+998 71 200 02 35

TA’LIM TIZIMINING RAQAMLASHTIRILISHI: KADRLAR TAYYORLASHDA YANGI YONDASHUVLAR

03.06.2025 113

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini raqamlashtirish so‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan,  Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-son qarori, Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qabul qilingan muhim hujjat bo‘lib, ta’lim tizimining raqamli transformatsiyasini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan. Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida ta’lim tizimining raqamlashtirilishi, zamonaviy kadrlar tayyorlash jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish, nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki yuridik sohada mutaxassislarning kompetensiyalarini mustahkamlashga, ish jarayonida vaqtni tejashga, hamda zamon bilan hamnafas olib borilayotgan islohotlarga qo‘llab-quvvatlovchi javob bo‘lib xizmat qiladi.

Institutda raqamli ta’lim resurslarini joriy etish orqali o‘quv jarayoni interaktiv va qiziqarli tarzda olib boriladi. Onlayn platformalar, videodarslar va elektron kitoblar yordamida tinglovchilar ko‘plab turdagi materiallarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa o‘z navbatida, mustaqil o‘qishni rag‘batlantiradi va tinglovchilar bilimini kengaytirishga xizmat qiladi.

Raqamlashtirish orqali yaratilgan turli ta’lim formatlari, tinglovchilarga o‘z vaqtlarini rejalashtirishda erkinlik berib, onlayn darslar va masofaviy o‘qitish usullari yordamida ular ish joyidan yoki boshqa joylardan ham ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa kadrlarni tayyorlashda yangi yondashuvlarni amalga oshirishga yordam beradi.

Yuridik kadrlarni tayyorlashda interaktiv o‘qitish metodlarini joriy etish hozirgi raqobatbardosh vaqtda juda ham muhimdir. Simulyatsiya mashg‘ulotlari, guruh ishlarini tashkil qilish va real hayotdagi holatlarni tahlil qilish orqali tinglovchilar amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Bunday metodlar nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlashga, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga kasbiy yuksalish jarayoniga ham yanada katta yordam beradi.

Raqamli texnologiyalarni qo‘llash natijasida ta’lim jarayonining sifatini nazorat qilish imkoniyatlari kengayadi. O‘qituvchilar va mutaxassislar tomonidan berilgan feedbacklar orqali tinglovchilar muvaffaqiyat darajasini kuzatish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, onlayn testlar va baholash tizimlari yordamida har bir tinglovchining bilim darajasi aniqlanib boriladi.

Institut doirasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali tinglovchilarning ijodkorligini rivojlantirish maqsad qilingan. Ya’ni bunda, Raqamli texnologiyalar yordamida ishlab chiqilgan loyihalar, tinglovchilarga yuridik sohani yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi va ularning kelajakdagi faoliyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ta’lim tizimida ma’lumot tahlili va sun’iy intellektdan foydalanish orqali individualizatsiya qilingan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish mumkin. Sun’iy intellekt asosidagi platformalar tinglovchilarning muvaffaqiyatlarini tahlil qilib, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlaydi hamda shunga mos ravishda maxsus o‘quv dasturlarini taklif qiladi.

Raqamli texnologiyalar ta’limni yanada samarali qilish, o‘quv jarayonini qiziqarli va interaktiv qilishda muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchilar raqamli texnologiyalarni qanday pedagogik yondashuvlar bilan birlashtirishi lozimligini bilishlari kerak. Masalan, onlayn resurslardan foydalanish orqali darslarni qiziqarli qilish, interaktiv platformalarda tinglovchilarga individual yordam ko‘rsatish imkoniyatlari mavjud.

Raqamli texnologiyalar faqatgina vosita emas, balki ular ta’lim jarayonining barcha qatlamlariga kirib borayotgan yangi imkoniyatlardir. Shuning uchun o‘qituvchi tayyorgarligi bu jarayonda markaziy rolga ega bo‘ladi — ular nafaqat bilim beruvchi sifatida emas, balki innovatsion yondoshuvlarni hayotga tatbiq etuvchi mutaxassis sifatida faol ishtirok etadilar.

Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti uchun raqamlashtirilgan ta’lim tizimi zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu yangi yondashuvlar nafaqat kadrlarning professional rivojlanishini kuchaytiradi, balki yuridik sohaning umumiy sifatini ham oshiradi. Raqamli texnologiyalarni to‘g‘ri qo‘llagan holda, biz kelajak avlodlarga yuqori malakali yuristlarni yetishtira olamiz. Bugungi kunda ta’lim tizimining raqamlashtirilishi — zamonaviy jamiyatning eng muhim va dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va boshqa innovatsion yechimlar ta’lim jarayonini o‘zgartirib, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini raqamlashtirish va yuridik kadrlarni tayyorlash jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori doirasida ta’lim sohasida yangi bosqichlarni boshlab berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur qaror ta’lim tizimining raqamli transformatsiyasini ta’minlash, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish jarayonlarini shaffof va samarali qilishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimizning ilmiy salohiyatini oshirish yetuk mutaxassislarni yetishtirish, ta’limning Xalqaro standartlar asosida olib borilishini yaxshilashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


Altingul Yusupba
yeva
Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va
malakasini oshirish instituti bo‘lim boshlig‘i