+998 55 518 57 77

“Mediatorning kasbiy samaradorligini oshirishda psixologik kompetensiyaning o‘rni va ahamiyati”

23.04.2026 58

Zamonaviy sharoitda jamiyatda yuzaga kelayotgan turli ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy munosabatlar natijasida nizolarning ortib borishi mediatorlik institutining ahamiyatini yanada oshirmoqda. Mediatsiya huquqiy, ta’lim va ijtimoiy sohalardagi nizolarni hal qilishning samarali vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu jarayonda mediator shaxsi, uning kasbiy kompetensiyalari, xususan, kasbiy kompetensiyaning ajralmas qismi bo‘lgan psixologik kompetentlik markaziy o‘rinni egallab, alohida muhim rol o‘ynaydi.

Mediator – mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs bo‘lib, u nizoli tomonlar o‘rtasida betaraf vositachi sifatida ularning o‘zaro maqbul yechim topishiga yordam beradi.

Mediatorning muvaffaqiyati uning huquqiy bilimlari bilan bir qatorda psixologik kompetensiyaham bevosita bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan, mediator faoliyatida psixologik omillarning o‘rni atroflicha ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Mavzuning dolzarbligi shundaki, mediatsiyaning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan tartib-qoidalarni bilishi, xuquqiy mobilligi bilan bir qatorda balki mediatorning tomonlarning hissiy holatini boshqarish, ishonchni shakllantirish va konstruktiv, samarali hamkorlikni ta’minlash qobiliyatiga ham bog‘liq.

Professional mediatorga nizolarni samarali hal qilish uchun advokat yoki sudya roliga o‘tmasdan, jarayonni to‘g‘ri tashkil etish imkonini beruvchi bir qator huquqiy ko‘nikmalar zarur. Mediatorning asosiy yuridik va psixologik ko‘nikmalariga quyidagilar kiradi: Mediatsiya to‘g‘risidagi qonunchilikni bilish: Tomonlarning tamoyillari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, tartib-taomil asoslarini tushunish; Mediativ kelishuvni tuzish ko‘nikmalari: Tomonlarning kelishuvlarini huquqiy jihatdan savodli, aniq va bajariladigan hujjatga aylantirish qobiliyati;

Nizoning huquqiy, psixologik va konfliktologik tahlili: Kelishuv tuzishning xavf-xatarlarini, huquqiy oqibatlarini baholash va nizoning huquqiy tabiatini aniqlash qobiliyati; Taraf yoki ularning vakillariga tartib- qoida masalalarini tushuntirish: Mediator tomonlarga ularning qarorlarining huquqiy oqibatlarini, tartib-qoidani o‘tkazish tartibini va jarayonning maxfiyligini tushuntirishi lozim. Huquqiy va psixologik-kommunikativ ko‘nikmalardan foydalanish: Muzokaralarni boshqarish, hissiyotlarni nizoning huquqiy mohiyatidan ajratish, tomonlarning teng huquqliligini ta’minlash. Mediatorning yuqorida qayd etilgan asosiy yuridik ko‘nikmalari bilan bir qatorda psixologik ko‘nikmalari, umumiy psixologik kompetensiya ko‘nikmalari rivojlangan bo‘lishi muhimdir.

Mediatorning psixologik kompetensiyasi tushunchasi. Mediatorning psixologik kompetensiyasi - bu mediatorning shaxs psixologiyasiga oid bilimlari, ko‘nikmalari va amaliy malakasining integrativ sifati bo‘lib, psixik jarayonlarni samarali tushunishni ta’minlovchi, kognitiv, emotsional, xulq-atvor, refleksiv komponentlar, emotsional o‘zaro ta’sir, psixologik bilimlarni amalda qo‘llash, o‘z-o‘zini refleksiya qilish qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Psixologik kompetentlik tuzilmasining umumiy sxemasining tahliliga ko‘ra, psixologik kompetentlik o‘zaro bog‘liq to‘rtta tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: Kognitiv - psixologik bilimlar tizimi konfliktologiya asoslari; Kognitiv komponentning ahamiyati.

