+998 71 200 02 35

Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotiga yetakchi saylandi.

30.08.2021 2997

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Maʼlumki, 2017-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston  yoshlar  ittifoqi  tashkil  qilindi  hamda  30-iyun  sanasi  mamlakatimizda  “Yoshlar  kuni”  deb  eʼlon  qilindi.    

Oʻzbekistonda yoshlar bilan ishlash, ularning manfaatini himoya  qilish  va  har  tomonlama   qoʻllab- quvvatlash,  ularning  siyosiy,  huquqiy  ongi  va  madaniyatini  yuksaltirish,  siyosiy  jarayonlarga  faol  jalb  qilish,   yoshlarga  oid  davlat siyosatini amalga oshirish bugungi kundagi dolzarb masaladir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng koʻp yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BMT minbarida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. 

2021-yil 30-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida Markaz Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi.  Mazkur yigʻilishda Markaz yoshlar ittifoqi faoliyatini muvofiqlashtirish va yoʻlga qoʻyish hamda boshlangʻich tashkilot rahbar organini ovoz berish yoʻli bilan saylash boʻyicha taʼsis yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishni Markaz direktori v.b A.Otajonov kirish soʻzi bilan ochib, bugungi kunda Oʻzbekiston  Respublikasi  Prezidentining  tashabbusi  va amaliy koʻmagi asosida yoshlar siyosatiga daxldor 40 ta  Qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinganligi haqida gapirib oʻtdi.

Yigʻilishda Markazning yosh xodimlari ishtirok etishdi.  Ish faoliyati davomida oʻzlarining yuksak mahoratlarini namoyon etib kelayotgan 3 nafar nomzodlar, yigʻilish raisi tomonidan tanishtirilib, ularning qanday amaliy ish olib borishlari borasidagi fikr va takliflari tinglandi. 

Shundan soʻng, yigʻilganlar tomonidan nomzodlar roʻyxati ovozga qoʻyildi.

Ovoz berish natijalariga koʻra, Yuristlar malakasini oshirish markazi Ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi kabinet mudiri Baxshilloyev Elbek Ermat oʻgʻli Markaz  yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti yetakchiligiga saylandi.

Yigʻilish davomida 2021-2022  oʻquv yilida  rejalashtirilayotgan tadbirlar muhokama qilindi. Oʻquv yili mobaynida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning jismoniy tayyorgarlik masalalariga  alohida eʼtibor qaratilishi kerakligi,  shuningdek, yoshlar oʻrtasida kitob mutoalaasi va kitobxonlikni yanada targʻib qilishga qaratilishi haqida taʼkidlab oʻtildi.

Kelgusida Markaz Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotining istiqbolli rejalari muhokama qilinindi.