+998 71 200 02 35

Konstitutsiyaviy islohotlarda sud tizimining takomillashuvi

04.07.2022 1757

 

Konstitutsiyamizni takomillashtirishi to‘rtta ustuvor yo‘nalishning g‘oyasi va maqsadi jihatidan «inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi»ga qaratilgan.

        Shu bois yangilanayotgan Konstitutsiyamizda sud tizimini konstitutsiyaviy isloh qilinishida asosiy e’tibor Konstitutsiyaviy sudi faoliyatiga qaratilgan. Bu boradagi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi munosabati bilan sud tizimida yuqori pog‘onali bo‘lgan konstitutsiyaviy sud va uning faoliyatiga bag‘ishlangan ma’lumotlarga e’tiborimizni qaratamiz.

          O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi konstitutsiyaviy organ sifatida uning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunda ko‘rsatilgan.

         «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni demokratlashtirish, konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini, shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligini oshirishga qaratilgan qoidalarni o‘z ichiga olgan.

           Qonun bilan konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etildi. Mazkur institutning mohiyati shundaki, fuqarolar va yuridik shaxslarga konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi.

          Bunda agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, Konstitutsiyaga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.

           Bu joriy etilgan mexanizm Konstitutsiyada mustahkamlangan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish ishonchli kafolatlashga xizmat qiladi, hamda Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega sub’ektlar doirasi kengaydi.

           Konstitutsiyaviy sud boshqa sudlardan farqli o‘laroq, faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunadi hamda Asosiy qonunning ustunligi tamoyilini ta’minlaydi.

           Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyat chiqargan hujjatlarda inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil hamda normalariga amal qilinishini ta’minlaydi.

         Konstitutsiyamizda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqishni Konstitutsiyaviy sudning vakolatida aks ettirilishi kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan mustahkamlanmoqda.

       Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy yo‘nalishi normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘rganish bo‘lsada, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarori, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganib, tahlil qilinadi.

         Ijtimoiy axborot tarmoqlarida xabar berilishicha, fuqarolar va yuridik shaxslarga konstitutsiyaviy odil sudlov organiga bevosita murojaat qilish huquqi berilishi Konstitutsiyaviy sudga murojaatlar hajmining oshishiga sabab bo‘lgan. Bunda, 2021 yilda Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan jami murojaatlarning Konstitutsiyaviy sud vakolatiga taalluqlilari o‘rta hisobda 16 foizni tashkil qilgan. Ular Qonunga binoan ko‘rib chiqilib, qolgan boshqa murojaatlar taalluqliligiga ko‘ra murojaatlar mualliflariga asoslantirilgan tushuntirishlar berilib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan.

         Konstitutsiyaviy sudga murojaatlar ko‘p hollarda Konstitutsiya, qonunlar normalaridan tashqari qonunosti hujjatlari yuzasidan, shuningdek umumiy yurisdiksiya sudlarida ko‘rilgan ishlarda qabul qilingan qarorlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi, qonuniyligi yuzasidan kelib tushgan.

         Konstitutsiyaviy islohotlar davlat organlarining yanada faolroq bo‘lishi, vakolatlarining qayta ko‘rib chiqilishi, ularning inson huquqlarini ta’minlashdagi rolini oshirishga qaratilgan maqsadlar ekanligini hisobga olinsa, davlat organlari tizimida Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur. Endilikda, fuqarolar va yuridik shaxslarga qonunosti hujjatlari yuzasidan ham konstitutsiyaviy shikoyat bilan murojaat qilish imkonini berish vaqti keldi.

        Konstitutsiyaning 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.  Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar" deb belgilangan.

          Konstitutsiyaning 112-moddasida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar" deb, 118-moddasida esa “O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi» tarzida bayon qilingan.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi Konstitutsiya va qonunlarni alohida hujjat sifatida belgilagan.

           Ushbu qayd etilganlardan kelib chiqqan holda, yanada inson qadrini, huquq va manfaatlarini himoyasini  ishonchli va mustahkam bo‘lishligini ta’minlash uchun “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasiga konstitutsiyaviy sudga, sudyalar oliy kengashi va umumiy sudga tegishli quyidagi yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan:

Konstitutsiyamizning  109-moddasiga qo‘shiladigan yangi bandga binoan:

·         Konstitutsiyaviy sud fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqadi.

111-moddada esa, Sudyalar oliy kengashi mustaqil deb belgilanmoqda:

·         Sudyalar oliy kengashi – sudyalar hamjamiyatining sud korpusi shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlovchi mustaqil organidir.

112-moddaning joriy talqinidagi “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi” degan jumladan “odil sudlovni amalga oshirish borasidagi” degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.

Shu moddadagi “Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda ko‘rsatilgan asoslar bo‘lgandagina ozod etilishi mumkin” degan jumla quyidagi jumlaga almashtiriladi:

·         Sudyalarni almashtirib bo‘lmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra tugatilishi yoki to‘xtatilishi mumkin.

          Shuningdek, Asosiy qonunimizdagi 116-moddasining amaldagi talqini bunday: “Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi. Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi”.

Mazkur modda quyidagicha yangi tahrirga o‘tkaziladi:

·         Har kimga malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam bepul ko‘rsatiladi.

·         Tergovning va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordamga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish uchun mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslangan advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.

·         Advokat shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

          Umuman xulosa qilib olganda, xorijiy ommaviy-axborot vositalarida yoritilayotgan O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot haqidagi xabarlarida ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston – Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng istiqbolli mamlakat, ko‘p asrlik tarix, turfa madaniy meros va tabiiy boylikka ega diyor. Bularning baridan oqilona foydalanish O‘zbekistonning mintaqada yetakchi davlatga aylanishi, barcha yo‘nalishlarda rivojlanishini ta’minlaydi. Mamlakat fuqarolariga yo‘naltirilgan Konstitutsiyaviy islohot ana shu taraqqiyot uchun qulay zamin yaratadi.

        Konstitutsiya bo‘yicha bo‘lajak referendum jamiyatda ishonch, ijtimoiy adolat hissini mustahkamlashi tayin. Zero, O‘zbekiston an’anaviy qadriyatlar – oila, jamiyat mustahkamligi tarafdori. Iqtisodiy yuksalish, barcha yo‘nalishlardagi taraqqiyot esa ana shu qadriyatlarga asoslanadi.

 Nasullaev Mubin

 Yuristlar malakasini oshirish

Markazi dotsenti