+998 55 518 57 77

Sun’iy intellekt natijasida yetkazilgan zarar uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik muammolari

23.11.2026 101

Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari bank-moliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va davlat boshqaruvi kabi sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Ushbu texnologiyalar inson faoliyatini yengillashtirish bilan birga, yangi huquqiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda.

Xususan, sun’iy intellekt tomonidan noto‘g‘ri qaror qabul qilinishi natijasida jismoniy yoki yuridik shaxslarga zarar yetkazilgan taqdirda, ushbu zarar uchun kim javobgar bo‘lishi masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida ham mazkur yo‘nalishda huquqiy asoslar shakllantirilmoqda. Jumladan, 2026-yil 21-yanvarda qabul qilingan O‘RQ–1115-son Qonun bilan sun’iy intellektga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar belgilandi. Biroq sun’iy intellekt sababli yetkazilgan zarar uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikning barcha jihatlari maxsus tartibga solinmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga, shuningdek, yuridik shaxsga yetkazilgan zarar umumiy qoida sifatida zarar yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Mazkur qoida sun’iy intellektdan foydalanish natijasida yuzaga keladigan zarar uchun ham asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Biroq bunda muhim savol paydo bo‘ladi: zararni sun’iy intellekt tizimi keltirib chiqargan bo‘lsa, kim javobgar hisoblanadi?

Masalan, bank kredit ajratishda sun’iy intellekt tizimidan foydalanadi. Tizimdagi xatolik sababli mijoz haqida noto‘g‘ri xulosa shakllanadi va bank ushbu xulosaga asoslanib qaror qabul qiladi. Agar buning natijasida mijozning huquqlari buzilib, unga zarar yetkazilsa, javobgarlikni aniqlash zarurati yuzaga keladi.

Bunday vaziyatda dastur yaratuvchisi, bank yoki tizimdan foydalangan xodimning mas’uliyati alohida baholanishi kerak.

Sun’iy intellekt mustaqil huquq subyekti sifatida emas, balki inson tomonidan yaratilgan va boshqariladigan texnologiya sifatida qaralishi lozim. Shu sababli zarar uchun javobgarlik uning faoliyatini tashkil etuvchi yoki nazorat qiluvchi shaxslarga qonunda belgilangan asoslarda yuklatilishi maqsadga muvofiq.

Sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy javobgarlikda uchta asosiy muammo mavjud.

Birinchisi — javobgar shaxsni aniqlash. Sun’iy intellekt tizimini ishlab chiquvchi, undan foydalanadigan tashkilot va tizim operatorining vazifalari turlicha. Amaldagi umumiy normalar esa har bir holatda ularning javobgarligini aniqlash uchun qo‘shimcha huquqiy baholashni talab qiladi.

Ikkinchisi — zararning kelib chiqish sababini isbotlash. Murakkab algoritmlar qanday qaror shakllantirganini aniqlash har doim ham oson emas. Natijada jabrlanuvchi zarar aynan qaysi texnik yoki tashkiliy xatolik oqibatida yuzaga kelganini isbotlashda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Uchinchisi — maxsus kompensatsiya mexanizmlarining yetarli darajada rivojlanmaganligi. Yuqori xavfli sun’iy intellekt tizimlari yetkazishi mumkin bo‘lgan zararlar uchun sug‘urta va boshqa kafolat mexanizmlarini rivojlantirish zarur.

Mazkur muammolarni hal qilishda xorijiy tajribadan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Xususan, Yevropa Ittifoqining 2024/1689-sonli Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi reglamentida yuqori xavfli tizimlar uchun alohida talablar va inson nazorati mexanizmlari belgilangan.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin.

Birinchidan, fuqarolik qonunchiligida sun’iy intellektdan foydalanish natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilovchi maxsus norma ishlab chiqilishi lozim.

Ikkinchidan, sun’iy intellekt tizimini ishlab chiquvchi, uni joriy etuvchi va undan foydalanuvchi shaxslarning javobgarligi ularning majburiyatlari hamda tizim ustidan nazorat imkoniyatidan kelib chiqib aniqlanishi zarur.

Uchinchidan, yuqori xavfli sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishda muhim algoritmik qarorlarni qayd etish va saqlash majburiyatini joriy qilish maqsadga muvofiq. Bu sud jarayonida zarar sabablarini aniqlashga yordam beradi.

To‘rtinchidan, inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt tizimlari bilan bog‘liq fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash mexanizmlarini rivojlantirish lozim.

Mazkur takliflarning amalga oshirilishi sun’iy intellekt sohasida huquqiy aniqlikni ta’minlash, jabrlanuvchilarning manfaatlarini himoya qilish hamda texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanishga xizmat qiladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi fuqarolik huquqi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, ushbu texnologiyalar natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni belgilash masalasi alohida huquqiy yondashuvni talab etadi.

Fikrimcha, sun’iy intellektning mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati uni alohida javobgarlik subyekti sifatida tan olishga asos bo‘la olmaydi. Javobgarlik tizimni yaratgan, joriy etgan yoki undan foydalangan shaxslarning qonuniy majburiyatlari va zarar kelib chiqishidagi ishtiroki asosida belgilanishi lozim.

Shu sababli O‘zbekiston fuqarolik qonunchiligida sun’iy intellekt natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikning maxsus qoidalarini ishlab chiqish, zarar sabablarini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish va jabrlanuvchilarning huquqiy himoyasini kuchaytirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

 

 

O‘quv-uslubiy bo‘lim bosh mutaxassisi

Normuhamedova Ozoda Shuhrat qizi