+998 71 200 02 35

Korrupsiyaga qarshi kurash tizimining ahamiyati hamda bu sohada soʻngi yillarda davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning oʻziga xos xususiyatlari

30.06.2025 53

Korrupsiya bu - jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi.  Korrupsiya mansabdor shaxsning oʻz xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlar yoki oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab, qonunga xilof ravishda foydalanishi, yaʼni moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunbuzarlik sodir etishidir.  Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi global muammodir. U butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradi, qonun ustuvorligini buzadi. Yurtimizda so‘ngi yillarda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi shubxasizdir. Keyingi yillarda davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi, ushbu sohada qonunchilik asoslari takomillashdi. Korrupsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotga ta’siri juda katta. U davlat boshqaruvining samaradorligini pasaytiradi, iqtisodiy rivojlanishni to‘xtatadi, aholi ishonchini yo‘qotadi va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish har qanday davlat uchun ustuvor vazifalardan biridir. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimi – bu davlat organlari, jamoatchilik tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlik asosida korrupsiyani kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Korrupsiyaga qarshi kurash huquqiy davlat barpo etish, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, jamiyatda ishonchni oshirish, siyosiy barqarorlikni ta’minlash va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimi — bu nafaqat jinoyatga qarshi chora, balki davlatning barqarorligi, iqtisodiy rivoji, ijtimoiy adolat va fuqarolar ishonchining asosi hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash tizimining o‘ziga xos xususiyatlari sifatida korrupsiyaga qarshi kurash uchun mustahkam qonunchilik asoslarini yaratish, davlat organlari va muassasalarining faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashda nazorat organlari o‘z funksiyalarini samarali bajarish, korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyatda keng tarqalgan ta’lim dasturlari orqali yosh avlodni korrupsiya haqidagi tushunchalar bilan tanishtirish, axloqiy qadriyatlarni oshirish, fuqarolik jamiyatining faolligi va ommaviy nazorat ijtimoiy adolatni ta’minlashda muhim rol kasb etishi, korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda korrupsiya uchun qattiq sanksiyalar belgilanishi kerakligi kabilarni keltirish mumkin.

Yuqorida sanab o‘tilgan korrupsiyaga qarshi kurash tizimining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan davlatimizda samarali ishlar amalga oshirilib, amaliyotga tadbiq etilmoqda deb bemalol ayta olamiz. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimining ahamiyati yuqori bo‘lganligi sababli mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini va mehnat sharoitlarini yaxshilash, sud-huquq tizimini isloh qilish, inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli amalga oshirilayotgan amaliy ishlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Mamlakatimiz ushbu o‘tkir muammoning oqibatlarini chuqur anglagan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Shuningdek, ushbu illatga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC) hamda IHTT ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Korrupsiyaga qarshi kurash tarmogʻi (KQT) doirasidagi asosiy submintaqaviy tashabbus boʻlgan Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha Istanbul harakat rejasining aʼzosi hisoblanadi. Oʻzbekiston yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlarining Global operativ tarmogʻiga aʼzo boʻldi. Qayd etilgan va boshqa chora-tadbirlar mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashni yaxshilashga xizmat qildi. Buni mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilangani ham tasdiqlaydi. Xalqaro boshqaruv koʻrsatkichlariga koʻra, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashni yaxshilagan. Soʻnggi yillarda mamlakatimiz Transparency Internationalʼs Corruption Perceptions Index (CPI) reytingida oʻz oʻrnini 42 pogʻonaga yaxshilagan. Birgina 2023-yilning oʻzida mamlakat oʻz reytingini 5 pogʻonaga yaxshiladi.

Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Buni soʻnggi yillarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida mazkur sohada qabul qilingan konseptual meʼyoriy hujjatlar asosida baholash mumkin. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmi, jumladan, huquqiy baza va institutsional asos yaratilgan. Davlat va jamiyat qurilishining barcha tarmoqlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan 70 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mazkur islohotlarni amalga oshirishda mustahkam asos boʻldi. Albatta, 2017-yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi qonun Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy huquqiy asosi hisoblanadi. Qonun davlat xizmatchilaridan bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi mumkin boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida oʻz rahbarlariga maʼlum qilishni talab qiladi va korporativ maʼlumot beruvchilarni himoya qilishga qaratilgan. Bundan tashqari, qonun ommaviy axborot vositalariga davlat organlaridan korrupsiyaga oid jinoyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrash huquqini beradi. Shuningdek, qonunda vazirliklar va boshqa davlat organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratmasligini taʼminlash maqsadida ekspertizadan oʻtkazish majburiy tartibda belgilandi. Bundan tashqari 2022-yilda qabul qilingan “Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, davlat xizmatchilariga sovgʻalar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish, xorijiy banklarda hisob raqamlarini ochish va chet elda koʻchmas mulk sotib olish taqiqlanadi. Shuningdek, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilgan. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish tartiblari hamda davlat organlarida “komplayens nazorati” tizimi joriy bosqichma bosqich tashkil etilmoqda. 2017-yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasiga muvofiq “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat organlariga 2020-yilda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirliklari, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti kiradi. Hozirgi vaqtda mazkur organlar o‘z vakolatlari yuzasidan korrupsiya qarshi kurashishda samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda deb ayta olamiz. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha Milliy kengash va uning hududiy organlari mavjud boʻlib, ular barcha tegishli institutlarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish uchun moʻljallangan. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda har bir meʼyoriy-huquqiy hujjat “korrupsiyadan holi qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotida tizimli profilaktika chora-tadbirlari kuchaytirilib, fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini yaratish orqali jamoatchilik nazorati taʼminlanmoqda. Bundan korrupsiya qarshi tizimli ravishda kurashish jamiyatimizda korrupsiyani bartaraf etish yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilab berildi. Mazkur yig‘ilishda Davlatimiz rahbari o‘z nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini hamda hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerakligini takidlab o‘tdi. Bundan esa korrupsiya qarshi kurash muhim ahamiyat kasb etib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birgalikda 2025-yil 21-apreldagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi 71-son farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish, shaffoflikni oshirish, jamoatchilik ishtirokini ta’minlash va davlat xizmatlarida halollik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Yangi nazorat mexanizmlari, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bu islohotlarni amalga oshirishda asosiy vosita bo‘lib, korrupsiyani butunlay yo‘q qilishga qaratilgan muhim qadamdir.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali moliyaviy, huquqiy va institutsional mexanizmlarini yaratish yoʻli oʻz samarasini berdi desak boʻladi. Ammo shuni taʼkidlash kerakki, korrupsiyaga qarshi kurash faqat bir necha yillik vazifa emas. Bu toʻxtovsiz jarayondir va Oʻzbekiston hukumati bu boradagi xalqaro standartlarga muvofiq korrupsiyaga qarshi islohotlarning muvaffaqiyatini taʼminlash boʻyicha yangi qadamlarni qoʻyishga intilmoqda. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tub mohiyatga ega bo‘lib, tizimli va institutsional yondashuvga asoslanmoqda. Ularning asosiy o‘ziga xos jihatlari — davlat organlarining ochiqligi, xalqaro standartlarga muvofiqlik, jamoatchilik ishtirokining kengayishi va yangi texnologiyalarning joriy qilinishidir. Bu yo‘nalishdagi islohotlar mamlakatda adolatli jamiyat barpo etish, iqtisodiy taraqqiyotga erishish va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Korrupsiyani kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar har qanday davlatning barqaror rivojlanishi uchun muhimdir. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu jarayonning muvaffaqiyatli davom etishini ta’minlaydi, shuningdek, iqtisodiyotdagi barqarorlikni saqlab qolishda muhim rol o‘ynaydi. Davlatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ishlar nafaqat mamlakat ichki hayoti uchun, balki xalqaro miqyosda ham O‘zbekistonning imijini yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘quv-uslubiy bo‘lim bosh mutaxassisi
Sharipov Humoyun Hamid o‘g‘li