+998 71 200 02 35

YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA AYBSIZLIK PREZUMPSIYASINING MUSTAHKAMLANISHI

01.11.2023 1172

 

“Oʻz xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang

Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak

marralardan hech qachon ogʻishmasdan doimo oldinga qarab boradi”.

O‘zbekiston Respublikasining  Prezidenti

 Shavkat MIRZIYOYEV

             So‘nggi yillarda yurtimizda jinoyat sodir etishda ayblanotgan shaxslarni, jumladan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlash, asossiz va noqonuniy ayblovlarga chek qoyish borasida bir qator ijobiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2016 – 2022-yillar mobaynida 4 740 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganligi ham buning yaqqol isbotidir.

            O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida, jumladan, uning 28-moddasida “aybsizlik prezumpsiyasi” prinsipi mustahkamlandi. Ushbu moddaning birinchi qismida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilandi. Avvalgi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida esa, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi, deb qayd etilgan edi. Qiyoslab korish mumkinki, mazkur normaga sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha” jumlasi qoshilgan. Bu jumla bilan esa shaxsning jinoyat sodir etishda aybdor yoki aybdor emasligiga oid nuqtani faqat sud qoyishi mumkinligiga urg‘u berilmoqda.

            Aybsizlik prezumpsiyasining o‘zi nima?

            Avvalo, prezumpsiya so‘zining o‘zi lotincha “praesumtio” so‘zidan olingan bo‘lib, taxminga asoslangan “faraz” degan ma’noni anglatadi. Prezumpsiya – aksi tasdiqlanmaguncha biror dalilni yuridik jihatdan to‘g‘ri deb hisoblash sanaladi. Misol uchun, halollik prezumpsiyasi, aybsizlik prezumpsiyasi, ayblilik prezumpsiyasi(nazariyaga ko‘ra fuqarolik huquqida, shuningdek ayrim xorij davlatlarining jinoyat huquqida ham uchraydi) shular jumlasidandir. Huquqiy prezumpsiya esa yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan  muayyan faktlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi farazdir.

            Aybsizlik prezumpsiyasi – aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, uni aybsiz deb faraz qilish. Baʼzan lotincha Ei incumbit probatio qui dicit, non qui negat (isbotni rad etuvchi emas, balki taʼkidlovchi berishi kerak) iborasi bilan ifodalanadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas, chunki O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 86-moddasida ham isbot qilishni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud amalga oshirishi belgilangan. Ayblanuvchi ayblov hukmining eʼlon qilinishi va uning qonuniy kuchga kiradigan vaqtgacha aybsiz hisoblanadi.

            Aybsizlik prezumpiyasi isbotlanishi mumkin boʻlmagan barcha gumonlar ayblanuvchining foydasiga hal boʻlishi kerak, yaʼni birovning jinoyat qilganlikda aybdorligi isbotlanmasligi uning aybsizligi isbotlanganligiga tengdir. Jumladan, amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Aniqrog‘i bu yerda, “shubha javobgarlikka tortishga asos bo’la olmaydi” degan o‘ziga xos qoida yotibdi. Shunga monand normalar Bosh qomusimizning 20 va 28-moddalarida ham mustahkamlandi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 20-moddasi beshinchi qismiga ko‘ra, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi. Asosiy qonunimizning 28-moddasi ikkinchi qismida esa “aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak” deb belgilandi.

            Ayrim manbalarga koʻra, aybsizlik prezumpsiyasining ilk belgilari qadimgi yahudiy qonunlarida boʻlgan. Shuningdek, Qadimgi Rim huquqi bilan bogʻlangan boʻlib, XII asr Italiya huquqida aybsizlik prezumpsiyasi rasman amal qilgan. Bu davrda aybsizlik prezumpsiyasining qoʻllanilishi bugun talqin etiladigan darajada keng boʻlmagan. Yaʼni, hamma ham bu huquqdan foydalana olmagan. Prezumpsiyaning bu shakli tanlov prezumpsiyasi deb atalgan. Undan faqat sharafli, namunali hayot kechirgan hamda yaxshi xulq-atvori bilan tanilgan insonlar, asosan, jamiyatning obroʻli vakillari foydalana olgan, xolos.

            Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan inson huquqlarining asosiy kafolati boʻlgan hujjat – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida ham aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi mustahkamlangan boʻlib, unga ko‘ra,  jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangan holda, ochiq sud majlisi yoʻli bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir. Ushbu normani yanada aniqroq va tushunarliroq talqin etadigan bo‘lsak, aybsizlik prezumpsiyasi mohiyatida “Isbotlanmagan ayb -  isbotlangan aybsizlikka teng” degan xalqaro standart yotadi. 

 

            Mazkur xalqaro huquqiy normaning Konstitutsiyamizda yanada to‘la va aniq tarzda belgilanishi jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan turli tajovuzlarni, noqonuniy ayblovlarni hamda isbotini topmagan  ma’lumotlar, shubhalar asosida javobgarlikka tortishga urunish holatlarini bartaraf qilishda mustahkam huquqiy qalqon bo‘ladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi

 

Jumayev Shohjahon Begimqul o‘g‘li