+998 55 518 57 77

Ma’muriy tartib-taomillar asosiy prinsiplarining huquqiy ahamiyati

27.02.2026 161

Ma’muriy tartib-taomillar zamonaviy huquqiy davlatning ajralmas instituti bo‘lib, u davlat boshqaruvi faoliyatining huquqiy shakllarini tartibga solish orqali fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi. Ma’muriy tartib-taomillar asosiy prinsiplarining huquqiy ahamiyati masalasi nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham dolzarbdir, chunki aynan prinsiplar ma’muriy organlar faoliyatining yo‘nalishini, chegarasini va mazmunini belgilaydi. Ozbekiston Respublikasida bu sohani huquqiy tartibga solish, avvalo, Ozbekiston Respublikasining 2018-yil 8-yanvarda qabul qilinganMamuriy tartib-taomillar togrisidagi ORQ-457-son Qonuni hamda Ozbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi normalari bilan chambarchas bogliqdir. Mazkur qonun hujjatlarida mustahkamlangan prinsiplar ma’muriy huquqning umumiy prinsiplari bilan uyg‘un holda davlat boshqaruvi tizimida qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarining huquqiy ahamiyatini tahlil qilishdan avval prinsip tushunchasining o‘ziga e’tibor qaratish lozim. Huquq nazariyasida prinsiplar huquq tizimining asosiy g‘oyaviy-mazmuniy yo‘nalishlarini ifodalovchi, normativ hujjatlarning talqini va qo‘llanilishida yo‘riqnoma vazifasini bajaruvchi fundamental qoidalardir. Shu nuqtayi nazardan, mamuriy tartib-taomillar prinsiplarini davlat organlari faoliyatida maksimal darajada taminlanishi zarur bolgan yuridik mezonlar sifatida korish mumkin.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarining huquqiy ahamiyati, eng avvalo, qonuniylikni ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Qonuniylik prinsipi davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq bo‘lishini anglatadi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida davlat organlari va mansabdor shaxslar fuqarolar oldida mas’ul ekani, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekani mustahkamlangan. Shu jihatdan ma’muriy tartib-taomillar prinsiplari davlat organlari faoliyatini fuqarolar manfaatlariga xizmat qildirishga yo‘naltiradi. Qonuniylik prinsipi ma’muriy qarorlarning asoslangan, shaffof va huquqiy dalillarga tayanishini talab qiladi. Aks holda, bunday qarorlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplari orasida teng huquqlilik prinsipi alohida ahamiyatga ega. Fuqarolarning qonun oldida tengligi nafaqat umumiy konstitutsiyaviy qoida, balki ma’muriy ish yuritishda ham majburiy mezondir. Davlat organi ma’muriy qaror qabul qilish jarayonida barcha shaxslarni bir xil yuridik mezon asosida baholashi, diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Bu prinsip, ayniqsa, litsenziyalash, ruxsat berish, ro‘yxatga olish kabi ma’muriy jarayonlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan shu sohalarda subyektiv yondashuv yoki korrupsiyaviy omillar paydo bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Teng huquqlilik prinsipi ma’muriy organlarning ixtiyoriy qaror qabul qilish doirasini cheklaydi va ularni obyektiv mezonlarga rioya qilishga undaydi.

Maʼmuriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi prinsipi ham ma’muriy tartib-taomillar huquqiy ahamiyatining markazida turadi. Ochiqlik prinsipi davlat organlarining faoliyati, qaror qabul qilish asoslari va tartibi fuqarolar uchun tushunarli va oshkora bo‘lishini talab qiladi. Bu prinsip demokratik boshqaruvning ajralmas qismi bo‘lib, u jamoatchilik nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi. Xalqaro tajribada, xususan, Yevropa Ittifoqi huquqiy tizimida “yaxshi boshqaruv huquqi” konsepsiyasi rivojlangan bo‘lib, unda ma’muriy organlarning ochiqligi va hisobdorligi alohida e’tirof etiladi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi amaliyotida ham adolatli muomala va asoslangan qaror chiqarish talablari ma’muriy organlar faoliyatiga tatbiq etiladi.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarining yana biri – manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi prinsipidir. Davlat boshqaruvi jarayonida ommaviy manfaat va xususiy manfaat o‘rtasida muvozanatni saqlash zarur. Masalan, yer ajratish, qurilish ruxsatnomasi berish yoki ekologik nazorat sohalarida davlat ommaviy xavfsizlik va jamoat manfaatlarini ko‘zlaydi, biroq bu jarayonda shaxsning mulk huquqi yoki tadbirkorlik erkinligi asossiz cheklanmasligi kerak. Shu o‘rinda mutanosiblik prinsipi ham muhim o‘rin tutadi. Mutanosiblik prinsipi davlat aralashuvi qo‘yilgan maqsadga erishish uchun zarur va yetarli darajada bo‘lishini talab qiladi. Bu prinsip konstitutsiyaviy sudlov va ma’muriy sud amaliyotida keng qo‘llaniladi.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplari protsessual adolatni ta’minlashda ham beqiyos ahamiyatga ega. Shaxsni tinglash huquqi, qarorni asoslash majburiyati, dalillarni baholashning xolisligi kabi talablar protsessual adolatning tarkibiy qismlaridir. Har qanday ma’muriy qaror ustidan sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sudlarning tashkil etilishi va ularning faoliyati aynan shu prinsipning amaliy ifodasidir.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarining huquqiy ahamiyati shundaki, ular nafaqat ma’muriy organlar faoliyatini tartibga soladi, balki sudlar uchun ham huquqni qo‘llash mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Agar ma’muriy qaror aniq normani buzmagan bo‘lsa ham, u prinsipga zid bo‘lsa, sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bu esa prinsiplarning normativ kuchini ko‘rsatadi. Huquq nazariyasida prinsiplarning bevosita qo‘llanilishi masalasi keng muhokama qilingan.

O‘zbekiston sharoitida ma’muriy islohotlar jarayonida ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarining roli yanada ortib bormoqda. Raqamlashtirish, “yagona darcha” tamoyili, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining takomillashuvi ma’muriy jarayonlarning soddalashtirilishi va inson omilining kamaytirilishiga olib kelmoqda. Biroq raqamlashtirish jarayonida ham qonuniylik, tenglik, ochiqlik va mutanosiblik prinsiplari saqlanishi zarur. Aks holda, texnologik vositalar inson huquqlarini cheklash instrumentiga aylanishi mumkin.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplari korrupsiyaga qarshi kurashishda ham samarali vosita hisoblanadi. Qaror qabul qilish jarayonining shaffofligi, asoslanganligi va nazorat qilinishi korrupsiyaviy xavflarni kamaytiradi. Xalqaro tashkilotlar, jumladan Transparency International hisobotlarida ham ma’muriy jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi korrupsiyani kamaytiruvchi omil sifatida qayd etilgan.

Xulosa qilib aytganda, ma’muriy tartib-taomillar asosiy prinsiplarining huquqiy ahamiyati ko‘p qirrali va tizimli xarakterga ega. Ular davlat boshqaruvi faoliyatining normativ asosini mustahkamlaydi, fuqarolar huquqlarini himoya qiladi, sud nazoratini samarali amalga oshirishga imkon yaratadi va huquqiy davlat tamoyillarini ro‘yobga chiqaradi. Prinsiplar ma’muriy huquqning “ruhiy asosi” bo‘lib, ular orqali qonun normalari mazmun kasb etadi va real hayotda adolatli qo‘llaniladi. Shu bois ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarini chuqur o‘rganish va amaliyotga to‘liq tatbiq etish O‘zbekiston Respublikasida huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim shartidir.

 

Institut bosh yuriskonsulti

Eshpoʻlatov Behruz Shukurjon oʻgʻli