+998 71 200 02 35

“Mahalla yettiligi” uchun seminar: Prezident qarorining mazmun-mohiyati

29.01.2025 1253

Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan Toshkent viloyati mahallalarida faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” uchun seminarlar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, kriminogen vaziyat og‘ir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yo‘l xaritalari hamda 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tanishtirildi.

Markaz professor-o‘qituvchilari tomonidan endilikda jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishlar o‘tkazilishi, mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

"Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz yo‘lak”larni tashkil qilgan, kriminogen vaziyati barqarorlashgan “mahalla yettiligi” va sektor rahbarlari hokimliklar tomonidan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirilishi va boshqa qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Ushbu tashabbuslar mahallalarda nafaqat jinoyatchilikni kamaytiradi, balki xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Yuristlar Malakasini Oshirish Markazi tomonidan tashkil etilgan seminarlar “mahalla yettiligi”ning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.