ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada muallif vositachilik institutining mohiyatini nazariy va amaliy jixatdan tahlil etgan xamda mazkur institutning rivojlanish tarixini xorijiy mamlakatlar qonunchiligi misolida yoritib bergan. Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar sharoitida fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solishning nazariy va amaliy muammolarini nazariy-metodologik va amaliy jihatdan o‘rganishning dolzarbligi haqida fikrlar bildirilgan.
Kalit so‘zlar: vositachilik, vositachilik instituti, vakillik, vakolat, shartnoma, savdo, tovar, huquqiy konstruksiya, komitent, kolliziya.
Ma’lumki, kishilik jamiyatining har bir bosqichida muayyan ijtimoiy munosabatlar uchun o‘ziga xos huquqiy konstruksiyalar muhim o‘rin tutgan. Masalan, dastlabki qabilaviy tuzumda qabila nomidan uning oqsoqollari va harbiy boshliqlari harakat qilgan bo‘lsalar, quldorlik jamiyatida quldorlar o‘z qullariga nisbatan barcha amaliy va yuridik harakatni amalga oshirishga haqli bo‘lganlar.
O‘zbekiston tarixi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan huquqiy manbalardan biri hisoblangan Avesto kitobida ham qabila oqsoqollari va urug‘ boshliqlari o‘z qabila a’zolari nomidan boshqa qabiladagilar bilan munosabatlarga kirishganliklari va qabila ishlarini to‘liq nazorat qilganliklari qayd etiladi. Keyinchalik xususiy mulkchilikning rivojlanishi va individual shaxsning, oilaning mulki va manfaatlari jamoat mol-mulki va manfaatlaridan ajratilgach bir shaxsning boshqa shaxs manfaatlari uchun o‘z nomidan harakat qilish munosabatlari shakllana boshladi. Dastlab, muayyan kishining nomidan va uning mablag‘lari hisobidan boshqa shaxs ishonchli kishi – vakil sifatida ishtirok etish munosabati shakllangan bo‘lsa, jamiyat a’zolari va iqtisodiy muomala ishtirokchilari o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarning murakkablashib borishi natijasida muayyan bilim va malakaga ega bo‘lgan shaxslar boshqa kishilar manfaatini ko‘zlab o‘z nomidan biroq o‘ziga topshiriq bergan shaxs foydasiga turli bitimlar tuzish, mol-mulklarni sotib olish yoki sotish kabi xizmatlarni taklif qila boshladilar.
Albatta vositachilik munosabatlarining ilk kurtaklari qadimgi quldorlik davrida ham u yoki bu ko‘rinishda mavjud edi. Huquqshunos olim B.Topildievning fikricha, Rim quldorchilik davlatining asosiy huquqlaridan biri bo‘lgan Rim fuqarolik huquqi asoslari o‘zining individual xarakteri, ya’ni xususiy mulk huquqi institutining chegaralanmaganligi bilan iqtisodda hukmron bo‘lgan sinflarga quldorlarga, savdogar-boylarga keng huquq va imkoniyatlarni yaratishi bilan ajralib turgan. Uning o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri shartnoma institutining keng asosda qo‘llanilishidir. Shartnomalarning yangi shakllarini ishlab chiqish, amaliyotga tadbiq etish, shartnoma shartlarini real va lozim darajada bajarishni ta’minlash, ayniqsa shartnoma sub’ektlarining teng huquqliligini e’tirof etish, shartnomani bajarmagan shaxsga, qarzdorga eng og‘ir bo‘lgan mulkiy javobgarliklarni qo‘llash asosidan kelib chiqqan.
Xususan, qul quldorning xususiy mulki bo‘lganligi sababli ham nafaqat uning mehnatidan foydalanilgan, balki qulning o‘z xo‘jayini nomidan nafaqat amaliy balki, yuridik harakat qilishi, xo‘jayinning foydasiga va uning nomidan bitimlari tuzishiga yo‘l qo‘yilgan va bu munosabatlarni tartibga solish uchun muayyan huquqiy konstruksiyaga alohida ehtiyoj sezilmagan. Binobarin, qul o‘zining huquqiy holatidan kelib chiqib, faqatgina o‘zi tegishli bo‘lgan xo‘jayinning nomidangina harakat qilishi mumkin bo‘lgan. Patriarxal rim oilasida qul amalga oshirgan harakatlarning yuridik oqibati, shu jumladan u sotib olgan mol-mulk ham xo‘jayinga tegishli bo‘lgan. Shu sababli bu holatda tom ma’nodagi vakillikni qo‘llashning imkoni mavjud bo‘lmagan. Yu.Baronning fikricha, “jus civil” bo‘yicha vakil tomonidan tuzilgan shartnoma vakolat bergan shaxs uchun bevosita hech qanday oqibatni tug‘dirmaydi, agar vakil va uchinchi shaxs o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar aniqlansa, unda vakil shartnoma bo‘yicha o‘z huquqlarini vakolat bergan shaxsga o‘tkazishi yoki vakillik munosabatlaridan kelib chiqadigan o‘z huquqlarini uchinchi shaxsga o‘tkazadi.