Psixologik kompetentlikning kognitiv komponenti psixik jarayonlarni, insonlarning xulq-atvorini tushunishni va psixologik bilimlarni kasbiy va shaxslararo faoliyatda samarali qo‘llashni ta’minlaydigan psixologik bilimlar, tasavvurlar va intellektual ko‘nikmalar tizimidir. Bu shaxsga psixik jarayonlarni, odamlarning xatti-harakatlarini tushunishga va psixologik bilimlarni faoliyatda samarali qo‘llashga imkon beradigan psixologik bilimlar va intellektual ko‘nikmalar majmuidir. Kognitiv komponentning mohiyati. Kognitiv komponent shaxsning kognitiv sohasi bilan bog‘liq. U inson ruhiyati, xulq-atvor qonuniyatlari, shaxslararo munosabatlar, psixologik muammolarni hal etish yo‘llari haqidagi bilimlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu komponentning asosiy vazifasi psixologik hodisalarni tushunish va tahlil qilishdir. Kognitiv komponentning asosiy elementlari: - psixik jarayonlar (idrok, xotira, tafakkur, his-tuyg‘ular) haqidagi bilimlar; shaxs va uning rivojlanishi to‘g‘risidagi bilimlar; shaxslararo munosabatlar haqidagi bilimlar. Inson xulq-atvorini tushunish, xatti-harakatlarning sabablarini tushuntira olish; psixologik vaziyatlarni tahlil qilish. Psixologik fikrlash odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilish va talqin qilish qobiliyati; psixologik nazariyalarni amaliyotda qo‘llay olish. Psixologik usullardan xabardorlik, psixologik yordam usullarini tushunish. Kognitiv komponent psixologik kompetentlikning asosi hisoblanadi, chunki: inson psixologiyasi tushunchasini shakllantiradi; muloqot vaziyatlarini to‘g‘ri baholashga yordam beradi; kasbiy faoliyatda asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Kognitiv komponent funksiyalari. Kognitiv komponent bir nechta funksiyalarni bajaradi: kognitiv - psixologik bilimlarni olish va tizimlashtirish; tahliliy - psixologik vaziyatlarni tahlil qilish; prognostik - odamlar xulq-atvorini prognoz qilish; amaliy - bilimlarni kasbiy faoliyatda qo‘llash. Emotsional - hissiyotlarni tushunish va tartibga solish emotsional intellekt; empatiya (hamdardlik qobiliyati); stress va emotsiyalarni boshqarish. Xulq-atvor (faoliyatga oid) - bilimlarni amalda qo‘llash. Refleksiv - o‘z-o‘zini tahlil qilish va takomillashtirish qobiliyati.

Psixologik kompetentlik kasbiy vazifalarni samarali hal qilish imkonini beruvchi bilim, ko‘nikma va shaxsiy fazilatlarni o‘z ichiga olgan integral shaxsiy-kasbiy ta’lim sifatida qaraladi. U quyidagi tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi: shaxs va guruhlar psixologiyasini tushunish; o‘z-o‘zini aks ettirish qobiliyati; o‘z his-tuyg‘ularini boshqara olish; boshqa odamlar bilan samarali muloqot qilish ko‘nikmalari. Mediator uchun ushbu ko‘nikmalar muzokara jarayonida muhimdir. Mediator faoliyatida psixologik kompetensiyaning o‘rni.

1. Nizoni chuqur anglash; Psixologik bilimlar mediatorga nizoning faqat tashqi emas, balki ichki - emotsional va shaxsiy sabablarini ham tushunish imkonini beradi. Bu esa nizoning shakllanishiga sababchi bo‘lgan omilga yetib borishga yordam beradi.

2. Ishonch muhitini shakllantirish; Mediator tomonlarning ishonchini qozona olishi kerak. Buning uchun: ochiq muloqot, ijobiy ma’noda psixologik ta’sir o‘tkazish, faol tinglash, samarali muloqot, empatiya, psixologik plastik xolatga o‘zini va taraflarni keltira olish, xolislik kabi psixologik ko‘nikmalar talab etiladi.

3. Emotsiyalarni boshqarish; Nizo jarayonida ishtirokchilar ko‘pincha stress, frustratsiya va disfunksional emotsiyalarni boshdan kechiradi.

Mediator: konfliktli vaziyatni kognitiv qayta baholash, vaziyatga nisbatan emotsional reaksiyani yumshatish, agressiyani minimallashtirish; psixologik barqarorlikni saqlash, barqaror psixo emotsional muhit yaratish orqali jarayonni samarali boshqaradi.

4. Samarali muloqotni ta’minlash;

Psixologik kompetensiya mediatorga tomonlar o‘rtasida to‘g‘ri va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bu esa tushunmovchiliklarni kamaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, mediatorning kasbiy samaradorligi uning psixologik kompetensiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Psixologik bilim va ko‘nikmalar mediatorga nizolarni chuqur anglash, tomonlar bilan ishonchli munosabat o‘rnatish va samarali muloqotni tashkil etish imkonini beradi. Shuning uchun mediatorlarni tayyorlash jarayonida psixologik tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratish zarur, psixologik kompetentlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qaralishi lozim, chunki aynan u ularning faoliyati samaradorligini va nizolarni hal qilish sifatini belgilaydi. Psixologik kompetentlik mediatorning kasbiy tayyorgarligining asosiy elementi hisoblanadi. U mediativ jarayonning muvaffaqiyatli o‘tkazilishini ta’minlovchi bilim, ko‘nikma va shaxsiy sifatlarning murakkab tizimidir.

 

 

Xojimuhamedova Dilbar Rixsiboevna

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini

oshirish instituti katta o‘qituvchisi