+998 71 200 02 35

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimlarga moddiy madad berish tartibi haqida xabardormisiz?

22.12.2025 71

O‘zbekiston Respublikasida yangi Mehnat kodeksining qabul qilinishi xodimning ijtimoiy manfaatlarini yanada kuchaytirish, mehnat munosabatlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga keng imkoniyat yaratdi. Xususan:

-  mehnat shartnomasini bekor qilish tartibining nisbatan aniq belgilanishi;

- ogohlantirish muddatini kompensatsiya bilan almashtirishning qonuniy mexanizmlarini joriy etish;

- xodimning ishdan bo‘shatilgandan keyingi davrda moddiy ta’minotining kafolatlanishi;

- mehnat organlarida ro‘yxatdan o‘tgan xodimlar uchun qo‘shimcha kafolatlarning yaratilishi ularning ijtimoiy barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.

Mehnat kodeksining 161-moddasida nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish tartibi belgilangan. MKning 165-moddasi birinchi qismi 1-bandiga ko‘ra, ish beruvchi o‘zining mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni kamida 2 oy avval ogohlantirish zarurligi ko‘rsatilgan. Bunda, ushbu ogohlantirish muddatlarini pullik kompensatsiyaga almashtirish ish beruvchining xohishi asosida amalga oshiriladi.

Ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda, xodimning O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan moddiy madad olishga oid qo‘shimcha kafolatlari saqlanib qoladi. Xodim mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ikkinchi va uchinchi oylar davomida ishga joylashmagan taqdirda ilgarigi ish joyidan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan 1999-yil 10-mayda 720-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinib, ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda xodimlarga moddiy madad berish haqida”gi tushuntirishdan ko‘rinib turibdiki, mehnat shartnomasi 1 martdan bekor qilinishi haqidagi bildiruv xati bilan xodim 1-yanvarda yozma tarzda ogohlantirildi. Lekin ushbu ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirildi va xodim bilan mehnat shartnomasi 1-yanvardan bekor qilindi. Xodimga ogohlantirish muddatiga mutanosib ravishda (yanvar, fevral oylari uchun) pullik kompensatsiya va bir oylik (yanvar uchun) ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘landi. Аgarda xodim, ishga joylashmaganligini mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlasa O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan ikkinchi oy (fevral) uchun o‘rtacha oylik ish haqini mart oyida olish huquqiga ega bo‘ladi.

Ushbu xodim, mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng o‘ttiz kalendar kun ichida, yaʼni 2-yanvardan 31-yanvargacha bo‘lgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa va aprel oyida bu to‘g‘risida mehnat organining maʼlumotnomasini taqdim qilsa, unga uchinchi oy (mart) uchun ham ilgarigi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda, xodimga 2 oylik ogohlantirish muddatiga mutanosib ravishda pullik kompensatsiya, 1 oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi va 2-3 oylar uchun esa belgilangan tartibda moddiy madad olish huquqlari mavjud bo‘ladi.

Xodimning mazkur huquqlardan to‘laqonli foydalana olishi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti” to‘g‘risidagi 26-son qarorining 24-bandida ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda xalqaro tajribaga murojaat qiladigan bo‘lsak, Аmerika Qo‘shma Shtatlarida esa ish beruvchi ham xodim ham mehnat shartnomasini istalgan vaqtda hech qanday sabablarsiz va ogohlantirishlarsiz bekor qilishi mumkin. Bu ish beruvchiga katta erkinlik beradi. Biroq mazkur qoida kamsitilishga (millati, jinsi, yoshi, dini va boshqa himoyalangan belgilar bo‘yicha) asoslangan bo‘lishi mumkin emas.

Bizning qonunchiligimizga ko‘ra ish beruvchi o‘zining mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni kamida 2 oy avval ogohlantirish zarurligi ko‘rsatilgan, Germaniya mehnat qonunchiligida esa, xodimlarning ish stajiga va tajribasiga qarab belgilanadi. Bunda ogohlantirish muddati 7 oygacha bo‘lishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligida mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi ish stajiga qarab belgilansa, Germaniya va Ispaniyada ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori xodimning ish staji, oylik maoshi va mehnat shartnomasining bekor qilinish sabablariga ko‘ra belgilanadi. 

Yuqoridagilarga ko‘ra xulosa qiladigan bo‘lsak, ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish jarayonida xodimlarning huquqlarini to‘liq ta’minlash, ularga moddiy madad ko‘rsatish va ogohlantirish muddatlarini to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti mehnat munosabatlarida barqarorlikni ta’minlaydi. Bu esa, bir tomondan, xodimning ijtimoiy himoyasini kuchaytirsa, boshqa tomondan, ish beruvchini mehnat bozoridagi ijobiy imijini saqlab qolishga xizmat qiladi.

 

 

Instituti kotib-ish yurituvchisi

Ergasheva Zulayho Muxammadisroil qizi