Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida sezilarli darajada natijalarga erishdik desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Albatta, bu yutuqlarimiz bizlarni quvontiradi, chunki korrupsiyani keskin kamaytirgan davlat rivojlanadi, moddiy resurlar to‘g‘ri taqsimlanadi, aholining ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi, maoshlari oshadi.
Ma’lumki, davlat xizmatchilarining maoshlari, nafaqaxo‘rlarning pensiyalari, aholiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish, ta’lim berish, jamiyatda tartibni saqlash, kam ta’minlangan aholiga moddiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, mudofaa va xavfsizlikka sarflanadigan mablag‘larning manbai davlat byudjeti resurslari hisoblanadi.
Biroq, ommaviy axborot ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda aynan davlat byudjetidan ajratilgan moddiy resurslar talon-toroj qilinishi holatlarining ko‘payganligi va mazkur jinoyatlarni sodir etgan mansabdorlar esa javobgarlikka tortilganligi, o‘zlashtirilgan pullar esa davlat byudjetiga qaytarilgan.
Stastistik ma’lumotlarda keltirilgan raqamlarga qaraganda bir necha minglab mansabdor shaxslarning, shu jumladan, yuqori darajadagi mansabdorlarning pora olgani yoxud davlat mahalliy byudjeti pullarini uzlashtirganligi uchun jazoga tortilganligining guvohi bo‘lmoqdamiz.
So‘zsiz, byudjeti talon-toroj qilingan davlat rivojlanmaydi va qarzga botadi, aholining tinch hayoti va xavfsizligi buzilishiga olib keladi, davlat qarzlarini to‘lash esa kelajakda farzandlarimiz, nabira va evaralarimiz yelkasiga yuk bo‘ladi.
Qolaversa, davlat byudjetini talon-toroj qiluvchi mansabdor shaxslar oila a’zolari bilan hayotning zavqlaridan xursand bo‘lib yashash o‘rniga, oilasi va farzandlari qanday kun ko‘rayotganlarini o‘ylab, vijdonan qiynalib, bir necha yillar davomida to‘rt devor ichida qamalib o‘tirishni lozim deb topadi?
Vaholanki, bugungi kunda davlat xizmatchilarning maoshlari sezilarli darajada oshirilmoqda, va bu faqat boshlanishidir. Chunonchi, mamlakatimizda yaratilgan sharoitlar, qonuniy tarzda katta miqdorda daromad topish uchun keng imkoniyatlar beradi.
Umid qilamanki, noqonuniy boylik orttirishni ko‘zlagan ayrim amaldagi mansabdorlarga insof berib, ular o‘z farzandlarini kelajakda rivojlangan boy davlatda halol mehnat qilib, qonuniy ravishda katta maoshlarga ega bo‘lib, tinch xotirjamlikda yashashlarini istab, davlat byudjetini talon-toroj qilishdan bosh tortadilar.
Rafik Shakurov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish
markazi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi