+998 71 200 02 35

“PATENT VAKILLARINI QAYTA TAYYORLASH” OʻQUV KURSLARI TASHKIL ETILDI

21.10.2022 1583

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirib kelinayotgan islohotlar, avvalambor, raqamli iqtisodiyotga oʻtish, milliy iqtisodiyotni yuksaltirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va shu orqali  tadbirkorlik faoliyati rivojiga keng yoʻl ochib berishga qaratilgan.

Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan Patent vakillarini qayta tayyorlash,  ularning intellektual mulk ob’yektlarini huquqiy muhofaza hamda himoya qilish sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarini chuqurlashtirish, yangilash, ular kasbiy tayyorgarligining zamonaviy talablarga muvofiqligini hamda professional darajasining doimiy oʻsishini ta’minlash  maqsadida patent vakillarini qayta tayyorlash oʻquv kursini tashkil etish yoʻlga qoʻyildi.  

Mazkur oʻquv kursi uchun ishlab chiqilib tasdiqlangan dastur asosida 2022-yilning 20-oktabridan Yuristlar malakasini oshirish markazida   patent vakillari uchun “Patent vakillarini qayta tayyorlash”  oʻquv kurslari boshlandi.

Mashgʻulotlar davomida tinglovchilar oʻquv kursining asosiy qoidalari haqidagi nazariy bilimlarga va patent vakillari faoliyatini amalga oshirish boʻyicha koʻnikmalarga ega boʻladilar. 

Oʻquv kurslarini sifatli va yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mazkur sohada boy amaliy tajribaga ega boʻlgan milliy va xalqaro ekspertlar jalb etiladi.

Ma’lumot uchun, Patent vakili - yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan Intellektual mulk departamenti va boshqa tashkilotlar oldida intellektual mulk ob’yektlariga huquqiy muhofaza olish va uni amalga oshirish masalalari boʻyicha vakillik qilish huquqi berilgan jismoniy shaxs (departamentda attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtgandan keyin).