+998 71 200 02 35

O‘zbekistonda kadrlar salohiyatini yuksaltirishning zamonaviy tizimi

26.09.2022 1673

Toshkentda kadrlar salohiyatini yuksaltirishning zamonaviy tizimi, yuristlarni kasbiy rivojlantirishga oid muammolar yechimiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Adliya vazirligi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada AQSH, Ozarbayjon, Yaponiyadan xorijiy ekspertlar, Adliya vazirligi hamda sud-huquq sohasi milliy institutlari vakillari, olimlar, izlanuvchilar ishtirok etdi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori Sherzod Rabiyev mamlakat huquqiy tizimining asoslarini hamda rivojlanish prinsiplarini amalga oshirishda yuridik kadrlar muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Bunda yuridik kadrlarning yuqori malaka va salohiyatga ega bo‘lishi inson huquqlari samarali ta’minlanishiga hamda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Albatta, yuristning mas’uliyati ostida butun tashkilot himoyasi va inson taqdiri yotadi. Shu sababdan yuristlarning doimiy ravishda o‘qitilishi, kasbiy rivojlantirilishi va malaka oshirib borishi talab etiladi. Bu esa, yuristlarning ish jarayonida xato qilmasligiga va qonun ustuvorligining ta’minlanishida muhim rol o‘ynaydi.

Konferensiyada yuridik kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi, yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolari muhokama etildi.

Yuridik ta’limdagi innovatsiyalar, mavjud muammo va yangi imkoniyatlar, yuridik amaliyot va ta’limning raqamli transformatsiyasi bo‘yicha mulohazalar bildirildi. Sud, prokuratura va adliya organlari faoliyatining dolzarb masalalari, fuqarolik, oilaviy, mehnat, moliya va ekologik huquq sohasidagi jamoat munosabatlarini huquqiy tartibga solish, jinoyat huquqi va kriminologiyaning nazariy va amaliy muammolari, korrupsiyaga qarshi kurashish, xalqaro huquq va inson huquqlari yo‘nalishlari bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Konferensiyada yuridik kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va ularning ijobiy natijasi xalqaro hamjamiyatga yetkazildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi xalqaro tajribani o‘rganish asosida yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.

Manbaa UZA