+998 71 200 02 35

"9-DEKABR – XALQARO KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH KUNI: DOLZARB MASALALAR, ISLOHOTLAR VA ISTIQBOLLAR"

09.12.2025 81

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida belgilangan. Shundan buyon har yili 9-dekabr butun dunyoda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida keng nishonlanib kelmoqda. Bugungi kunda korrupsiya nafaqat iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi, balki davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi, ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi va huquq ustuvorligini izdan chiqaradi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu sohada keng qamrovli va izchil islohotlarni amalga oshirib, jinoyatchilikka qarshi kurashni tizimli tarzda tashkil etishda samarali natijalarga erishib kelmoqda.

Korrupsiya: mohiyati, xavflari va jamiyat uchun oqibatlari.

Korrupsiya lotincha “corruptio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yemirilish”, “buzilish” degan ma’nolarni anglatadi.

Korrupsiya — bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi bo‘lib, u quyidagi jiddiy oqibatlarga olib keladi:

davlat byudjetiga zarar yetkazadi;

biznes muhitini izdan chiqaradi;

investorlar ishonchini pasaytiradi;

ijtimoiy adolat va tenglikka putur yetkazadi;

fuqarolarning davlatga ishonchini zaiflashtiradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash borasida samarali natijalarga erishmoqda. Transparency International nomli mustaqil xalqaro tashkiloti tuzadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida (CPI) mamlakatimiz ko‘rsatkichlari izchil yaxshilanmoqda. Xususan, O‘zbekiston 2017 yili ushbu reytingda 22 ball to‘plagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 32 ballga erishib, 180 davlat orasida 121-o‘rinni egalladi.

Bu oxirgi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar samarasi sifatida qayd etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi: qonunchilik va islohotlar.

O‘zbekistonda keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2017 yili mamlakatda ilk bor «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Unda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning vakolatlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi muhim normalar belgilab berilgan.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining bir qator Qonunlari qabul qilingan, jumladan: “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 11-sentyabrdagi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi 2021-yil 21 apreldagi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi 2018-yil 8-yanvardagi, “Jamoatchilik nazorati”gi 2018-yil 12-apreldagi, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi 2019-yil 10-maydagi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi 2022-yil 8-avgustdagi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi 2023-yil 8-avgustdagi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi 2024-yil 5-iyundagi Qonunlari shular jumlasidandir.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan bir qator Farmon va qarorlari (2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-son, 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-son, 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son, 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-son, 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son, 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5177-son, 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son, 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son, 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son, 2022-yil 14-iyundagi PF154-son, 2002-yil 21-iyundagi PF-269-son, 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son, 2023-yil 27-dekabrdagi PF-200-son, 2024-yil 5-iyundagi PQ-210-son, 2024-yil 21-iyundagi PQ-228-son) qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-son, 2022-yil 16-maydagi 259-son, 2022-yil 20-maydagi VMQ-276-son qarorlari va boshqalar ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim normativ huquqiy hujjatlardir.

Davlat xizmatini isloh qilish va ochiqlik siyosati.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat xizmatini isloh qilish va ochiqlik siyosati yo‘nalishida E-anticorruption platformasi, “OpenBudget.uz”, “E-auction.uz”, “E-qaror ” kabi ochiqlikka qaratilgan elektron tizimlar ham joriy etildi.

Xalqaro tajriba: UNCAC, OECD va boshqa davlatlar amaliyoti.

Korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik va ilg‘or tajribalarni o‘rganish juda muhim ahamiyatga ega.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC).

Mazkur konvensiya korrupsiyaga qarshi global huquqiy baza bo‘lib, uning doirasida har yili 9 dekabr sanasi butun dunyoda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. O‘zbekiston 2008 yilda ushbu konvensiyaga qo‘shilgan. Ushbu Konvensiya korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan 5 ta asosiy yo‘nalishni belgilaydi: 1) Profilaktika; 2) Jinoiy javobgarlikning muqarrarligi; 3) Xalqaro hamkorlik; 4) Mol-mulkni qaytarish; 5) Jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) antikorrupsiya standarti.

Taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti (OECD) mamlakatlari quyidagi mexanizmlarni qo‘llaydi: manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha qat’iy qoidalar, davlat xaridlarida to‘liq ochiqlik, etika kodekslari, raqamlashtirilgan boshqaruv. OECD davlat boshqaruvidagi halollik standartlarini ishlab chiqib, mamlakatlarga tavsiyalar berib kelmoqda

AQSh, Singapur va Yevropa tajribasi.

AQSh – FCPA (Foreign Corrupt Practices Act) xorijda pora berganlik uchun ham javobgarlikni va kompaniyalarning ichki audit tizimi qat’iyligini nazarda tutadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Singapur modeliga muvofiq:

Malakaviy va yuqori haq to‘lanadigan davlat xizmatchilari standartlari belgilangan;

Korrupsiyaga qarshi mustaqil Byuro (CPIB) tashkil etilgan;

Jinoiy jazolarning qattiq statuti joriy qilingan.

Yevropa Ittifoqi.

Yevropa Ittifoqi direktivalarida: davlat xaridlarida raqobatni ta’minlash, lobbichilik faoliyatining qonuniylashtirilishi va shaffofligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalarni ommaviy qilish belgilangan.

BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Jahon banki ham korrupsiyaga qarshi kurashni taraqqiyot dasturlarining tarkibiy qismi sifatida qarab, davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish, fuqarolik jamiyatining ishtirokini kuchaytirish kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, dunyo hamjamiyati korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va samarali institutlar orqali uni cheklash yo‘lida hamjihatlikda harakat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash doimiy e’tibor va qat’iylikni talab etadigan vazifadir. Bu illatni butunlay yo‘qotish mumkin bo‘lmasa-da, uni minimal darajada ushlab turish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash imkoni mavjud. Bunday natijaga erishish uchun avvalo bugungiday kuchli siyosiy iroda, samarali qonunchilik bazasi, mustaqil va shaffof sud-huquq tizimi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, davlat boshqaruvida hisobdorlik va ochiqlikni yanada takomillashtirish, fuqarolarning davlat ishlaridagi ishtiroki va jamoatchilik nazoratini oshirish, xalqaro ilg‘or tajribalarni milliy amaliyotga bosqichma-bosqich implementatsiya qilishda bardavom bo‘lish muhim ahamiyatga ega.

Eng asosiysi, hozirgi boshlangan islohotlarni izchil davom ettirgan holda jamiyatda halollik va mas’uliyat madaniyatini qaror toptirishimiz lozim. Faqat shu tariqa korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini samarali va barqaror realizatsiya qilib, adolat va qonun ustuvorligi bardavomligiga erishimiz mumkin.

9 dekabr — bu shunchaki kalendardagi sana emas, balki jamiyatni korrupsiyadan tozalash, huquq ustuvorligini mustahkamlash va adolat mezonlarini barqaror qilish uchun da’vatdir. Korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining vazifasi emas — bu butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir.

Mamlakatimizdagi so‘nggi islohotlar o‘z samarasini berayotgan bo‘lsa-da, tez o‘zgarib borayotgan global sharoitda korrupsiyaning yangi shakllari paydo bo‘lmoqda. Shu boisdan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar ko‘lami doimo yangilanib, huquqiy ta’lim, ochiqlik, raqobat va davlat xizmatini professionallashtirish asosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmog‘i lozim.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi 
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Pedagoglar Markazi o’qituvchisi 
Azimjon Azamatovich Eshonqulov 
Penn State University LL.M