+998 71 200 02 35

HALOLLIK TUSHUNCHASI VA UNING KORRUPSIYANI OLDINI OLISHDAGI AHAMIYATI

09.12.2025 161

Halollik tushunchasi va mazmuni

“Halol” arab tilidan olingan so‘z bo‘lib ruxsat etilgan, yo‘l qo‘yilgan, qonuniy, asosli, vijdonga muvofiq ma’nolarini anglatadi.

Ayrim manbalarda ta’kidlanganidek, halollik, o‘z ma’nosiga ko‘ra, to‘g‘rilik, adolat, sofdillik, samimiylik, iymon so‘zlari bilan uyg‘undir.

Ko‘pincha, “halollik” tushunchasi mehnatga, nafsga, ishlab topilgan luqmaga, iste’mol qilinayotgan mahsulotlarga, inson ustidagi kiyimlarga, nikohga olingan shaxslarga, xalqning farovon va baxtli yashashiga ko‘maklashishga nisbatan ishlatilgan. O‘z navbatida, halollikka rioya qilgan insonlar doimo jamiyatda hurmatga sazovor bo‘lib kelgan.

Ko‘rib turganimizdek, “halollik” insonning asosan ma’naviy fazilati sifatida e’tirof etilib kelingan.

Bugungi kunda, ayrim davlat xizmatchilarining nafsi halol bo‘lmasligi ular tomonidan davlat mol-mulkini talon-toroj qilish, poraxo‘rlik va boshqa korrupsiyaviy xavf-xatarlarga sabab bo‘lmoqda.

Bunday toifadagi kimsalar o‘zlarining xatti-harakatlari bilan nafaqat davlat tashkilotining obro‘siga, balki yurtimizda vijdonan, fidoyilik bilan xizmat qilayotgan hamkasblarining nomiga ham qora dog‘ tushishiga sababchi bo‘lib qolishmoqda.

Davlat xizmatida halollikni ta’minlash chora-tadbirlari

“Halollik” sifati ahamiyatliligi uning davlat tashkilotlarining asosiy qadriyatlari hamda davlat xizmatchilariga qo‘yiladigan talablari qatorida belgilanishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, “halollik” O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida asosiy qadriyat sifatida e’tirof etilib, “halollik – xiyonat va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, vijdoniylik, to‘g‘rilik, sofdillik bilan vazifani bajarish” deb, ta’rif berilgan.

Davlat xizmatida halollik standartlarini ta’minlashda respublikamizda qabul qilingan, jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish”, “Davlat fuqarolik xizmati”, “Odob-axloq qoidalari”, “Manfaatlar to‘qnashuvi” va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar xizmat qiladi.

Shu bilan birga, davlat xizmatchilarida halollikni ta’minlashda, albatta, har bir davlat tashkilotida joriy etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati (keyingi o‘rinlarda – Siyosat) ahamiyat kasb etadi. Xususan, Siyosatga muvofiq adliya organlari va muassasalari rahbarlari, shuningdek, adliya organlari va muassasalarining tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari o‘ziga bo‘ysunuvchilar, fuqarolar va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda halol namunasi bo‘lishlari, adliya organlari va muassasalari xodimlari esa o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish va (yoki) adliya organlari manfaatlarini ifodalash doirasida halollik tamoyillariga amal qilishi, shuningdek, ma’muriy ish yuritishda, shu jumladan davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda murojaatlar ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari va adliya organlarining ichki hujjatlariga muvofiq halol, adolatli va obyektiv asosda ko‘rsatishlari lozimligi ta’kidlangan.

Mazkur talablarning bajarilmasligi tegishlicha axloqiy yoki intizomiy ta’sir choralarning qo‘llanishi uchun asos bo‘ladi.

Chunonchi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikning muqarrarligi davlat xizmatchilarida halollikni ta’minlanishida zamin yaratadi. 

Davlat xizmatchilarida halollikni shakllantirish

Davlatimiz rahbari korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlash kerakligini qayta-qayta ta’kidlab kelmoqdalar.

Davlat xizmatchilariga halollikni singdirishda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ta’lim va tarbiya ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida adliya vazirligi tizimi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlardagi davlat tashkilotlari va organlari davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashishga oid o‘quv mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Albatta, ta’kidlangan halollikni ta’minlashga hamda shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar davlat xizmatchilarida, shu jumladan adliya organlari va muassasalarining xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabati shakllanishiga va halollikka rioya qilgan holda o‘z faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yo‘l quymaslik uchun ahamiyat kasb etmoqda.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti dotsenti,

yuridik fanlar nomzodi Rafik Shakurov