+998 55 518 57 77

So‘ngi yillarda notariat sohasiga kiritilgan o‘zgartishlar va ularning ahamiyati

27.02.2026 183

So‘nggi yillarda O‘zbekiston adliya tizimida eng katta transformatsiyaga uchragan sohalardan biri — bu notariat institutidir. Mazkur o‘zgarishlar nafaqat byurokratiyani kamaytirishga, balki fuqarolarning huquqiy xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy mexanizmlarini yaratishga xizmat qilmoqda. Notariat tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha koʻplab Notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Mamlakatimizda bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz navbatida nazarda tutilgan maqsad vazifalarga erishishda asosiy omil boʻlib xizmat qilmoqda. Shu bois davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon, notariat tizimini tubdan isloh qilib, davlat idoralarini xususiy notariuslarga aylantirish va “Yagona darcha” tamoyilini joriy etish orqali xizmat ko‘rsatishni zamonaviylashtirdi deb ayta olamiz. Ushbu islohotlar xalqaro standartlarga mos, shaffof va tezkor notarial faoliyatning huquqiy asosini yaratdi. Shu asosida notariuslarni birlashtiruvchi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tuzilma sifatida Oʻzbekiston Notariat palatasi tashkil etildi. Uning huquq va majburiyatlari, unga a’zo boʻlgan notariat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Davlat notariuslari faoliyati ham bosqichma bosqich tugatilib, zarur miqdorda xususiy notarial idoralar shakllanmaguncha faoliyatini davom ettirishlari belgilab berildi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning tashkil qilinishi birinchidan tizimda sogʻlom raqobat muhitini paydo qilib, notarial harakatlarni rasmiylashtirish vaqti deyarli uch barobar tezlashishiga olib keldi. Yangi tizimga oʻtilayotgani davlat notarial idoralari faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq davlat resurslari tejalishini ta’minlaydi.

          Qolaversa, endi notariuslarning sodir etgan qilmishlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazgan zararlari uchun davlat javobgar boʻlmaydi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius noqonuniy harakati natijasida yetkazilgan zararni toʻliq qoplashi, buning uchun notariusning javobgarligi majburiy sugʻurtalanishi ham eng muhim oʻzgarishlardan biri hisoblanadi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati ham monitoring qilib boriladigan boʻldi. Bunday nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda adliya boshqarmalari amalga oshiradi. Ularning odob-axloq qoidalari va kasb majburiyatlariga rioya etishi ustidan nazorat Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, notariuslar huzurida “kurier”, ya’ni hujjat tashuvchi xodim lavozimi joriy etildi. Ular fuqarolar oʻrniga turli tashkilotlardan kerakli hujjatlarni toʻplab olib kelish vazifasini bajaradi. Bunda fuqarolarning davlat idora va tashkilotlariga borib, turli ovoragarchilik va vaqt yoʻqotish evaziga hujjat toʻplash holatlariga barham berildi. Notariat tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish va notariat tizimini zamon talablariga mos keladigan sohaga aylantirish maqsadida Adliya vazirligi huzurida notariat Ekspertlik komissiyasi tashkil etildi. Mazkur komissiya tarkibida jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatuvchi 7 nafar a’zodan iborat boʻlib, uning tarkibiga huquq sohasidagi yetakchi mutaxassis-olimlar, tajribali notariuslar va Adliya vazirligining masul xodimlari kiritildi. Komissiyaga notarial harakatlarni amalga oshirishda joylardagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni qonuniy hal qilish sohada bir xil amaliyotni ta`minlash, qonun hujjatlaridagi huquqiy nuqsonlarni, korrupsiyaga, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishga, fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilishga, ularni turli xil ovora-sarson qilishga yoʻl qoʻymaslik vazifasi boʻyicha takliflar ishlab chiqish yuklatildi. Bundan tashqari, komissiyaga notarial harakatlarni bajarish uchun taqdim qilinadigan hujjat turlarini tubdan qisqartirish, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish maqsadida notarial harakatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlarni elektron tizim orqali olish hamda qonunchilikda notarial tasdiqlash majburiy talab qilinadigan bitim va hujjatlarning turlarini qisqartirishning qonuniy yoʻllarini izlab topish vazifalari topshirildi.