Bu holatlarda vositachilik shartnomasiga asos bo‘ladigan bosh qoida sifatida “mandatum” (“manum dare” so‘zidan olingan) xizmat qilgan. Mazkur shartnoma konsensual tusga egaligidan kelib chiqib, K.Mityukov uning mazmunini quyidagicha tavsiflaydi, mazkur shartnoma bir shaxsning ikkinchi shaxs nomidan ishlarni olib borish ikkinchi shaxs esa uning natijalarini qabul qilishga kelishishi yuzasidan tuziladi. Bunda topshiriq (mandatum) vakolat beruvchining barcha ishlari bo‘yicha yoki bir turdagi ishlari bo‘yicha yoxud faqat bitta ishi yuzasidan berilishi mumkin. Albatta bu vaziyatlarni “ishlarni bajarish” iborasi ostida odatdagi maishiy tusdagi topshiriq ijro qilish yoki xo‘jayin-ning uy ishlari va ro‘zg‘or yumushlarini ado etish emas balki, muayyan huquqiy oqibatlarni vujudga keltiruvchi yuridik xatti-harakatni sodir etish nazarda tutilmoqda.
Qadimgi rim grajdanlik huquqi bo‘yicha vositachilik qilish uchun muayyan topshiriq (mandat) ni beruvchi mandant deb nomlansa, uni qabul qilgan tomon mandatar deb nomlangan. Mandant tomonidan berilgan topshiriq muayyan yuridik harakatlarni amalga oshirishni nazarda tutsa, o‘z navbatida mandatar bu topshiriq yuzasidan amalga oshiradigan amaliy hatti-harakatlari e’tirof etiladi.
Mandatumning asosiy huquqiy modeli mandatar tomonidan sodir etilgan bitimlar va dastlab uning uchun vujudga kelgan huquq va majburiyatlar, keyin-chalik mandantga o‘tishi bilan tavsiflanadi. L.Kazansevning fikricha, mandatar dastlab o‘zi uchun vakolat va majburiyatlar tug‘diradigan bitim tuzadi va ushbu bitimni maxsus hujjat – cassio orqali mandantga o‘tkazadi. Mandant mandantar tomonidan qo‘lga kiritilgan natijalarni o‘ziga o‘tkazishga undaydi, boshqa tomondan esa, mandatar ishni olib borishda amalga oshirilgan xarajatlar mandant tomonidan qoplanishini talab qiladi.
Mandatum uchun xos bo‘lgan xususiyatlarning yana bir xususiyati shundaki, mazkur shartnoma bo‘yicha mandant o‘zining kontragenti bo‘lgan mandatardan muayyan foyda olishni nazarda tutmagan. Mazkur shartnomaning muhim jihati mandatarning mandant topshiriqlarini bajarishga uning mandantga bo‘lgan shaxsiy munosabatlari: qarindoshligi, do‘stligi, birgalikdagi faoliyati hisoblangan va muayyan pulni undirish nazarda tutilmagan. Alohida erkin kasb egalari – olimlar, vrachlar, yuristlar, aktyorlarning mandatar sifatida ishtiroki ushbu qoidadan istisno tariqasida qo‘llanilgan. Bunda ushbu kasb egalari gonorar deb nomlanadigan to‘lov to‘langan hamda bu holat pul to‘lash majburiyatdan farq qilib, amalga oshirilgan xizmat, chekkan zahmatlar uchun rag‘batlantirish vositasi, o‘ziga topshirilgan ish bilan band bo‘lgan paytda yashash uchun berila-digan oziq ovqatlar haqi sifatida ko‘rilgan. Xizmat ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha haq to‘lashning cheklanganligi ushbu munosabatlarning shaxsni yollashga aylanib ketgan. Binobarin, Gay Institutsiyalarida qayd etilishicha “e’tibor berish lozimki, topshiriq bo‘yicha da’volar agar topshiriq tekinga amalga oshirilsa, ahamiyat kasb etadi, biroq topshiriq uchun haq belgilangan bo‘lsa, unda ijara (yollash) amalga oshadi, ya’ni kiyim tozalash uchun yuvuvchiga yoki tikish uchun tikuvchiga berishdagi kabi”. Albatta bunday yollash yoki ijara asosan mehnat shartnomasiga ancha yaqin bo‘lgan. Biroq, qadimgi rimda vositachilik uchun eng muhimi bu shartnomaning tekinga amalga oshirilishi bo‘lib xisoblangan.
