+998 71 200 02 35

Oliy ta’lim islohotlari: muammolar, o‘zgarish va yutuqlar

04.03.2024 400

Har qanday maqsad va islohotlar natijadorligiga ilm-fan bilan yetib boriladi. U qayerda rivojlanmasin, paydo bo‘lmasin, jahon taraqqiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Buni rivojlangan davlatlar yuksalishida ilm-fan asosiy omil vazifasini o‘tayotganidan ham ko‘rish mumkin.

Jamiyat taraqqiyoti amalga oshirilayotgan islohotlarning koʻlami va mantigʻiga bogʻliq. Qaysi soha eʼtiborga muhtojligini ilgʻab, chuqur va har tomonlama oʻylanib amalga oshirilgan islohotlargina xalqning mushkulini oson, ogʻirini yengil, turmushini farovon qiladi, muammolariga yechim topib beradi. Bajarilayotgan ishlar zamirida bugungi muammolarni yechish bilan birga uzoq kelajak ham koʻzlangan boʻlishi lozim.

Achchiq boʻlsa ham tan olish kerak, mamlakatimizda jamiyatning rivojlanish tendensiyalari, aholining demografik oʻsishi, salmoqli qatlam boʻlgan yoshlarning intilishi, global texnologik jarayonlarni hisobga olmagan holda taʼlim tizimida oʻtkazilgan islohotlar kutilgan samarani bermadi. Uning asnosida muammolar koʻpaysa koʻpaydiki, kamaymadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar, birinchi navbatda, demografik jarayonlar va urbanizatsiyani, bashariyat tafakkuri hamda xalqimizning oʻsayotgan siyosiy dunyoqarashi, ongi va madaniyati, umumxalq manfaati chuqur oʻylangan holda amalga oshirilmoqda. Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik sanasini nishonlaymiz. Tarix uchun oʻttiz yil arzimas, albatta, lekin bu jamiyat taraqqiyoti uchun ancha salmoqli muddat hisoblanadi. Shu yillar davomida nimalarga erishdik, qanday yutuqlarni qoʻlga kiritdik, degan savollar hammani qiziqtiradi.

Jamiyat taraqqiyoti hamma vaqt ham bir tekisda rivojlanmaydi, chunki u oʻz yoʻlida qarama-qarshiliklarga, ziddiyatlarga boy boʻladi, lekin ana shu ziddiyatlar va qarama-qarshiliklarni mustahkam iroda va matonat bilan yengib, oʻzining taraqqiyot yoʻlini toʻgʻri tanlab olishda mamlakat yetakchilarining roli va oʻrni katta boʻladi.

Shu bois, mamlakatimizda ilm-fanga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, ta’lim sohasida keyingi olti yilda ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlarga boy bo‘ldi. Bilim dargohlarining qiyofasi tubdan o‘zgarib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Bu o‘z navbatida, ta’limning sifati va darajasini oshirgan holda, yoshlar o‘rtasida oliy ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqni kuchaytirdi.

Ilgari oliygohlarga o‘qishga kirish juda qiyin edi. Kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Yurtimizda bu masalalar hisobga olinib, oliy ta’limga qabul kvotasi yildan-yilga oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yoshlarni bilimli, malakali, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar etib tayyorlash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilayotir.

Mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’lim olishiga katta sharoitlar yaratib berilyotgani tufayli oliy ta’lim muassasalari soni 2,5 barobarga ortib, 200 taga yetdi. Qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga oshdi. Eng muhimi, oliy ta’lim olish uchun imtiyozli kreditlash tizimi, ayollarga foizsiz kredit ajratish amaliyoti joriy qilindi.

E’tibor bering, 2017 yilga qadar oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, so‘nggi olti yilda grantlarni ko‘paytirish yo‘lidan borildi. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi.

Oxirgi olti-yetti yilda ta’lim tizimida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi, hatto xalqaro maydonda ham yurtimiz ob’ro‘-e’tiborini yangi bosqichga olib chiqdi. Sohaga doir bir qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.

Birgina 2020 yilda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani davlatimizning shu boradagi maqsadlarini aniq ifodalab berdi, desak mubolag‘a emas. Ushbu hujjatda ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplar, ta’lim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qo‘yildi.

Masalan, qonunning 5-moddasida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanishi belgilab qo‘yildi. Bu nima degani? Bu har bir yosh o‘zi istagan oliy ta’lim dargohida o‘qiydi, ta’lim oladi, degani. Hujjatning 11-moddasidan esa oliy ta’lim bo‘yicha alohida qoidalar o‘rin olgan.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham oliy ta’lim sohasida davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish belgilangan. O‘tgan qisqa davrda ushbu Konsepsiya sohada ta’lim sifatini oshirish yo‘lida tub islohotlarni olib borishga imkon berdi.

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etish, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanishi, respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1000 ta o‘rin ajratish belgilangan. Bu vazifalarning ijrosi ham qamrov darajasini oshirish, ertamiz egalarining orzu-istaglarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi aniq.

Bular hali hammasi emas. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 51-moddasida Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqliligi, oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi belgilab qo‘yildi.

Bu esa mamlakatimizda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga zo‘r ishoradir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlar uchun davlat granti asosida bakalavriat va magistratura bosqichida ta’lim olish orqali hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini kengaytirishdir.

Albatta, ta’lim sohasiga bu darajada katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Binobarin, yurtimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish, barcha kuch-g‘ayratni birlashtirish va fidokorona mehnat qilish orqali Yangi O‘zbekistonni, pirovardida, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish mumkin.

Bundan tashqari, xalqaro miqyosda ham ta’lim sohasida yetakchi o‘rinlarni egallash maqsadida ko‘plab tanlovlarda oliy ta’lim muassasalarining faol ishtiroki ta’minlanmoqda. Birgina misol, yurtimizdagi 28 ta oliy o‘quv yurti TOR–1000 talik reytingga kirish uchun da’vogar sifatida qayd etildi. Ushbu reytingda universitetlarning 4 ta yo‘nalishdagi samaradorlik ko‘rsatkichlari baholandi. Tanlovda belgilangan ushbu mezonlardan ham ko‘rinib turibdiki, oliy o‘quv yurtlaridagi o‘quv va tashkiliy samaradorlik sezilarli o‘sib bormoqda.

Rivojlangan mamlakatlarni nodavlat ta’lim xizmatlari, jumladan Yevropa davlatlaridan Germaniya, Buyuk Britaniya va Osiyo mamlakatlaridan Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya tizimi turlicha tashkil etilgan bo‘lsa-da, ulardagi o‘quv, o‘quv uslubiy ishlari tashkil etilishi ham ijobiy tomonlari bilan ajralib turadi.

Ushbu xalqaro kuzatuvlar natijasida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini ham yangi bosqichga olib chiqish davri keldi. Chunki biz zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallagan avlodni kamol toptirishimiz lozim. Birinchi ish esa aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasini muttasil oshirib borishdan iborat bo‘ladi.

Keyingi yillarda oliy ta’lim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning, ko‘plab xorijiy oliy o‘quv yurtlari va filiallarining kirib kelishi ijobiy holat bo‘ldi. Bir jihatdan oliy ta’limning qamrovi kengaysa, ikkinchidan, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida ijobiy ma’nodagi o‘zaro raqobatni ta’minlaydi, tizimda bozor qonunlari ishlay boshlaydi.

Umuman olganda, mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Maqsad bitta: oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iborat.

 

O‘quv jarayonini tashkil etish va nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

A.Yusupbayeva