O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatining har bir bosqichi mamlakatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat xizmatchilari va huquqshunoslarning kasbiy salohiyatini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish yo‘lida muhim izlar qoldirmoqda. Institut endi yanada keng qamrovli, innovatsion va amaliy yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini taqdim etmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda halollik vaksinasi
Jamiyatimizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida institut bir necha chuqur o‘ylangan kurslarni ishlab chiqdi. “Halollik vaksinasi” tamoyili tamoyili asosida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq” bo‘yicha maxsus o‘quv kurs davlat organlari xodimlariga nafaqat qonuniy bilimlarni, balki axloqiy mustahkamlik va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish ko‘nikmalarini ham o‘rgatadi. Bu kurslar korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi oldini olish va xizmat etikasini o‘z ichiga olgan holda, xodimlarni eng yuqori halollik standartlari bilan qurollantiradi.
Raqamli davr uchun huquqshunoslar: Legal Tech va sun’iy intellekt
Bugungi kun raqamli texnologiyalar tez rivojlanib borayotgan davrda huquqshunoslar ham zamonaviy vositalar bilan qurollanishlari zarur. Institut tomonidan taklif etilayotgan “Legal Tech va sun’iy intellekt” o‘quv kursi huquqiy soha mutaxassislarini raqamli voqelikka tayyorlashga qaratilgan. Bu kursda tinglovchilar sun’iy intellekt asosida sud qarorlarini tahlil qilish va prognozlash, yuridik jarayonlarni avtomatlashtirish, elektron hujjat aylanishi tizimlaridan samarali foydalanish kabi eng dolzarb mavzularni o‘rganadilar. Yurist faoliyatida zamonaviy kasbiy ko‘nikmalar va sun’iy intellekt bo‘yicha kengaytirilgan kurs esa nafaqat nazariy bilimlarni, balki real amaliy vaziyatlarni ham o‘z ichiga oladi. Tinglovchilar raqamli voqelikda huquqiy xizmatlarni ko‘rsatish, onlayn platformalarda ishlash va kiberxavfsizlik masalalarini tushunish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mediatsiya - nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish san’ati
Jamiyatimizda sudgacha nizolarni hal qilish mexanizmlarini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Institutning mediatorlikka tayyorlov kursi bu sohada mutaxassislar tayyorlashning eng samarali yo‘lidir. 40 soatlik o‘quv kursi davomida tinglovchilar nizolarni hal qilishning muqobil usullari, muloqot psixologiyasi, mediatsiya jarayonining huquqiy asoslari va amaliy ko‘nikmalarini egallaydilar. Maxsus ishlab chiqilgan “Mediatorning psixologik kompetensiyasi” kursi esa bu sohada ishlayotgan mutaxassislarning professional salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Nizolarni hal qilishning muqobil usullari bo‘yicha qisqa muddatli kurslar esa sudyalar, advokatlar va yuridik xizmat xodimlariga ham ochiq.
Murojaatlar bilan ishlash - xalq ishonchini mustahkamlash asosi
Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish yo‘nalishi institut faoliyatining muhim qismidir. Bu kurs fuqarolar bilan samarali muloqot qilish va ularning huquqlarini to‘liq himoya qilish tamoyillarini singdiradi.
Yangi Mehnat kodeksi - zamonaviy mehnat munosabatlarining asosi
2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mehnat munosabatlarida muhim o‘zgarishlarni joriy etdi. Institut tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi Mehnat kodeksini o‘rganish: muammo va yechimlar” kursi ushbu o‘zgarishlarni chuqur tahlil qiladi va amaliy qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Bu kurs nafaqat yuristlar, balki HR mutaxassislar, rahbarlar va mehnat huquqi bilan duch keladigan barcha xodimlar uchun zarurdir.
Kiberxavfsizlik va raqamli huquq
Raqamli texnologiyalar rivojlanishi bilan kiberjinoyatlar xavfi ham oshmoqda. “Kiberjinoyatlar uchun javobgarlik va ulardan himoyalanish masalalari” kursi davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini kibertahdidlardan himoyalanish, shaxsiy ma‘lumotlarni muhofaza qilish va axborot xavfsizligi standartlarini qo'llash bo'yicha tayyorlaydi. Real vaziyatlarni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Intellektual mulk va raqamli iqtisodiyot
Zamonaviy iqtisodiyotda intellektual mulk tobora muhim rol o‘ynamoqda. Institutning “IP management” (intellektual mulkni boshqarish) kursi tadbirkorlar, yuristlar va innovatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Tinglovchilar mualliflik huquqi, patent huquqi, savdo belgilari va raqamli kontentni himoya qilish masalalarini o‘rganadilar. Mualliflik huquqlari va turdosh sohalarda qonun hujjatlariga rioya qilish faoliyati bo‘yicha malaka oshiradilar.
Institutning barcha o‘quv kurslari zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tuzilgan. Nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiriladi. Raqamli Institut platformasi tinglovchilarga masofaviy ta’lim olish, o‘z bilim darajasini mustaqil baholash va shaxsiy rivojlanish dasturini shakllantirish imkonini beradi. Kurslar davomida ishtirokchilar simulyatsion mashg‘ulotlar, keyslar tahlillari va real huquqiy vaziyatlarni hal qilish tajribasiga ega bo‘ladilar. Institut xalqaro standartlar va eng ilg‘or xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirgan holda o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi. Har bir kurs yuqori malakali o‘qituvchilar, amaliyotchi yuristlar va ekspertlar tomonidan olib boriladi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti yaqin kelajakda blokcheyn texnologiyalari va smart-shartnomalar, kriptovalyutalar huquqiy tartibga solinishi, ekologik huquq va barqaror rivojlanish va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda yangi kurslar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Institut mahalliy va xalqaro auditoriya uchun ingliz, rus va o‘zbek tillarida kurslarni taklif etish orqali o‘z xizmatlarini yanada kengaytirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
huzuridagi yuridik kadrlarni qayta
tayyorlash va malakasini oshirish instituti
Pedagoglar markazi o‘qituvchisi
YOQUBJONOV Ma’rufjon Odiljon o‘g‘li


