+998 71 200 02 35

Ilmiy kengash


O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi

 Yuristlar malakasini oshirish markazining

 Ilmiy kengashi to‘g‘risida

NIZOM

 Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 531-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi)ning Ustaviga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining  Ilmiy kengashi (bundan buyon matnda - Ilmiy kengash deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.

 1-bob. Umumiy qoidalar 

1. Ilmiy kengash Markaz faoliyatiga taalluqli muhim masalalarni hal qilish uchun tuziladigan, Markazning kollegial boshqaruv organi hisoblanadi.

2. Ilmiy kengash o‘z faoliyatida tegishli qonun hujjatlari talablariga, Markazning Ustaviga hamda mazkur Nizomga amal qiladi. 

2-bob. Ilmiy kengashning maqsadi, vazifalari va Vakolatlari 

3. Ilmiy kengashning maqsadi Markazning faoliyati va imkoniyatlarini O‘zbekiston Respublikasining kadrlar tayyorlash va ta’lim to‘g‘risidagi qonunlari va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni bajarishga, huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablari darajasida mukammal bilim, malaka va kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lgan professional mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yo‘naltirishdan iborat.

4. Ilmiy kengash:

mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar va sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish hamda huquqshunos mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarini hal qiladi;

ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama qiladi va Markaz nomidan xulosa beradi;

Markaz ilmiy tadqiqotchilarining mavzularini tasdiqlaydi, ularni kafedralarga biriktiradi;

kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar o‘tkazadi;

professor-o‘qituvchilarni ilmiy unvonlarga tavsiya qiladi;

belgilangan tartibda Markazning faxriy doktori darajasini beradi;

namunaviy o‘quv dasturlarini ko‘rib chiqadi;

Markaz, uning tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini ko‘rib chiqadi.

Ilmiy kengash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z vakolati doirasida boshqa vazifalarni ham bajaradi.

5. Ilmiy kengash o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi vakolatlarga ega:

Markazda o‘quv jarayonlari Yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablari asosida tashkil etilishini ko‘rib chiqish;

professor-o‘qituvchilar va kafedra mudirlari lavozimlarini egallash uchun tanlovlarni tashkil etish;

professor, dotsent ilmiy unvoniga talabgorlarning hujjatlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim   etish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama qilish va natijalari bo‘yicha xulosa berish;

respublika va xorijiy davlatlarda sud-huquq sohasidagi islohotlarda va yuridik fanning rivojlanishida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, zamonaviy huquqshunos kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, huquqshunoslik sohasidagi ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik ishlariga katta hissa qo‘shgan shaxslarga Markazning faxriy doktori darajasini berish;

professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarni xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalari va tashkilotlarida malakasini oshirish hamda stajirovkaga yuborish uchun tavsiya qilish;

doktorlik dissertatsiyalari mavzularini tasdiqlash;

ilmiy tadqiqotchilarni kafedralarga biriktirish va ularga ilmiy maslahatchilar tayinlash;

ilmiy-tadqiqot mavzulari va loyihalarini ko‘rib chiqish;

Markaz faoliyatini rivojlantirishning joriy (yillik) va istiqbol rejalarini tasdiqlash, moliya-iqtisod faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish;

huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga oid davlat siyosatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy ishlarni tashkil qilish va ularni takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqish;

huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yangi yo‘nalishlarini kiritish haqida takliflar tayyorlash;

sud-huquq tizimining dolzarb muammolari bo‘yicha davriy, ilmiy-nazariy va amaliy nashrlar chop etish bo‘yicha takliflar berish;

huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning turdosh ta’lim muassasalari bilan belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qilish.

Ilmiy kengash qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 

3-bob. Ilmiy kengash faoliyatini tashkil etish 

6. Ilmiy kengash Markaz direktori, uning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladi. Uning tarkibi Markaz direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

7. Ilmiy kengashga Markaz direktori raislik qiladi. Markaz direktori yo‘qligida Ilmiy kengashga uning o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari raislik qiladi.

8.  Ilmiy kengash taqdimiga muvofiq Markaz direktorining buyrug‘i bilan Ilmiy kengashga kotib tayinlanadi.

Ilmiy kengash kotibi  Ilmiy kengash faoliyatiga doir hujjatlarni yuritadi.

9. Ilmiy kengash o‘z faoliyatini yillik ish rejasiga muvofiq tashkil qiladi.

10. Ilmiy kengashning ish rejasi va qabul qilingan qarorlarning bajarilishi ustidan umumiy nazorat Ilmiy kengash raisi tomonidan amalga oshiriladi. 

4-bob. Ilmiy kengash majlislarini o‘tkazish
va qaror qabul qilish tartibi

 11. Ilmiy kengash majlislari zaruratga qarab, lekin har uch oyda kamida bir marta chaqiriladi. Ilmiy kengashning majlislari uning raisi tomonidan yoki Ilmiy kengash a’zolarining kamida uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqiriladi.

12. Ilmiy kengash majlisi o‘tkaziladigan sana, joy va kun tartibiga oid masalalar to‘g‘risida Ilmiy kengash kotibi Ilmiy kengash a’zolarini majlisdan kamida uch kun oldin xabardor qiladi.

13. Ilmiy kengash majlisi unda Ilmiy kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

14. Ilmiy kengash majlisi majlis kun tartibini muhokama qilish bilan boshlanadi. Kun tartibi Ilmiy kengash raisi tomonidan ovozga qo‘yiladi va tasdiqlanadi. Ilmiy kengash a’zolari muayyan masalani kun tartibiga kiritish haqida taklif kiritishga haqli.

15. Ilmiy kengash majlisida Ilmiy kengash kotibi tomonidan bayonnoma yuritiladi. Bayonnoma Ilmiy kengash raisi va Ilmiy kengash kotibi tomonidan imzolanadi.

16. Ilmiy kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan hollarda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

17. Ilmiy kengash qarorlari Markaz direktorining buyruqlari bilan amalga kiritiladi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi Ilmiy kengashining 2019 yil 18 oktyabrdagi                2-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan

 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi

Yuristlar malakasini oshirish markazi Ilmiy kengashi

T A R K I B I

t/r

F.I.Sh.

Lavozimi va ilmiy unvoni

1

Burxanov Kutbidin Nukritdinovich

Markaz direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, Kengash raisi,

2

Otajonov Abrorjon Anvarovich

Markaz direktorining o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, yu.f.d., professor, Kengash raisi o‘rinbosari

3

Islamov Kenja Raxmatovich

Markaz direktorining moliya iqtisod va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

5

Toshev Boboqul Norqobilovich

 

Markazning Qonunchilik texnikasi va korrupsiyaga qarshi ekspertiza kafedrasi mudiri, yu.f.d., Kengash kotibi

6

Alimov G‘aybulla Alimovich

Markazning jinoyat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, Markaz kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, yu.f.n., dotsent

7

Adilkoriyev Xojimurod Tuxtamurodovich

Markazning Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, yu.f.d., professor

8

Saidova Lola Abduvoxidovna

Markazning Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi mudiri, yu.f.d.

9

Isroilov Boxodir Ibragimovich

Markazning Ijtimoiy fanlar va psixologiya, yuridik etika kafedrasi mudiri, i.f.d., professor

10

Maripova Sevarxon Aripjanovna

Markazning Fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, dotsent

11

Okyulov Omonboy

Markazning Fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yu.f.d.

12

Xasanov Shavkatbek Haybatullayevich

 

O‘quv jarayonini tashkil etish va nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

13

Goroxov Artem Andreyevich

Markaz Yoshlar yetakchisi