+998 71 200 02 35

Til millat ko‘zgusi

21.10.2023 660

 

O‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi eng boy va qadimiy tillardan biri deyish mumkin.

Ko‘pchilik xabari bo‘lsa kerak, 1989 yil 21 oktyabr sanasi tarixiy kun bo‘lib, el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam bo‘ldi. Aynan ana shu tarixiy hujjat bilan o‘zbek tilining mustahkam huquqiy asosi va yuksak maqomi tasdiqlandi.

O‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor yillar davomida ko‘chaygani esa, o‘zbek tilining yana mustahkam ildiz otishiga zamin yaratib bermoqda.

Ilk bor davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bunday voqeaning bo‘lishi xalqaro doirada juda qiziqish bilan kutib olindi.

Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi.

Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 21 oktyabrdagi PF-5850-son Farmoni qabul qilindi.

Yuqorida qayd etib o‘tilgan Farmonga muvofiq, 21 oktyabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi hamda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Departamentning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

ü davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;

ü davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

 

ü davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

ü o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;

ü davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

ü davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

ü ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik ob’ektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;

ü davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Shu bilan birga n O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni konseptual normativ-huquqiy hujjat bo‘ldi. Farmon bilan davlat tili maqomini yanada yuksaltirish borasida qator ustuvor vazifalar belgilandi. Jumladan, Farmon bilan “2020 — 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish” Konsepsiyasi tasdiqlandi.

Bu kabi islohotlarning bo‘lishi juda ijobiy albatta. Lekin o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, afsuski rus tili haligacha hukumat idoralarida keng qo‘llash holatlariga ham ko‘zimiz tushadi . Munozaralarda o‘zbek tili haligacha millatlararo muloqot tili bo‘lmagani hamda unda yetarli manbalar va kitoblar yo‘qligi aytilmoqda. Ko‘pchilik bunga lotin alifbosiga o‘tishdagi arosatli holat o‘zbek tiliga ko‘p zarar keltirdi, deb hisoblaydi. Bahs-munozaralar ortidan “Yuksalish” umummilliy harakati o‘zbek tilini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida uni ixtiyoriy ravishda o‘rganuvchilar uchun bepul kurslar tashkil etish va boshqa konstruktiv tashabbuslar bilan chiqdi. Ular orasida yoshlarga til me’yorlarini interfaol tarzda o‘rgatishga qaratilgan mobil ilovalar yaratish taklifi anchayin o‘rinli deyish mumkin.

I. Avazmetova