+998 71 200 02 35

Tadbirkorlik faoliyati erkinligining hamda xususiy mulk daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlari

15.05.2023 1506

Tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, uni to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda.  Shu tufayli eski Konstitutsiyada tadbirkorlik qilish erkinligi kafolatlanadi, degan norma bilan cheklanib, tadbirkorlarning to‘laqonli faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan huquqlariga doir maxsus normaning belgilanmaganligi huquqiy tizim uchun “bo‘shliq” hisoblanardi.

Endilikda esa, Konstitutsiyaning yangi tahriridagi 67–moddasida Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli deb tadbirkorlik faoliyatining eng asosiy konstitutsiyaviy kafolatlari belgilab qo‘yildi.       

Bu esa, tadbirkorlik faoliyatiga oid qonun me’yorlarini yaratishda asos bo‘lib hisoblanadi va mamlakatimizda tadbirkorlik investitsiyaviy shart-sharoitlarini yaratilishiga olib keladi.

Bunday holatlar tadbirkorlik faoliyatini samarali olib borishda har qanday faoliyatni amalga oshirishda qonunchilikda ta’qiqlanmagan daromad olishning asosiy maqsadi bo‘lgan iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida tadbirkorlik faoliyati imkoniyatlarini vujudga keltiradi.

Shu bilan birga tadbirkorlarga o‘z faoliyat yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlash huquqi, o‘z biznes strategiyalarini o‘z xohishi va manfaatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish va amalga oshirish sharoitlari yaratiladi.

Konstitutsiyada erkin bozor iqtisodiyotini eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat berilishi tartib-taomili asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlari mustahkamlandi.

Ijtimoiy axborot vositalarida ta’kidlanishicha, erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, davlatning tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishga doir asosiy yondashuvini belgilaydi hamda qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi prinsipi asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yildi.

Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlar erkin va samarali faoliyat yuritishiga, biznes muhitini yaxshilashga, ichki va tashqi savdo rivojlanishiga, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ularning bandligini oshirishga xizmat qiladi. Shuni ta’kidlash joizki, fuqarolarning asosiy huquqlaridan biri bu mol-mulkka egalik qilishdir.

Mulkdor shunday holatda investitsiya kiritadiki, yoki tadbirkor biznesini rivojlantirishga bor imkoniyatlaridan foydalanadiki, qachonki o‘z mulki va biznesi ishonchli himoya qilinganligini bilsa, buni his qila olsa.

Axborot manbalariga qaraganda, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning uy-joylarni buzish holatlari inson huquqlari va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzilganligi keng ommaga yaqqol ko‘rindi.

Bunday noxush holatlarni bartaraf etish uchun Prezident farmoni bilan yer islohoti amalga oshirilib, yerni xususiy mulkka aylantirishga qaror qilindi. Endilikda yer faqat elektron auksionda sotiladigan bo‘ldi. Hokimlar yer berolmasligi va olib qo‘ymasligi mustahkamlandi, qishloq xo‘jaligi yeridan yanada ko‘proq odamlar foydalanadigan bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidek, Konstitutsiyaning fuqarolar iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlariga bag‘ishlangan IX bobi 41-moddasida  har bir shaxsning mulkdor bo‘lish huquqiga ega, bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutiladi, degan amalda mavjud normaga qo‘shimcha ravishda  bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining ham sir tutilishi konstitutsiyaviy norma sifatida kiritilayotganini ko‘rish mumkin.

Tadbirkorlar uchun bu qoidaning naqadar ahamiyatli ekanligini anglash qiyin emas. Tadbirkorlar uchun muhim bo‘lgan bir qancha normalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning XII bobida bayon qilinganini ko‘rish mumkin. Jumladan, 65-moddada davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi aniq-ravshan belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi bayon qilindi.

Bu ahamiyatli qoidalar mulkchilik shakllari, xususan, xususiy mulk daxlsizligi davlat himoyasida bo‘lishini ko‘rsatadi. Chunki, Konstitutsiyada xususiy mulkka nisbatan bunday yondashuvning qaror topishi nafaqat mulkchilik masalalari nuqtai nazaridan, balki ochiq va erkin jamiyat asoslarini mustahkamlash nuqtai nazaridan ham bazaviy ahamiyatga ega.

Endilikda, davlat xususiy mulk daxlsizligi kafolatini o‘z zimmasiga olar ekan, mulklarning boshqa shakllari kabi xususiy mulk­ka ham hech kim noqonuniy daxl qila olmasligini bildiradi.

Albatta, ushbu norma tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng muhim bazaviy kafolatlardan biri bo‘lib qoladi. Mazkur muhim g‘oyaning konstitutsiyaviy darajada qat’iy belgilab qo‘yilishi   sarmoya kiritish istagida bo‘lgan chet el sarmoyadorlarini ham ishonchli xabardor qiladi.

Mulkchilikning turli shakllari teng huquqqa ega ekanligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi fuqarolarning siyosiy erkinliklari bilan bir qatorda iqtisodiy faoliyat erkinligi ham konstitutsiyada mustahkamlanayotgani, iqtisodiyotning erkin rivojlanishi uchun muhim asos bo‘lgan iqtisodiy faoliyat erkinligiga keng sharoit yaratib berilayotganini ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligi har bir shaxsning o‘z iqtidori va mulkini qonun bilan taqiqlanmagan har qanday turdagi tadbirkorlik turi bilan shug‘ullanishga yo‘naltirishi, yerga, ishlab chiqarish vositalariga, boshqa turdagi mulklarga egalik qilishi, qo‘lga kiritilgan foydadan erkin foydalanishini kafolatlaydi.

Tadbirkorlar manfaatlarini himoya qiluvchi asoslar ancha kuchaytirilgani yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ko‘rinib turibdi.   Xususiy mulkning daxlsizligini ta’minlash ham nafaqat tadbirkorlarning ertangi kunga ishonch bilan faoliyat yuritishi uchun, balki   fuqarolik jamiyatining barpo etilishi uchun ham mulkchilikning turli shakllari, jumladan, xususiy mulkchilikning barqaror o‘rin egallashini ta’minlanadi.

Konstitutsiya nafaqat tadbirkorlarning manfaatlarini ko‘zlab, balki ushbu qatlam manfaatlarining butun jamiyat manfaatlari, intilishlarining ajralmas bir bo‘lagi, muhim tarkibiy qismi sifatida qaralayotgani bilan ham ajralib turadi.

Tadbirkorlikning rivojlanishi jamiyat farovonligiga, xususiy mulk daxlsizligining ta’minlanishi fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari mustahkamlanishiga bevosita xizmat qiladi. 

Nasullaev Mubin

 Yuristlar malakasini oshirish Markazi dotsenti