+998 71 200 02 35

MALAKA OSHIRISH VA QAYTA TAYYORLASHDA XALQARO STANDARTLARNI TADBIQ ETISH – ZAMONAVIY KELAJAK POYDEVORI

30.12.2022 1162

Ma’lumki, davlat va jamiyat qurilishi sohasini yanada demokratlashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi sohasida xalqaro standartlar va talablarni hisobga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etish har bir ta’lim muassasasining xalqaro miqyosdagi obro‘sini namoyon etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-avgustdagi “Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 544-son qaroriga ko‘ra adliya organlari va muassasalari xodimlari, advokatlar, notariuslar, yuriskonsultlar, patent vakillari, mediatorlar hamda boshqa soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishda xalqaro standartlarni hisobga olgan holda amalga oshirish muhim vazifalardan etib belgilangan.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi ham yuridik kadrlarni sifatli qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishni o‘z faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb hisoblaydi.

Xususan, xalqaro hamkorlik ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:

1- yuridik soha vakillarini qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan xorijiy ta’lim muassasalari bilan birgalikda ish olib borish;

2- xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;

Shuningdek, Markaz xalqaro hamkorlikni samarali amalga oshirish maqsadida o‘z faoliyatini quyidagi shakllarga yo‘naltiradi:

- Markaz professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilari uchun xorijiy mamlakatlarning ta’lim muassasalariga tashriflarini tashkillashtirish;

- qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

- xorijiy o‘quv muassasalarining yetakchi ilmiy-pedagogik xodimlarini va ekspertlarini Markazdagi o‘quv jarayoniga jalb qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

- ilmiy maqolalar hamda nashrlar almashinuvini tashkil etish;

- yuqori salohiyatli milliy va xorijiy vakillari ishtirokida konferensiyalar, simpoziumlar, “davra suhbatlari”, bahs-munozaralarni, shu jumladan, videokonferensiyalarni tashkil etish;

- masofaviy ta’lim sohasida tajriba almashish;

- xorijiy davlat mehmonlarini, delegatsiyalar va boshqa xorijiy tashkilot vakillarining tashrifi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etishda Markazning barcha bo‘lim va kafedralari faoliyatini muvofiqlashtirish.

Markazning xalqaro hamkorlikdagi tarixi ko‘p yillardan beri mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 87-sonli qaroriga muvofiq Xalqaro hamkorlik bo‘limi Markazning tarkibiy qismi sifatida tashkil etilgan.

Hozirgi kunda Markaz tomonidan o‘nlab xorijiy mamlakatlarning ixtisoslashgan muassasalari, jumladan Yaponiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa qator davlatlar bilan aloqalar o‘rnatilgan.

Shuningdek, Yuristlar malakasini oshirish sohasida hamkorlik o‘rnatish mumkin bo‘lgan Amerika, Arab, Osiyo, Yevropa, MDH davlatlarning (AQSh, Argentina, Avstriya, Buyuk Britaniya, Armaniston, Belarus, Vengriya, Germaniya, Gruziya, Kanada, Rossiya, Fransiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqalar) 50 ga yaqin turdosh ta’lim muassasalari bo‘yicha ro‘yxati shakllantirilgan

Ayniqsa, so‘ngi 3 yil davomida Markaz tomonidan bir qator xorijiy davlatlarning turdosh ta’lim muassasalari bilan, jumladan, Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi qoshidagi Odil sudlov akademiyasi, Belarus Davlat universitetining sudyalar, prokurorlar, sud va adliya xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Yaponiya Adliya vazirligining ilmiy-tadqiqot va ta’lim instituti bilan hamkorlik dasturi, Memorandum va shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, so‘ngi yillar davomida Markaz xodimlarining 12 marotaba xorijiy davlatlarga xizmat safarlari amalga oshirildi, jumladan Singapur, Shvetsiya, Sloveniya, Latviya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqalar.

Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlarning ko‘magi sezilarli darajadadir. Bo‘lim tashkil etilganidan buyon Markaz va ko‘plab xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, xususan YXHT, USAID, BMTTD, GIZ, “Mintaqaviy muloqot” XNNT, YTTB, Germaniyaning O‘zbekistondagi Konrad Adenauer jamg‘armasi, UNICEF va boshqalar bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida Markazda xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakilliklari ko‘magida doimiy ravishda chet ellik ekspertlar ishtirokida o‘quv tadbirlari, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar tashkil etiladi hamda ular tomonidan o‘quv jarayonining sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida texnik yordamlar ham ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, Markazning xalqaro hamkorlari tomonidan turli mamlakatlarning yetuk ekspertlarini jalb qilgan holda nafaqat professor-o‘qituvchilar va xodimlarga, balki tinglovchilar uchun ham tegishli mavzular bo‘yicha o‘quv kurslari hamda seminar-treninglar o‘tkazilib kelmoqda. O‘quv kurslari yakuniga ko‘ra, ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar taqdim etilmoqda.

Xalqaro hamkorlik talablari asosida o‘zaro delegatsiyalar almashuvi va professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy xodimlarning konferensiya, seminar-trening, master-klass, stajirovkalardagi ishtiroki natijasida xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalaridan o‘rganilgan ilg‘or tajribalar milliy qonunchilikka o‘z hissasini qo‘shishda hamda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashning uslub va shakllarini takomillashtirishda ayni mos kelmoqda.

Aytish joizki, Markazda olib borilayotgan xalqaro hamkorlik hamda turli xorijiy turdosh tashkilotlar bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va shartnomalar asosida mutaxassislik kafedralarining samarali hamkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv-metodik ishlar bilan o‘zaro axborot almashinuvi esa Markazning ta’lim jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Istiqbolda Markazning xalqaro hamkorligi yanada rivojlantirishiga hamda xalqaro munosabatlarda aniq yo‘llarni belgilab olishga imkon yaratilmoqda.

Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: «xalqaro munosabatlarda ochiq va amaliy faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli ishonchli hamkor sifatida mamlakatimizning xalqaro obro‘si tobora ortib bormoqda», – deb aytilgan so‘zlari Markazning xalqaro hamkorligini yanada mustahkamlashda va xorijiy tajribalarni faol o‘zlashtirishimizda dasturi amal bo‘ladi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i

Shaxzoda Abdullayeva