          2020-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston notariat tizimida “faol notariat” modeliga o‘tildi. Shu sanadan e’tiboran notariuslarga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, masofaviy notarial harakatlar, dalillarni ta’minlash, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda vositachilik (Mediatsiya), elektron raqamli imzo (ERI) berish, mulkni ishonchli boshqaruvga berish hamda hujjatlarning elektron nusxasini saqlash kabi muhim yangi funksiya va vakolatlar berildi. Ushu berilgan vakolatlar doirasida Notariuslar tasdiqlagan hujjatlarning elektron shakli “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida doimiy saqlanishi belgilandi. Notariuslar bitimlarni tasdiqlashda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni (mulkning taqiqda emasligi, soliq qarzi, kadastr ma’lumotlari, FHDYO hujjatlari va h.k.) mustaqil ravishda, elektron tizim orqali idoralararo hamkorlik yo‘li bilan olishni boshladi. Fuqarolardan ushbu ma’lumotnomalarni olib kelish talabi bekor qilindi. Notariuslarga sudga qadar dalillarni ta’minlash vakolati berildi. Bu internet tarmog‘idagi ma’lumotlarni (masalan, tuhmat yoki haqorat faktlarini) qayd etish, guvohlarni so‘roq qilish va ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirishni o‘z ichiga oladi. Ayrim notarial harakatlarni (masalan, arizalardagi imzo haqiqiyligini tasdiqlash, ishonchnomalar berish) videokonferensaloqa orqali, masofadan turib amalga oshirish imkoniyati yaratildi.Notariuslar nizolarni sudgacha hal qilish uchun mediator sifatida ishtirok etish funksiyasiga ega bo‘ldi.Mol-mulkni (shu jumladan tadbirkorlik subyektlarini) ishonchli boshqaruvga berish shartnomalarini tasdiqlash vakolati mustahkamlandi. Notariuslar jismoniy va yuridik shaxslarga ERI kalitlarini berish va sertifikatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini oldi.

          Shuningdek, notariuslar faoliyatini nazorat qilish masalalariga bagʻishlangan 2021-yil 27-iyulda Vazirlar Mahkamasi 464-sonli “Notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Notariuslar faoliyati ustidan tekshirishlar notariuslar tomonidan qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash, xato va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan (rejali va rejadan tashqari) kameral nazorat tartibi bilan amalga oshirilishi belgilandi. Notariuslar faoliyatini oʻrganish uchun, “Sirli mijoz” tadbirini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. “Sirli mijoz” tadbiri notarial harakatlarning sifati va tezkorligi adliya organida shubha uygʻotganda, ushbu sohada huquqbuzarliklar sodir etilayotganligi haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish zarurati tugʻilganda, huquqiy xizmat koʻrsatish jarayonidan noroziligi haqidagi murojaatlar kelib tushganda oʻtkazilishi belgilandi.

          Yana qoʻshimcha qilishimiz mumkinki, O‘zbekiston notariat tizimida so‘nggi yillarda raqamlashtirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida10 dan ortiq notarial harakatlarni, jumladan ishonchnomalarni tasdiqlashni, video-konferens-aloqa orqali uydan chiqmasdan amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. 2025-yil 1-dekabrdan boshlab notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” tizimiga majburiy yuklash tartibi joriy etildi. Bunda notariuslar ushbu hujjatning aslini talab qilishi bekor qilindi. Notariuslar tomonidan yuritiladigan jismoniy reyestrlar bilan bir qatorda elektron reyestr tizimi to‘liq joriy etildi. Shuningdek, Notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yosh etib belgilandi. Olis va talab kam bo‘lgan hududlarda notariuslarni imtihonsiz, faqat suhbat asosida tayinlash tartibi joriy etildi. Notariuslikka talabgorlar uchun Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash institutida majburiy o‘quv kurslari tashkil etildi. 2025-yil 20-fevraldagi buyruq bilan notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun to‘lovlarning maksimal miqdorlari yangilandi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomani notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi. Ayrim turdagi ijara va garov shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talablari soddalashtirildi.

          Xulosa qilib aytganda, Shubxasiz ushbu oʻzgartirishlar notariuslar faoliyatini samarali olib borilishi ta’minlaydi. Notariat sohasida amalga oshirilayotgan barcha oʻzgarishlar fuqarolarimizga yanada qulayliklar yaratish, davlat idoralari tomonidan ularga koʻrsa-tilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, ortiqcha ovoragarchiliklar va sarsongarchiliklarga, korrupsion harakatlarga barham berish, qoʻshimcha mablagʻ sarflanishi holatlarini oldini olish, bir soʻz bilan aytganda, xalqimiz turmush tarzini yengillashtirishga qaratilgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Amalga oshirilayotgan islohotlar notariat tizimini fuqarolik-huquqiy nizolarning oldini oluvchi samarali institutga aylantirmoqda. Bu oʻzgarishlar nafaqat byurokratiyani kamaytirish, balki aholiga tezkor, sifatli va shaffof huquqiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Oʻquv-uslubiy boʻlim bosh mutaxassisi

Sharipov Humoyun Hamid oʻgʻli