+998 71 200 02 35

Huquqshunoslar raqamli asrda: ta’lim, hamkorlik va transformatsiya

25.06.2025 105

Ismatov Olimjon Shuxrat o‘g‘li
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti
Xalqaro hamkorlik va loyihalar
bo‘limi bosh mutaxassisi

O‘zbekistonning huquqiy sohada ochiqlik va innovatsiyalarga asoslangan islohotlari yuridik ta’limni yangi darajaga olib chiqishni talab qilmoqda. Ana shunday muhim bosqichda 2024-yil 29-30-may kuni Toshkent shahrida “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida muhokama sessiyasi tashkil etildi. Muhokamada Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Ozarbayjon kabi davlatlarning yuridik sohasi mutaxassislari, professorlar va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida zamonaviy yuridik ta’limda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, huquqiy texnik hamkorlik, transmilliy normalar va kompetensiyaviy yondashuvlar haqida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, yuridik ta’limda innovatsion metodikalar, real amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish uslublari va soft skills — tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash, muzokara yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Muhokamada ishtirok etgan Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti vakili Saymon Tompson sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar huquqni o‘qitish va o‘rganish jarayonida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘layotganini aytib, universitetlarni raqamli texnologiyalarni ijodkorlik va faollikni oshiruvchi vosita sifatida qabul qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’limda sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish uchun maxsus materiallar, QR-kodlar, havolalar orqali interaktiv yondashuvlar ishlab chiqilishi lozim.

Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot va ta’lim instituti professori Kei Hirota esa yapon modelida yuridik-texnik hamkorlik orqali qonunchilik islohotlari, sud va prokuratura tizimini rivojlantirish, sudyalar va prokurorlar malakasini oshirish yo‘nalishlari samarali yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi. U bu hamkorlikni “adolat, tinchlik va huquq ustuvorligini qo‘llab-quvvatlovchi global qadriyat” sifatida ta’rifladi.

Yana bir e’tiborga molik chiqish Regensburg universiteti professori Manuchehr Kudratovga tegishli bo‘lib, u “Industriya 4.0 faqat texnologik o‘zgarish emas, balki huquqiy sohaga ham yangicha qarash zarurligini taqozo qiladi”, deya ta’kidladi. Uning fikricha, zamonaviy huquqshunos nafaqat qonunlarni biluvchi mutaxassis, balki sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va elektron hujjatlar bilan ishlay oladigan zamonaviy kadr bo‘lishi shart.

Muhokama sessiyasi davomida Yaponiya, Latviya va Ozarbayjon ekspertlari tomonidan ham innovatsion loyihalar, o‘qitish metodikalari va xalqaro ta’lim platformalari haqida tajribalar taqdim etildi. Latviyaning Turiba universiteti professori Raymundas Kalesnikas ta’lim ekotizimini “uzviy bog‘langan bilim va texnologiyalar makoni” sifatida tasvirlab, yuridik ta’lim 1.0 dan 5.0 modelgacha bo‘lgan rivojlanish bosqichlarini sharhlab berdi.

Bu muhokama sessiyasi 2025-yilning may oyida bo‘lib o‘tgan “Tashkent Law Spring – 2025” IV Xalqaro yuridik forumi doirasida yuridik islohotlar va raqamli transformatsiya mavzusidagi dolzarb masalalarni ilgari surishga xizmat qildi. “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” shiori ostida tashkil etilgan mazkur forum huquq, texnologiya va xalqaro hamkorlikni uyg‘unlashtirgan global muloqot maydoniga aylandi.

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti mazkur jarayonlarda nafaqat tashabbuskor, balki xalqaro tajribalarni tizimli o‘rganib, milliy yuridik ta’limga joriy etishda faol ishtirok etdi. Institut tomonidan ilgari surilgan innovatsion yondashuvlar, xorijiy ekspertlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, yuridik sohaga yangi kompetensiyalar va texnologiyalarni olib kirish borasidagi sa’y-harakatlar mamlakatimizda huquqiy davlat tamoyillarini mustahkamlash va raqamli yuridik transformatsiyani jadallashtirishga xizmat qilmoqda.