+998 71 200 02 35

Sud ekspertlik sohasida inson huquq va erkinliklari ta’minlanishi

23.12.2025 16

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarining kafolatli himoya qilinishi, adolatni qaror toptirishda sud ekspertizaning ahamiyati katta. Shu bois, bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarning sud ekspertiza imkoniyatlaridan foydalanishlari uchun qulay va keng sharoitlar yaratilmoqda. Barcha zamonlarda bo‘lganidek hozirgi vaqtda ham huquqiy, demokratik davlatning rivojlanishi shu davlat qonunlarining qanchalik adolatli ekanligini, ularning ijrosi va ijro etmaganligi uchun odil sudlovning mavjudligi bilan bog‘liq. Sud insonlar adolat istab murojaat qiladigan manzil hisoblanib, bu so‘zning etimologiyasiga qaraydigan bo‘lsak u fransuzchada “cour”, “yopiq hovli” so‘zidan kelib chiqqan va qadimda lotin tilida ham xuddi shunday ibora mavjud bo‘lgan. Ya’ni sud va uning natijasida ayblanuvchilar yopiq hovliga o‘xshash joylarda saqlanilgan. Bugungi kunga kelib “COURT”, ”COUR”, CORTE” kabi turli tillardagi bir-biriga yaqin so‘zlarni uchratishimizning asosiy sababi uning kelib chiqish tarixi hisoblanadi.

Respublikamizda sud ekspertiza markazlarining tashkil qilinishi o‘tgan asrning o‘rtalariga borib taqaladi. Adliya vazirligi huzurida dastlab kriminalistika labaratoriyasi 1951-yil tashkil topgan. Keyinchalik  ushbu laboratoriya  negizida 1958-yilda o‘sha davrdagi Adliya vaziri Xadicha Sulaymonova tashabbusi bilan sud-ekspertiza ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan. 1995-yilda u kriminalistika markaziga, 2003-yilda esa sud ekspertiza markaziga aylantirildi. Hozirgi kunga kelib esa bu muassasaga Xadicha Sulaymonova nomi berilgan bo‘lib, bu yerda 70 ga yaqin sud ekspertiza turlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Sud ekspertizasi ishdagi haqiqiy holatlarni aniqlash va baholashning samarali usullaridan biri hisoblanadi. Eng qadimgi sud ekspertizasi barmoq va kaft izini identifikatsiya qilishni o‘z ichiga oladi va bu xitoyliklarga eramizdan avvalgi 650-yillarda ma’lum bo‘lgan edi.

Sud ekspertizasini tayinlash va oʻtkazish tartibi hamda ekspertning xulosasini baholash qoidalari tegishli protsessual qonunlarda belgilangan.

O‘zbekisiton Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga binoan, sud ekspertizasi_fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakatdir.

Sud ekspertizasi fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan shaxs ya’ni ekspert tomonidan xulosa berishi uchun tashkil etiladi. Ekspertning tadqiqot va tekshiruv natijalari bo‘yicha ekspert xulosasi taqdim etiladi va dalil sifatida baholanadi. Sud ekspertizasi maxsus tashkil qilingan davlat muassassalarida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida sud ekspertizalari X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi va uning hududiy bo‘linmalari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilimiy-amaliy markazi, Ichki ishlar vazirligining ekspert kriminalistika bo‘limlari, joylardagi nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari va boshqa bir qancha davlat idoralari ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari ekspertizalar alohida tashkil qilingan komissiyalar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Umuman olganda sud ekspertiza va sud tibbiy ekspertizalarining ahamiyati shundaki, bu fan ko‘p hollarda aybdorlarni aybdor deb topish yoki aybsizni oqlashga olib keladigan tushuntirish kuchiga ega .

Taʼkidlash joizki, sud ekspertlik faoliyati dolzarb sohaviy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilinishida, fuqarolarning ishonchini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud ekspertlik sohasida inson huquqlarini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi hamda “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun bilan kafolatlangan. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda quyidagi asosiy tamoyillar mustahkamlangan:

·     shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish;

·     qiynoqlar va inson qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatlarga yo‘l qo‘ymaslik;

·     qonun oldida tenglik;

·     himoyalanish huquqi;

·     adolatli sudlov huquqi.

Qonun ustuvorligi va odil sudlovni taminlash juda koplab faktorlarga bogliq bolib, bular - qonuniylik, ustuvorlik, adolatlilik, huquqning umumiy prinsiplariga binoan qaror qilinishi va boshqalar. Ammo bulardan tashqari pora, noto‘g‘ri axborotni taqdim etish, yolg‘on guvohlik kabilar odil sudlovni
ta’minlashga to‘siq bo‘lishi turgan gap.

Sud ekspertlik faoliyatida inson huquqlari bir necha jihatlarda ta’minlanadi. Avvalo, ekspertiza o‘tkazishda shaxsning roziligi, sog‘lig‘i va shaxsiy daxlsizligi e’tiborga olinadi. Majburiy ekspertiza faqat qonunda belgilangan hollarda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ekspert xulosasi xolis, ilmiy asoslangan va mustaqil bo‘lishi shart. Ekspertga bosim o‘tkazish, noto‘g‘ri xulosa berishga majburlash inson huquqlarining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Shuningdek, shaxs ekspertiza natijalari bilan tanishish va ularni e’tiroz bildirish huquqiga ega.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, birgina ekspertning noto‘g‘ri yoki yolg‘on xulosasi sababli aybsiz aybdor holatga kelishi yoki ishning haqiqiy holatlari yetarlicha ochilmaganligi sababli, aybdor to‘laqonligicha jazolanmay qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Krimanologiya va jinoyat huquqi sohasida birgina hukm inson taqdiri hal bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, sud ekspertiza sohasi odil sudlovni ta’minlashdagi eng asosiy bog‘in deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

 

O'quv-uslubiy bo'lim yetakchi mutaxassisi

Normuhamedova Ozodahon Shuhrat qizi