Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining mehnat bozorida yoshlar hamda ayollar eng faol va istiqbolli qatlamlardan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor darajasi yanada yuksalib, har ikki qatlam ham zamonaviy bilim, texnologiya va tashabbuskorlik bilan jamiyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishmoqda. Shu bilan birga, bu guruhlar uchun bandlik va mehnat munosabatlarida teng imkoniyatlar yaratish – dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ular hozirda innovatsiyalar, ijtimoiy islohotlar va madaniy yuksalishning bosh harakatlantiruvchi kuchlaridandir. Shuning uchun ham yoshlar va ayollar uchun keng imkoniyatlar yaratish – bu nafaqat tenglik masalasi, balki umumiy ijtimoiy taraqqiyotning zarur sharti hisoblanadi.
O‘zbekiston aholisi orasida 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 60 foizdan ortiq. Bu esa, yoshlar mamlakatning mehnat salohiyati va iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynashini anglatadi. Hozirda davlat tomonidan yoshlarga ko‘plab imtiyozlar, grantlar, kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari, startaplar va freelancing orqali daromad topish yo‘llari taklif etilmoqda. Ta’lim sohasida ham bir qancha qulayliklar yaratilib yoshlarni ilm fanga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirish va yuksak salohiyatli kadrlar yetishib chiqiqshi uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganligi so‘zimizning yaqqol isbotidir. Yoshlarning ishlashi va yangi g’oyalarni jalb qilishi uchun quyida eng dolzarb kasblar ro‘yxati keltirib o‘tsak:
- IT va raqamli xizmatlar;
- Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati;
- Yashil iqtisodiyot va agrotexnologiyalar;
- Internet orqali masofaviy ish (freelance);
- Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi;
va boshqa bir qancha kasblar hozirda o‘zining muhimligi va bozor bardoshligi bilan ajralib turibdi.
Shuningdek, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari orqali o‘qish, ishlash va biznes boshlashda davlat ko‘magi yanada kuchaytirilmoqda. Bularning barchasini yosh avloddan yangi Avloniyu-Behbudiylar chiqishi va yosh avlod aqliy faoliyatining yanada samarali faoliyati uchun xizmat qiladi.
Jamiyatimizda yoshlar bilan bir fursatda ayollarga ham e’tibor kuchaytirilgan. Ayollarni har bir sohada teng ulushga egaligi so‘ngi 5 yil mobaynida rahbar ayollarning jamiyatdagi ulushi yanada oshgani quvonarli holatdir. Statistik ma’lumotlarni qaraydigan bo‘lsak olima ayollar ulushi so‘ngi 5 yil mobaynida bir necha baravarga oshganini ko‘rishimiz mumkin. Bularning barchasi albatta ayollar mavqeyini tiklash ularni ilmli qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar davlat siyosati darajasida ekanligining mukofotidir.
Ayollar bandligini ta’minlash nafaqat ijtimoiy tenglik masalasi, balki iqtisodiy barqarorlik uchun ham muhim. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollarning mehnat bozoridagi faolligini oshirish maqsadida bir qator tashabbuslar yo‘lga qo‘yildi. Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish markazlari tashkil etildi. Ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tirlari yanada ko‘paytirildi.
- “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam va grantlar
- Onlayn kasb o‘rganish platformalari (masalan, IT, dizayn, tikuvchilik)
- Uy sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari
- Ayollar uchun mo‘ljallangan kooperativlar va ko‘rgazmalar
Ayniqsa, pandemiyadan keyingi davrda masofaviy ishlash imkoniyatlari ayollar uchun yangi ufqlar ochib berdi. Endi ular farzand tarbiyasi bilan birga mustaqil daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari sohasidagi ijobiy islohotlar yoshlar va ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu esa o‘z navbatida jamiyatdagi ijtimoiy adolat, iqtisodiy o‘sish va oilaviy barqarorlikning mustahkam poydevori hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash – bu nafaqat iqtisodiy zarurat, balki inson kapitaliga bo‘lgan hurmatdir. Ular uchun yaratilgan har bir imkoniyat, aslida, butun jamiyatning ravnaqiga xizmat qiladi.
Inson resurslari bo'yicha bosh mutaxassis
Tohirov Otabek