+998 71 200 02 35

Davlat boshqaruvi tizimida xodimlarning korrupsiyaga qarshi chidamliligini baholash tizimini joriy etishning huquqiy ahamiyati

23.12.2025 108

Bugungi kunda korrupsiya davlat boshqaruvi samaradorligiga, jamiyatda adolat va ishonch muhitiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biri hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, mazkur sohada izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar davlat boshqaruvi tizimida shaffoflikni oshirish, inson omilini kamaytirish va korrupsion xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan.

Ana shunday muhim islohotlardan biri — davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi chidamliligini baholash tizimini joriy etishdir. Prezident qaroriga muvofiq, davlat boshqaruvi organlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun “korrupsiyaga chidamlilik bahosi” tizimi amaliyotga tatbiq etilishi belgilandi. Mazkur tizim davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatida halollik, mas’uliyat va qonuniylik tamoyillariga rioya etish darajasini aniqlashga xizmat qiladi.

Qarorga asosan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ayrim toifadagi davlat xizmatchilari uchun korrupsiyaga qarshi chidamlilikni baholash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Dastlab ushbu baholash mexanizmi korrupsion xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda, ya’ni moliyaviy resurslar taqsimoti, ruxsat berish va nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi lavozimlarda xizmat qilayotgan xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu esa eng avvalo korrupsiya ehtimoli yuqori bo‘lgan sohalarda profilaktik choralarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Keyingi bosqichlarda esa baholash tizimi kamkorruptsion nazorat ostidagi lavozimlarda faoliyat olib borayotgan xodimlarni ham qamrab oladi. Bu holat korrupsiyaga qarshi kurashishda selektiv emas, balki kompleks va tizimli yondashuv joriy etilayotganidan dalolat beradi. Baholash natijalari asosida xodimlarning xizmat faoliyatiga xolisona baho berilishi, ularning kasbiy va axloqiy mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tizimning muhim jihatlaridan biri — baholash natijalariga ko‘ra aniq huquqiy oqibatlarning belgilanishidir. Jumladan, korrupsiyaga qarshi chidamlilik darajasi past bo‘lgan, xizmat vazifalarini bajarishda qonuniylik va halollik tamoyillariga rioya etmagan xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Bunda ularni egallab turgan lavozimidan chetlatish masalasi ham nazarda tutilgan bo‘lib, bu davlat xizmatida mas’uliyatni oshirish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan qat’iy choradir.

Shu bilan birga, davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha muhim yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan,
2026-yil 1-martdan boshlab barcha davlat organlarida mavjud vakant lavozimlar yagona vakansiya.gov.uz elektron platformasi orqali e’lon qilinishi belgilandi. Nomzodlar mazkur platforma orqali arizalarni onlayn yoki offlayn shaklda topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu mexanizm davlat xizmatiga kirish jarayonlarini raqamlashtirish, subyektiv yondashuv va inson omilini kamaytirish, tanlov jarayonlarining oshkoraligini ta’minlashga xizmat qiladi. Natijada, davlat xizmatiga malakali, halol va professional kadrlarni jalb etish imkoniyati kengayadi, korrupsion holatlar uchun sharoitlar keskin kamayadi.

Xulosa qilib aytganda, xodimlarning korrupsiyaga qarshi chidamliligini baholash tizimining joriy etilishi davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, unda halollik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan muhim institutsional islohot hisoblanadi. Ushbu tizim orqali korrupsiyaga qarshi kurashish faqat jazolash emas, balki oldini olish, baholash va profilaktika qilish asosida tashkil etilmoqda. Bu esa jamiyatda davlat organlariga bo‘lgan ishonchni oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va

malakasini oshirish instituti bosh mutaxassisi

 Moxlaroyim Tolipova