+998 71 200 02 35

Gender tenglik alohida e’tiborda

30.06.2025 62

Yunusova Nigora Kamilovna
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini
oshirish Instituti nashrlari katta mutaxassisi

Inson huquqlarining ajralmas tarkibiy qismi xotin-qizlar huquqlaridir. Xotin-qizlar huquqlarining alohida muammo sifatida ajratilishi, avvalambor, erkaklar va ayollarning jamiyatdagi o‘rni va vazifalari har xilligi bila bog‘liqdir. Ayol – inson zotining davomchisi va bu xaqiqat bilan hisoblashmaslik noto‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun ijtimoiy nuqtai nazardan  u erkakka aylana olmaydi va bunday bo‘lishi ham mumkin emas, lekin ayni paytda, u qonuniy asosda beriladigan huquqlar va imkoniyatlarda  erkaklarga nisbatan kamsitilishi kerak emas.  Shu sababli ham so‘nggi yillarda ayollar huquqlari, gender tenglikni ta’minlash va ularning huquqiy manfaatlarini ta’minlash borasida mamlakatimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda.

 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan  “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” 562-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonunida, 2022-2026 – yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham “Gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish,  ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirishi...”[1], shuningdek, “... xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni  yanada kuchaytirish...”[2]  kabi vazifalar nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2023-yilning
19-sentabr Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ana shu muhim o‘zgarishlar natijalari haqida to‘xtalib, “Gender tenglikka erishish borasida ham tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, o‘tgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetdi. Ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi.”[3], deya ma’lumot berib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari  o‘z nutqida “xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi” ekaniga alohida urg‘u berib, “Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat”[4]ligini ham alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi
SQ-297-IV
-son qarori bilan “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” tasdiqlandi.[5]

Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha davlatning kuchli siyosiy irodasini tasdiqlovchi asosiy gender qonunlari O‘zbekistonda gender siyosatining asosiy maqsad va vazifalari, tamoyillari va yo‘nalishlarini belgilab bergan bo‘lsa, Gender strategiyasida ushbu maqsadga erishish chora-tadbirlari belgilab berilgan hamda uning mexanizmlari bayon etilgan.

O‘zbekistonning Gender strategiyasida ilg‘or xalqaro va xorijiy tajribalar o‘z ifodasini topgan. Shakl va mazmun jihatdan bu hujjat xalqaro standartlarga javob beradi. Shu bilan birga, Gender strategiyasi faqat xalqaro hisobot va ma’ruzalarda eslatib o‘tilishi bilan cheklanuvchi deklarativ xarakterdagi hujjat emas, balki amalda haqiqiy va aniq ishlaydigan hujjatga aylanishi zarur. Bu hujjat, eng avvalo, xotin-qizlar hayoti va farovonligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratishi kerak.

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasida “qarorlar qabul qilish hamda ijro etishning barcha sohalarida va darajalarida ayollar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini joriy etishga kompleks yondashuv” nazarda tutilgan.  Bu hujjat ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, insonning asosi huquqlarini hurmat qilish uchun iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan. Strategiya barcha uchun teng va sifatli ta’limni ta’minlash, qishloq qizlari uchun oliy talim imkoniyatlarini yaratish, ayollar uchun gender tenglikka erishish, zo‘ravonlik va odam savdosining oldini olish kabi masalalarni qamrab olgan. Strategiya yo‘nalishlari BMTning
2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan. Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq belgilanadi.

Yaqinda O‘zbekistonda genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirishni joriy etish loyihasi ishga tushirildi. Unda davlat resurslarini taqsimlashda ayollar va aholining zaif qatlamlari ehtiyojlarini hisobga olishga yordam berish masalasi muhokama qilindi. Uni «BMT-ayollar» tuzilmasi O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiradi, moliyalashtirish esa Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etiladi.

Loyiha gender tengligi tamoyillarini rejalashtirish, budjetlashtirish va milliy strategiyalarni ishlab chiqish jarayonlariga kiritishga qaratilgan.

«Rejalashtirish va budjetlashtirish jarayonlarimizga gender tahlilini joriy etish orqali biz jamiyatimizning turli ehtiyojlariga javob beradigan va hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlaydigan yanada samarali hukumatni yaratamiz. GYB ayollar, qizlar va aholining zaif qatlamlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda davlat resurslarini yanada adolatli taqsimlash vositasiga aylanishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tajriba-sinov idorasi bo‘lib, kelgusi ikki yil ichida milliy va mahalliy miqyosda GYBni o‘qitish va joriy etish davom ettiriladi.
2024- yil oktabr oyida «BMT-ayollar» 30 nafar davlat xizmatchisini GYB bo‘yicha malakasini oshirish uchun o‘qitishni boshlagandi.[6]

Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha milliy qonunchilikni takomillashtirish sohasida ikkita asosiy vazifani ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lib, ular qonunchilikni yanada takomillashtirish va taklif etilayotgan qonun loyihalari va amaldagi qonun hujjatlarining gender-huquqiy ekspertizasini amaliyotga joriy etishdir.

O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi instituti joriy etildi. Ushbu qonunga ko‘ra, gender-huquqiy ekspertizaga normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish, deya ta’rif beriladi[7].

Gender siyosati – jamiyatda ayollarga nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirishga, butun jamiyatdagi munosabatlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan siyosatdir. [8]

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etish davlatimizning diqqat markazida bo‘ladi”. Shu bilan birga, gender siyosati
O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining bir bo‘lagi, ijtimoiy siyosat esa butun davlat siyosatining bir qismi ekanligini tushunish muhimdir. 



[1] Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2022 йил 28 январдаги ПФ-60-сон “2022-2026 йилларга мўлажалланган Янги Ўзбекистоннинг тараққиёт стратегияси тўғрисида”ги Фармони

[2] Ўзбекистон Республикаси Президентининг Олий Мажлисга мурожаатномаси

[3] Ўзбекистон Президенти БМТ Бош Ассамблеясининг 78-сессиясида нутқ сўзлади (president.uz)

[4] Ўзбекистон Президенти БМТ Бош Ассамблеясининг 78-сессиясида нутқ сўзлади (president.uz)

 

[5] https://lex.uz/docs/5466673

[6] https://www.gazeta.uz/uz/2025/05/27/gender-equality/

[7] https://lex.uz/acts/4494849

[8] Гендер тенгликни тушуниш: халқаро ва миллий қонунчилик меъёрлари ҳамда диний тамойилларнинг қиёсий таҳлили. Н.Юсупова, Ф.Ҳамдамова. 2024 йил.