+998 71 200 02 35

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy prinsiplarning mazmun-mohiyati

24.04.2024 169

Har qanday faoliyatning samaradorligi, uning aniq prinsiplarga tayangan holda amalga oshirilishiga bog‘liq. Shubhasiz, bu qoida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning samaradorligiga ham taaluqlidir.

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi O‘RQ-419-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi.

Qonunda prinsiplar ruyhati keltirilgan bo‘lsada ularning mazmuni yoritib berilmagan. Shu bilan birga, prinsiplarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash muhimdir. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni va ayrim olimlar fikrlariga asoslangan holda, ushbu prinsiplarning mazmun-mohiyatini yoritishga harakat qilamiz.

Qonuniylik prinsipi, avvalambor, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonun va qonunosti hujjatlar, ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga muvofiq bo‘lishi lozimligini, shuningdek, bunday chora-tadbirlarni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va mansabdor shaxslari tomonidan mazkur qonunchilik hujjatlarida keltirilgan doirada amalga oshirish kerakligini anglatadi. O‘z navbatida, qonunchilik hujjatlariga rioya qilmaslik yohud ulardagi normalarda keltirilgan qoidalarni buzish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi (Qonunning 26, 27-moddalari).

Fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi prinsipi davlatning korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari, avvalambor, barcha davlat organlari va mansabdor shaxslardan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning qonunda belgilangan manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, bunday chora-tadbirlar ta’siri ostida qolgan shaxsning jinsi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, mansabi, yashash manzili, e’tiqodi va boshqa holatlardan qat’i nazar huquq va erkinliklarining kafolatlanishi shartligini belgilaydi. Chunonchi, fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarining buzilishiga olib kelgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar natijasida qabul qilingan qarorlar bekor qilinadi yoki o‘zgartiriladi, ularning qabul qilinishi natijasida jismoniy                    va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni esa qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi (Qonunning 29-moddasi).  

Ochiqlik va shaffoflik prinsipi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalari faoliyati jarayonining borishi, ular tomonidan qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida fuqarolar va jamiyatning boshqa sub’ektlarini xabardor qilish lozimligini aks ettiradi. Ushbu prinsipning muhimligi, uning davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar qatorida keltirib o‘tishga asos bo‘ldi (Qonunning 19-moddasi). Bugungi kunda, mazkur prinsipni ta’minlashda, masalan, davlat xaridlari elektron tizimi (harid.uzex.uz), O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) platformalarining tashkil etilishi, “Davlat xizmatlari yagona reestri”ning yaratilishi, xaridlar, xizmatlar elektron tender tizimlarning joriy etilishi (tender.mc.uz), ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash jarayonini ochiq tanlov asosida internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida amalga oshirish tartibining tashkil etilishi va boshqa samarali instrumentlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tizimlilik prinsipining eng muhim jihati, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarining kompleks tarzda amalga oshirilishi va bir-birini to‘ldirishida namoyon bo‘ladi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyaga qarshi kurashish, birinchi navbatda, korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli va kelishilgan harakatlarni talab qiladi. Nazariyada tizimlik atamasi qismlardan iborat butun, o‘zaro munosabat va aloqada bo‘lgan, muayyan yaxlitlikni hosil qiluvchi ko‘p qismlarning majmui degan, tushuncha keltirilmoqda. Demak, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida keltirilgan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga oid huquqiy, siyosiy, tashkiliy, texnik va moliyaviy chora-tadbirlar chambarchas bog‘liq tartibda va zarur ketma-ketlikda amalga oshirilishi lozimligini anglatadi (Qonunning 5-moddasi).

Davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi prinsipi korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olishda keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash lozimligini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, bunday hamkorlik, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari loyihalarini muhokamasida ishtirok etishda,  ularning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlarining faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, korrupsiyaga eng ko‘p duchor bo‘lgan tarmoqlar va sohalarni, uning yuzaga kelishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash maqsadida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish va boshqa usullardan foydalanish yo‘li bilan jamoatchilik fikrini o‘rganishda namoyon bo‘lishi mumkin (Qonunning 8, 14, 19, 30-moddalari).

Korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi prinsipi korrupsiyaning oldini olish, bevosita O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-bobida keltirilgan chora-tadbirlar asosida amalga oshirilishi lozimligini anglatadi (Qonunning 19-24-moddalari). Mazkur prinsipning amalga oshirilishida har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan tasdiqlanadigan muayyan yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat dasturida, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish                       chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish mexanizmi, ijro muddati, moliyalashtirish manbalari ko‘rsatiladi va mas’ul ijrochilar belgilanadi. Xususan, amaldagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 noyabrdagi PF-200-son Farmoniga asosan 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi. Binobarin, korrupsiyaga qarshi kurashish ustuvorligi               2022 yilning 28 yanvarda e’lon qilingan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham asosiy vazifalar etib belgilandi (Taraqqiyot strategiyasining 4, 83 va 84-maqsadlari).

Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi qilmishida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etgan har bir shaxsning javobgarlikka tortilishi shartligini anglatadi. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida ta’kidlanganidek, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik deganda, korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish tushuniladi (Qonunning 3-moddasi). O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomiga asosan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni ma’muriy huquqbuzarliklar (O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 611, 1931 va 1932-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar) va jinoyatlar (O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 167-moddasining ikkinchi qismi “g” bandi, 168-moddasining uchinchi qismi “v” bandi, 1929 va 19210,  205, 209 – 214-moddalari, 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni mansab mavqeidan foydalangan holda sodir etish hamda 301-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlar) tashkil etadi. Chunonchi, mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilari, ularning egallab turgan lavozimi, ish staji davomiyligi va boshqa erishilgan yutuqlaridan qat’iy nazar, mazkur korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortiladi. Binobarin, Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar sudning qaroriga ko‘ra muayyan huquqlardan, shu jumladan muayyan lavozimlarni egallash huquqidan qonunga muvofiq mahrum etilishi mumkin (Qonunning 27-moddasi).

Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida mustaxkamlangan prinsiplarning mazmun-mohiyatini o‘rganish, ularning ijtimoiy jixatdan qaraganda keng qamrovli ekanligini, korrupsiyaga qarshi kurashish munosabatlarini tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini va mazkur faoliyat uchun huquqiy zamin bo‘lib xizmat qiluvchi omil hisoblanganligini anglash mumkin bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplariga, quyidagicha tushuncha bersak bo‘ladi: “Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplar – qonunchilikda mustahkamlangan hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari mohiyatini ifodalaydigan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning asoslari, chegaralari va shakllari haqidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, axloqiy, diniy va huquqiy tasavvurlarni aks ettiradigan yetakchi g‘oya hamda asosiy qoidalardir”.

 

Rafik Shakurov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi
 yu.f.n., dotsent