr qimmatiga qarshi qaratilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni kvalifikasiya qilish”, “Ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini o`rnatishdagi ishtiroki” mavzularida mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.  

Ishtirokchilarga jamoatchilik nazoratini shakllantirish, bu borada e’tibor qaratilishi va yoritilishi zarur bo`lgan muhim yo`nalishlar, davlat boshqaruv tizimi ta’sirchanligini oshirish, qonun hujjatlarini huquqiy monitoring qilish xususida keng tushuncha va bilimlar berildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan aynan ana shu yo`nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, jurnalistlarning kasbiy malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.  

– O’quv-seminar mashg’ulotlarida qatnashib huquqiy yo`nalishda hamda jamoatchilik nazoratini o`rnatish bo`yicha keng ma’lumotlar oldik, bu boradagi bilimlarimiz yanada boyidi, – deydi “Haqiqat” gazetasi muharriri Tolibjon Shermatov. – Bu albatta, kelgusi faoliyatimizni samarali bo`lishiga yordam beradi.  

Qiziqarli muloqot tarzida o`tayotgan seminar qatnashchilari o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga ekspert va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Seminar mashg’ulotlari davom etmoqda.  

                                                                                                                                                                                                                                 F. UBAYDULLAYeV, Z. UMRZOQOV, O’zA