+998 71 200 02 35

ALOHIDA TA’LIM EHTIYOJLARIGA EGA BO‘LGAN BOLALARNING HUQUQLARI

21.02.2025 128

Konstitutsiya – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining muhim mezoni bo‘lib, davlatning huquqiy asoslarini belgilaydi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiladi, shuningdek, davlat organlarining vakolatlarini va ularning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi. Darhaqiqat, huquqiy davlatda qonunlar adolatli va shaffof bo‘lishi, xalq davlat organlariga emas, balki, davlat organlari xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak.

Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga amal qiladi va unda belgilangan ijtimoiy adolat, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, adolatli sud tizimi va huquqiy himoya kafolatlanishi adolatni ta’minlashdagi muhim normalar hisoblanadi.

Konstitutsiya inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, har bir fuqaroga teng imkoniyatlar yaratishni davlatning eng muhim vazifalaridan biri sifatida belgilaydi. Inson huquqlariga e’tibor qaratish, taraqqiyotning birinchi mezonidir, chunki fuqarolik jamiyatida har bir fuqaro o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishi kerak.

Bugungi kunda yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ta’limning barcha bosqichlarida yoshlarning mukammal ta’lim olishi, inklyuziv ta’lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Davlatimiz tomonidan jamiyatimizning bir bo‘lagi bo‘lgan alohida yordamga muhtoj bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim-tarbiya berish, ularning sog‘lom bolalar qatoridan o‘rin olib o‘z qobiliyati, imkoniyatlarini ko‘rsata olishiga, ma’naviy kamol topishiga qaratilgan vazifalar chora-tadbirlar asosida amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, Konstitutsiyamizda alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqini ta’minlashga doir norma belgilanib, unga ko‘ra fuqarolarni, ayniqsa, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan bolalarni ta’lim va tarbiya olishi uchun bog‘cha, maktab, oliy ta’lim tashkilotlarida maxsus sharoitlarni yaratish ijtimoiy davlatning vazifalari sifatida e’tirof etilgan.

Ma’lumki, zamonaviy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda inklyuziv ta’lim g‘oyasi, respublika miqyosida uni joriy etish masalalari tez-tez ko‘tarilayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Ta’lim sohasida, ayniqsa, inklyuziv ta’limni rivojlantirish orqali har bir bolaga teng imkoniyatlar yaratish, jamiyatda adolat va tenglikni ta’minlash mumkin. Inklyuziv ta’lim — alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha ta’lim oluvchilar uchun ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishga bo‘lgan teng imkoniyatlarni ta’minlagan holda beriladigan ta’limdir. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Inklyuziv ta’limni joriy qilishning asosiy maqsadi, har bir bolaning shaxsiy ehtiyojlari va qobiliyatlariga qaramasdan, ularni ta’lim jarayonida ishonchli va teng huquqlar bilan ishtirok etishini ta’minlash hisoblanadi.

Inklyuziv ta’limning joriy etilishi jamiyatda tenglik va adolatni ta’minlash, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim va tarbiya, ularning jismoniy va aqliy rivojlanishini hisobga olgan holda tashkil etilishiga, ta’lim olish jarayonida ularni biror-bir shaklda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qiladi. Bolalarni ijtimoiy jihatdan rivojlantiradi, ularning boshqalar bilan muloqot qilishini, turli guruhlarda ishlashini ta’minlaydi. Inklyuziv ta’limni rivojlantirish zamonaviy jamiyatda faqat ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarning emas, balki ijtimoiy, madaniy va psixologik o‘zgarishlarning ham kerakliligiga ishora qiladi. Har bir bola, qanday sharoitda bo‘lmasin, o‘z qobiliyatlarini namoyon etish, ta’lim olish va jamiyatda to‘liq huquqli a’zo bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Sevara Abdimannobova
Yuristlar malakasini oshirish markazi mas’ul xodimi