+998 71 200 02 35

Qonunchilikdagi yangiliklar

02.09.2025 43

 

Bugungi shiddat bilan rivojlangan jamiyatni ta’lim va ilm-fansiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Iqtisodiy, siyosiy va ekologik inqiroz davrida fan muhim muammolarni hal qilishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Shunday ekan fan inson hayotida vujudga keladigan turli masalalarni tahlil qila olishi va o‘z vaqtida unga yechim berishi kerak.

Zero, Prezidentimiz Sh.Mirziyoev “O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz. Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik”, deb ta’kidlagani bejizga emas.

Yuridik fan – huquqiy hayotni ilmiy tahlil qilish, huquq normalarini tizimlash va takomillashtirish vazifasini bajarsa, huquqni qo‘llash amaliyoti – ushbu nazariy asoslarni turli hayotiy holatlarda qo‘llash jarayonidir. Bu ikki sohaning uyg‘unligi huquqiy tizimning barqaror ishlashi uchun asosiy omildir.

Shu ma’noda, yagona yondashuv — bu huquq normalarini qo‘llashda barcha organlar va mutaxassislar tomonidan bir xilda tushunish va bir xilda tatbiq etish tamoyilidir. U qonun ustuvorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bugungi yuridik ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Ta’limni amaliyot bilan, amaliyotni ta’lim bilan bog‘lash, ta’lim berishning zamonaviy usullarini qo‘llash, mashg‘ulotlarni yangicha uslub va shakllarda tashkil etish, masofadan turib o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirishga xalqaro standartlarni joriy etish, mustaqil ta’limni kuchaytirish, yangi, ta’sirchan, samarali va amaliyotga yo‘naltirilgan yuridik adabiyotlar yaratish ham asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotini uyg‘unlashtirish, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining yagona huquqni qo‘llash amaliyotini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” 2024 yil 24 maydagi PF-80-son Farmoni bilan Adliya vazirligi huzuridagi 4 ta malaka oshirish va qayta tayyorlash markazlari negizida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etildi.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 mart kuni 171-son qarori qabul qilinib, adliya organlari va muassasalari xodimlari, yuridik xizmat, advokatura, notariat, mediatsiya, intellektual mulk, sud ekspertizasi, arxiv ishi va ish yuritish hamda boshqa soha mutaxassislarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularni o‘qitishni xalqaro tajriba va zamonaviy ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Institutda tashkil etilayotgan o‘quv jarayoni amaliy va huquqiy nizolarni tahlil qilishga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarga asoslangan yondashuvga muvofiq tashkil etiladi, ularning kamida 40 — 50 foizi amaliy mashg‘ulotlarga ajratilishi belgilanganligi ham yuridik va huquqni qo‘llash amaliyoti bevosita uyg‘unlikda olib borilishi kerakligini anglatadi.

O‘zbekistonda yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvning qo‘llash masalalarida bir qator dolzarb muammolar ham borligini unutmaslik lozim.

Birinchidan, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatdagi normalarni turlicha talqin qilish. Xususan sudyalar, tergovchilar, amaliyotchi huquqshunoslar bir xil normani turlicha tushunishlar va talqin qilishlari natijasida qarama-qarshi qarorlarni qabul qilinishiga yoki noaniq pretsedentlarga shakllanishiga olib kelmoqda.

Ikkinchidan, yuridik fan birlamchi yoki huquqni qo‘llash amaliyoti birlamchimi degan savolga javob topish kerak. Aslida qanday bo‘lishi kerak? Fikrimizcha, har bir sohadagi muammolar va kamchiliklar birinchi navbatda ilmiy va nazariy jihatdan asoslangan holda tahlil qilinishi lozim. Ilmiy va nazariy jihatdan tahlillar asosida ishlab chiqilgan taklif hamda tavsiyalar qonunchilikda aks ettirilib huquqni qo‘llash amaliyotida foydalanilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uchinchidan, normativ-huquqiy bazaning murakkabligi va qarama-qarshiligi: turli hujjatlarda bir xil holat turlicha tarzda tartibga solinadi. Bu huquqni qo‘llashda bir xil yondashuvga xalaqit beradi. Shu sababli, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchidan, sud amaliyotida yagona pretsedentlar yetishmasligi: bir xil holatlarga oid sud qarorlari o‘rtasida farqlar mavjud. Bu fuqarolarda adolat va tenglikka bo‘lgan ishonchni kamaytiradi. Xususan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunda 13 ta prinsip belgilangan. Mazkur Qonunga ko‘ra ma’muriy hujjatlar va ma’muriy harakatlar ma’muriy tartib-taomillarning prinsiplariga muvofiq bo‘lishi kerak. Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik ma’muriy hujjatlarning va ma’muriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta ko‘rib chiqilishiga olib keladi. Sudlar mazkur Qonundan kelib chiqadigan nizolarni hal qilishda birinchi navbatda ushbu 13 ta prinsip buzilgan yoki buzilmaganlik holatiga baho berishi lozim.

Beshinchidan, huquqiy ta’limda metodik birlik yetishmasligi. Respublikada mavjud oliy yuridik ma’lumot beradigan oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlari bir-biridan farq qiladi. Oliy ta’lim muassasalarida huquq fanlari turlicha talqin qilinishi kelajakdagi mutaxassislarning turlicha yondashuvi va amaliyotda tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. 

Yana bir muhim masala, yuridik kadrlarni amaliyotga bog‘lagan holda tayyorlash va malakasini oshirish bugungi kunda dolzarb hisoblanadi. Hozirgi kunda yuridik fan va amaliyot aloqasini mukammal yo‘lga qo‘yish asosiy vazifalardan biri sifatida qaralmog‘i kerak. Sababi yuridik fanni o‘qitish asosida nazariy qoidalarni amaliyotda keng joriy etilishida, sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirishda va qonun ijodkorligida keng foydalanish eng samarali usullardan biri hisoblanadi.

Fikrimizcha yuridik fanni rivojlantirish barobarida, uni amaliyotga tatbiq etish orqali huquqshunos kadrlar tayyorlashda yuksak marralarga erishish mumkin. Hozirgi rivojlanayotgan jamiyat, siyosiy, iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari, shu bilan birga davlat va sud-huquq tizimidagi islohotlar yuridik fan va amaliyotni uyg‘un holatda olib borishni taqozo etadi. Biroq bu o‘zgarish yuridik ta’lim muassasalari va bu sohaga talabgor sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro munosabat bo‘lsagina ta’minlanishi va amalga oshirilishini ham unutmasligimiz lozim. Afsuski, bugungi kunda yuridik ta’limga ijtimoiy ehtiyoj faqat ta’limni boshqarish organlari yoki huquqni muhofaza qilish organlar tomonidan bildirilmoqda. Aslida esa, yuridik ta’limni bu sohaga ehtiyoji bor barcha sub’ektlar doirasi bilan yaqin aloqasini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu jarayonlarda esa, yuridik kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari bilan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida amaliyot tartibi bo‘yicha aloqalar o‘rnatilishi maqsadga muvofiq.

 

 

Raqamli texnologiyalar

markazi bo‘lim boshlig‘i

O‘.Jalolov