+998 71 200 02 35

Bugun – Xalqaro intellektual mulk kuni

26.04.2021 2841

Intellektual faoliyat va uning huquqiy himoyasi

Insoniyat tafakkuri rivoji bilan yigirma birinchi asrga kelib ilm-fan va texnika taraqqiyoti yanada jadallashdi. Hayotimizga qanchadan-qancha so’nggi rusumdagi texnikalar, axborot-kommunikasiya texnologiyalari kirib keldi. Kompyuter, qo’l telefoni, planshet vositalari yaqin ko’makchimizga aylanib ulgurdi. Internet tarmog’i qulayliklari shu qadar ko’pki, ularni sanab adog’iga yetolmaymiz. Bularning barchasi inson tafakkuri mevasi hisoblanadi. Shunga ko’ra, intellektual mulk har qanday jamiyat taraqqiyotida salmoqli o’rinlardan birini egallaydi.

Inson tafakkurining mahsuli sifatida yaratilgan fan, adabiyot va san’at asarlari hamda sanoat namunalari har bir davlatda huquqiy himoyaga olingan. Bu  toifadagi mahsulotlardan dunyo jamoatchiligi bahramand bo’lishi uchun esa kelishuv va shartnomalar asosida boshqa davlatlarda ham foydalanishga yo’l qo’yilgan. Buning uchun ham milliy, ham xalqaro-huquqiy asoslar va mexanizmlar yaratilgan.

Xalqaro konvensiya, bitim va shartnomalar tizimi samarali tashkil etilganligi sababli, jahon hamjamiyati intellektual mulk obyektlari va uning savdosidan katta miqdorda daromad olmoqda, demakki, g’oyalar, ishlanmalar va shaxsiy huquqlar rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsulotida kattagina ulushga ega bo’lmoqda. Davlatlararo xalqaro hamkorlikni ta’minlash maqsadida esa xalqaro universal hukumatlararo tashkilotlar ham tuzilgan.

1967 yilda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ni ta’sis etish to’g’risida konvensiya qabul va 1970 yil 26 apreldan boshlab konvensiya amal qila boshladi. Mazkur konvensiyada intellektual mulk obyektlari tasnifi berilishi bilan birga, xalqaro tashkilotni tuzish, uning rahbar organlari va faoliyatining huquqiy-tashkiliy asoslari, davlatlarning a’zoligi masalalari ham belgilangan. Xususan, Konvensiyada tashkilotning asosiy organlari – Bosh Assambleya, Konferensiya, Muvofiqlashtiruvchi Qo’mita, Xalqaro Byuro faoliyati va  tashkiliy-huquqiy asoslari yoritib berilgan.

Konvensiyaga ko’ra intellektual mulk deganda, fan, adabiyot, san’at asarlari, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, tovar kelib chiqqan joy va boshqa shularga o’xshagan obyektlar tushuniladi.

1974 yilda BIMTga Birlashgan millatlar tashkilotining maxsus universal tashkiloti maqomi berildi. Shunga ko’ra 2000 yildan boshlab BIMTga a’zo davlatlarida “26 aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni” sifatida nishonlanishga kelishildi. Ushbu bayram munosabati bilan butun dunyoda har yili turli tadbirlar tashkil etib kelmoqda va bayram sanasi oldidan BIMT Bosh direktori dunyo hamjamiyatiga murojaat bilan chiqadi.

Bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlati BIMTning a’zosi hisoblanadi. O’zbekiston 1991 yilda BIMTning a’zosi bo’ldi va o’tgan davrda Sanoat mulkini muhofaza qilish bo’yicha Parij konvensiyasi, Belgilarni xalqaro ro’yxatdan o’tkazish uchun Madrid bitimiga doir Bayonnoma va Protokoli, Patent kooperasiyasi to’g’risida shartnoma, Tovar belgilariga oid qonunlar to’g’risida shartnoma, Patent huquqi to’g’risida shartnoma, O’simliklar yangi navlarini muhofaza qilishga oid xalqaro konvensiya, Patent tadbirlari maqsadlari uchun mikroorganizmlarni deponentlash­tirishni xalqaro e’tirof etish to’g’risidagi Budapesht shartnomasi, Belgilarni ro’yxatdan o’tkazish uchun tovar va xizmatlarning xalqaro tasnifi to’g’risidagi Nissa bitimi, Xalqaro patent tasnifi to’g’risidagi Strasburg bitimi, Sanoat namunalarining xalqaro tasnifini ta’sis etish to’g’risidagi Lokarno bitimi,  Badiiy va adabiy asarlarni muhofaza qilish to’g’risidagi Bern konvensiyasi, Fonogramma tayyorlovchilarining manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to’g’risidagi Jeneva konvensiyasi, JIMTning ijro va fonogrammalar buyicha shartnomasi, JIMTning mualliflik huquqi bo’yicha shartnomasi kabi xalqaro hujjatlarga a’zo bo’ldi.

Mazkur hujjatlar asarlar va ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni chet elda ham muhofaza qilishga va eksport qiluvchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga yordam beradi hamda chet el investisiyalarini milliy sanoatimizga jalb etishga ko’maklashadi.

BIMTning birinchi Bosh direktori sifatida Xendrik Xristian Bodenxauzen (Niderlandiya) 1970-1973 yillarda faoliyat olib borgan bo’lsa,  keyinchalik 1973- 1997  yillarda Arpad Bogsh (Vengriyadan chiqqan AQSh fuqarosi), 1997-2008 yillarda Komil Idris (Sudan) tashkilotga rahbarlik qilgan, 2008 yildan hozirga qadar esa Frensis Gaarri (Avstraliya) rahbarlik qilib kelmoqda.

BIMT bilan O’zbekiston o’rtasida yaxshi xalqaro hamkorlik o’rnatilgan. 1996 va 2000 yillarda JIMT sobiq  Bosh direktorlari Arpad Bogsh va Komil Idris boshchiligida tashkilotning Xalqaro byurosi delegasiyalari rasmiy tashriflari chog’ida O’zbekistonning intellektual mulk huquqiga oid davlat siyosatini olib borishdagi xalqaro nufuzi rasman e’tirof etildi.

O’zbekistonda intellektual mulk huquqini himoya qilishga alohida e’tibor qilinmoqda, uning institusional asoslari takomillashtirmoqda. Xususan, 2019 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tasarrufiga o’tkazildi va uning vakolatlari yanada kengaytirildi, muhim fazifalar yuklatildi. Bugungi kunda Agentlikka intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga bo’lgan huquqlarni himoya qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish, respublika hududiga qalbaki tovarlarning olib kirilishi va aylanishiga chek qo’yishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish, intellektual mulk sohasida davlat va xo’jalik boshqaruv organlari, tadbirkorlik subyektlari bilan manfaatli hamkorlikni ta’minlash, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga ko’malashish asosiy vazifalar sifatida yuklatilgan.

Sohada kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetida “Intellektual mulk” kafedrasi tuzildi. 2019 yildan boshlab mazkur universitetda Intellektual mulk huquqi magistratura yo’nalishi tashkil etildi. Intellektual mulk sohasidagi kadrlar, xususan, patent vakillarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish Yuristlar malakasini oshirish markaziga yuklatilgan.  Chunki, intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, huquq egalariga malakali huquqiy yordam ko’rsatish bevosita zamonaviy fikrlaydigan yetuk kadrlarga bevosita bog’liq.

Intellektual mulkning huquqiy himoyasiga doir qonunchilikni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish milliy iqtisodiyotning innovasion rivoji hamda mamlakatning intellektual ishlab chiqarishi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim o’rin tutadi. Shu bois yangi intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni moddiy qo’llab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovasion bosqichga o’tkazish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ayniqsa, sohada huquqni qo’llash amaliyotini kuchaytirish, huquq egalarining tegishli huquqlariga og’ishmay rioya etish dolzarb vazifalardan bo’lib qolaveradi.

 

Boboqul Toshev,
Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori