+998 71 200 02 35

«Davsuvinspeksiya» xodimlarining malakasi oshirilmoqda

21.11.2019 4411

«Davsuvinspeksiya» xodimlarining malakasi oshirilmoqda

Respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’ektlarini samarali ekspluatatsiya qilish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi («Davsuvinspeksiya») tashkil etilgan.

«Davsuvinspeksiya» o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha toifadagi suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlari, shuningdek, suv chiqarish quduqlarini o‘z vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha o‘rganish; yuridik va jismoniy shaxslarning ob’ektlari, shuningdek, turar joylarda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etish bo‘yicha belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish; suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasidagi qonunchilik talablari, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqiga egadir.

Bu tizimda turli soha (huquqshunos bo‘lmagan) vakillari faoliyat yuritgani bois, mazkur inspeksiya xodimlari faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarda tadbirkorlik sub’ektlarida nazorat tadbirlarini amalga oshirish hamda ma’muriy ishlarni yuritish va jarimalarni undirish masalalarida bir qator muammolar yuzaga kelmoqda. Mazkur muammolarni bartaraf etish, insonlarning huquq va erkinliklari buzilmasligini ta’minlash hamda “Davsuvinspeksiya” xodimlarining huquqiy ongini yanada yuksaltirish maqsadida, ushbu xodimlarning malakasini oshirish Yuristlar malakasini oshirish markaziga yuklatildi.

Shu munosabat bilan, Markazda joriy yilning noyabr oyida “Davsuvinspeksiya” xodimlarining birinchi guruhi o‘qitilishi boshlandi. Bu guruhlar uchun ta’lim jarayoni “Davsuvinspetsiya” xodimlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarda, jumladan tadbirkorlik sub’ektlarida nazorat tadbirlarini amalga oshirish tartibi, tomonidan ma’muriy ishlarni yuritish va jarimalarni undirish qoidalari kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Markaz yuristlar malakasini oshirish faoliyatida jahon andozalari va zamonaviy standartlarga to‘la mos keladigan ta’lim muassasasiga aylangan bo‘lib, bu ta’lim muassasasida yuqori salohiyatga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar dars beradilar, mashg‘ulotlar ilg‘or zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o‘tkaziladi.

An’analarga sodiq qolib, joriy yilning 13 noyabr kuni Markaz rahbariyati va professor-o‘qituvchilari bilan ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish Davlat inspeksiyasi xodimlaridan iborat tinglovchilar guruhi bilan ana shunday uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda Markaz professor-o‘qituvchilari ushbu soha vakillarini qiziqtiruvchi savollarga javob berishdi. Tinglovchilar o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, faoliyatda mavjud bo‘lib turgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuv so‘nggida ushbu soha vakillari o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, Markaz professor-o‘qituvchilariga minnatdorchilik bildirdilar.