O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, adliya organlari va muassasalari xodimlari, yuridik xizmat, advokatura, notariat, mediatsiya, intellektual mulk, sud ekspertizasi, arxiv ishi va ish yuritish hamda boshqa soha mutaxassislarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularni o‘qitishni xalqaro tajriba va zamonaviy ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-son qaroriga asosan Adliya vazirligi tizimidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘yitish markazi, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazi hamda Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etildi.
Ushbu qaror ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida Hurmatli vazirimizning 2025-yil 28-martda qabul qilingan 122-um-son buyrug‘iga asosan Toshkent shahar Mirobod tumani Inoqobod MFY, Hamal ko‘chasi 29-V uy manzilida qurib bitkazilgan Institutning yangi binosini zarur moddiy–texnik jihozlar, shu jumladan zamonaviy interfaol va inovatsion panel va monitorlar, videokonferensiya aloqa jihozlari hamda kompyuter texnikalari bilan ta’minlash belgilandi.
Yurtimizda huquqiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda, ushbu jarayonda muhim o‘rin tutadigan Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyati ham sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Malakali kadrlarni tayyorlash muhim vazifalardan biri bo‘lib, bu boradagi o‘zgarishlar yurtimizdagi huquqiy tizimning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Shu maqsadda, Toshkent shahar Mirobod tumani, Inoqobod MFY, Xamal ko‘chasi 29-V uy manzilida Institutining yangi binosi qurilib, so‘ngi bosqichdagi ishlari olib borilmoqda.
Yangi bino tashkilotning strategik rivojlanish rejalariga mos holda ishlab chiqilgan. Ushbu inshoot zamonaviy standartlarga javob berib, xodimlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar bilan jihozlanadi. Har bir bo‘lim uchun alohida ofis xonalari, majlis zallari, dam olish hududlari va oshxona ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yangi binoda ekologiyaga zarar yetkazmaydigan materiallar va energiya tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan. Bu nafaqat tabiatga ehtiyotkor munosabat, balki tashkilotning barqaror rivojlanishga bo‘lgan qarashini ham ifoda etadi.
Yangi bino nafaqat institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, balki yuridik kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirishda ham muhim omil bo‘ladi. Ushbu binoda huquqiy ta’limning sifatini yanada oshirish, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni joriy qilishga keng imkoniyatlar yaratilgan. Yangi binoda:
Zamonaviy o‘quv auditoriyalari;
Sud majlislarini modellashtirish uchun maxsus zallar;
Treninglar va master-klaslar uchun keng maydonlar;
Interaktiv videokonferensiya majlislarini tashkil etish imkonini beruvchi texnologik jihozlar;
Faoliyatni samarali tashkil qilish uchun zamonaviy ofis va ma’muriy xonalar;
Majlis va videokonferensiya zallari;
Xavfsizlik va nazorat tizimlari;
kompyuter sinflari va interaktiv o‘qitish texnologiyalari bilan jihozlangan zallar;
axborot-resurs markazi;
konferens-zal va seminar xonalari;
xodimlar va tinglovchilar uchun qulay dam olish hududlari nazarda tutilgan.
Yangi binoda o‘quv jarayonida zamonaviy IT va bilim berishning interaktiv usullari qo‘llaniladi, bino jahon standartlariga moslashtirilgan bo‘lib, u yuridik sohadagi malakali kadrlar tayyorlashni samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Institut qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etib kelmoqda. Yangi bino faoliyatni kengaytirish, yangi kurslar joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ham imkoniyat yaratadi.
Yangi bino nafaqat ish sharoiti yaxshilanishiga, balki korporativ madaniyatning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hamkorlik va kommunikatsiya uchun qulay muhit yaratilgan, bu esa ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Institut binosining yangilanishi — huquqiy kadrlarni tayyorlash tizimida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab beradi. Bu yerda nafaqat adliya organlari va muassasalari xodimlari, balki advokatura va boshqa davlat organlari yuridik xizmatlari vakillari ham malakasini oshirishi ko‘zda tutilgan.
Inshootning qurilishi respublikada inson huquqlari, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishdagi strategiyaviy vazifalarga hamohang hisoblanadi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining yangi binosi — bu faqat yangi inshoot emas, balki huquqiy sohada sifatli ta’lim berish va yuqori malakali kadrlarni yetishtirishga, tashkilotning infratuzilmasini yaxshilashga hamda mamlakatimizda huquqiy sohadagi kadrlar salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda adolatli va samarali huquqiy davlatni barpo etishga qaratilgan sa’y-harakatlarning yana bir amaliy ifodasidir va yurtimizdagi huquqiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, yangilanish soha rivojiga ulkan hissa qo‘shishi shubhasiz, deb hisoblaymiz.
Ma’muriy xo‘jalik va mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i
Qosimov Elmurod