Musulmon huquqida ham vakillik va vakolat berish yo‘li bilan muayyan ishni amalga oshirishga bo‘lgan topshiriq berish munosabatlari o‘zaro kelishuv va shartnoma tuzish orqali namoyon bo‘lgan. Xususan, musulmon huquqiga ko‘ra, vakolat – bir kishining o‘z ishni tasarruf qilmoqni boshqa bir kishiga topshirishidir. Vakillik yoki vositachilikning shartlari, vakil bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsga qo‘yiladigan talablar, vakolat berish huquqining vujudga kelish asoslari, vakil amalga oshirgan yuridik harakatlar natijasiga bo‘lgan huquqlar, vakil tuzgan shartnoma va bitimlarning haqiqiyligi shartlari, vakil va u bilan bitim tuzgan shaxsning huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish qoidalari musulmon huquqida atroflicha tartibga solinganligini ko‘rish mumkin. Masalan, shariat qonunlariga qisqacha sharh hisoblangan Muxtasarda vakil qilishning uchta sharti borligi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, avvalo vakil qiluvchi ishning egasi yoki xo‘jayin tarafidan tayin etilgan kishi bo‘lib, buyurilgan qadar ishni bajarishga molik bo‘lmog‘i lozim. Ikkinchidan, vakilning o‘ziga topshirilgan ishni komil biladigan darajada aqli bo‘lmog‘i shart. Uchinchidan, vakil bu ishni bajarishga haqiqiy qasd qilmog‘i kerak [8].
Darhaqiqat, dastlabki davlarda savdo munosabatlarini amalga oshirish muayyan hududlarda va bevosita savdogarlarning o‘zlari tomonidan amalga oshirilgan. Kishilik o‘rtasidagi aloqalar geografiyasi kengayib borishi munosa-bati bilan uzoq o‘lkalarga qatnab savdo qilish va shu orqali katta daromad olish mumkin bo‘lgan. Bu esa sekin-astalik bilan savdogarlarning o‘z o‘rinlaridan savdo ishlariga layoqatli, sog‘lom va baquvvat kishilarni o‘zlari uchun muayyan tovarlarni sotib olib kelish uchun jo‘natish imkonini bergan. Aynan shu davrlardan boshlab esa mazkur turdagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish zaruriyati vujudga kela boshladi va o‘rta asrlarda shunday normalar qabul qilina boshladi. Vositachilik bilan bog‘liq huquqiy qoidalar dastlab 1589 yilgi Genuya va 1603 yilgi Gamburg statuslarida o‘z ifodasini topdi. Ingliz-amerika huquq tizimidagi bevosita va bilvosita vakillik ham agentlik shartnomasi sifatida e’tirof etilishidan farqli ravishda vositachilik shartnomasi qit’a huquq tizimiga mansub davlatlarda keng rivoj topdi.
Vositachilik shartnomasining Fransiyada huquqiy tartibga solinishi Fransiya savdo kodeksi (FSK) orqali amalga oshiriladi. FSK tegishli bob yollanma xizmatchi to‘g‘risidagi va undan alohida vositachi haqidagi normalarni o‘zida ifodalaydi. Vositachiga bag‘ishlangan ikkita umumiy moddadan dastlab-kisi qarama-qarshilikdan xoli emas. U ikki qismdan iborat. Birinchi qismda vositachi o‘z nomidan, lekin komitent hisobidan harakat qilishi belgilangan bo‘lsa, bu vositachilik uchun an’anaviy bo‘lgan huquqiy konstruk-siyadan keyin komitent nomidan harakat qiladigan vositachining huquq va majburiyatlari Grajdanlik kodeksining III kitob XIII Titulidagi “Topshiriq to‘g‘risida”gi tegishli normalari bilan tartibga solinishi ko‘rsatilgan. Agar FSK tegishli bobining birinchi moddasi vakilning xatti-harakatlarini belgilasa, o‘z-o‘zidan qarama-qarshilik ko‘zga tashlanadi.
Germaniya Savdo tuzuklarida ham vositachilik bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar o‘z ifodasini topgan bo‘lib, bunda komitent sifatida ishtirok etayotgan shaxs o‘z nomidan shartnoma va bitimlarning huquqiy oqibatini qabul qilishga haqli hisoblanadi.
Mamlakatimiz fuqarolik qonunchiligida vositachilik huquqiy munosabat-lari ham o‘ziga xos tarixiy jarayonni bosib o‘tganligini qayd etish lozim. Sobiq ittifoq davrida vositachilik shartnomasi asosan fuqarolarga tegishli mol-mulklarni vositachilik do‘konlarida sotish munosabatlari sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, bugungi kunda vositachilik shartnomasi tadbirkorlik faoliyati-ning o‘ziga xos turi sifatida amalga oshirilmoqda. Binobarin, amaldagi qonunchilikka muvofiq vositachilik iqtisodiy munosabatlarning deyarli barcha sohalarida keng qo‘llaniladi va shartnomaviy aloqalarni faollashtirish muhim o‘rin tutadi.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlari himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish bo‘yicha birinchi darajali maqsad va vazifalar sifatida belgilangan.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar sharoitida fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solishning nazariy va amaliy muammolarini nazariy-metodologik va amaliy jihatdan o‘rganish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga qaramasdan vositachilik munosabatlarini rivojlanishi, huquqni qo‘llash va sud amaliyotida yuzaga kelayotgan nizolarni hal qilishda vositachilik shartnomasi taraflari o‘rtasidagi munosabatlarga shu kunga qadar lozim darajada e’tibor qaratilmaganligi oqibatida ularning bajarilmas-ligiga yoxud buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Ba’zi hollarda vositachilik munosabat-lariga oid huquqiy normalarni qo‘llash jarayonida ayrim muammolar vujudga kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida “fuqarolik huquqiy munosabatlar ishtirok-chilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi fuqarolik qonunchiligidagi huquqiy bo‘shliq-lar va kolli-ziyalarni bartaraf etish” vazifalari belgilab qo‘yilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish muayyan darajada vositachilik munosabatlarini huquqiy tartibga solish mexanizmini fuqarolik qonun hujjatlarida belgilab qo‘yish orqali amalga oshiriladi.
Bugungi kunda iqtisodiy munosabatlarning murakkablashuvi hamda fuqaro-lik huquqining jadal rivojlanishi vositachilik shartnomasidan foyda-laniladigan sohalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Vositachilik munosabat-larida mavjud muammolar hozirgi iqtisodiy shart sharoitlarda shartnomaning qo‘llanish sohalarini belgilash, shuningdek vositachilik shartno-masi qo‘llanish jarayonida vujudga keladigan muammolarni hal etish maqsadida mazkur shartnomaviy majburiyatning huquqiy tabiatini va ularni rivojlanish tarixini tadqiq etishni taqazo etmoqda. Bu borada bugungi kunda ayrim huquq-shunos olimlar tomonidan ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Shu ma’noda, vositachilik munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish asoslari, bozor munosabatlari tizimida vositachilik shartnomasi namoyon bo‘lishining o‘ziga xos xususiyatlari, shartnomaning qo‘llanish sohalarini belgilash, hamda asosiy shartlarini tavsiflash, taraflarning huquq va majbu-riyatlari hamda shartnoma shartlarini buzganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik muammolarini o‘rganish, vositachilikning tadbirkorlik faoliyati sifatida o‘ziga xos xususiyatlari ochib berish, vositachilik faoliyatini amalga oshirishning fuqarolik-huquqiy asoslarini takomillashtirish dolzarb vazifa bo‘lib hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, vositachilik munosabatlari har doim fuqarolik huquqi sub’ektlarining huquq va manfaatlarini amalga oshirishda, sub’ektlarning shartnomaviy aloqalari yordamida fuqarolik-huquqiy muomalaga kirishishlarida asosiy vositalardan biri hisoblanadi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malaksini oshirish instituti katta o‘qituvchisi
Jo‘raev Javlonbek Norboboyevich
javlon-juraev@mail.ru


