+998 71 200 02 35

HUQUQIY TA’LIM – HUQUQIY ONG VA HUQUQIY MADANIYATNI YUKSALTIRISHNING ZARUR SHARTI

14.03.2024 250

Bugungi kunda “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash, yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ta’limning barcha bosqichlarida yoshlarning mukammal ta’lim olishi uchun shart-sharoit yaratish, huquqiy ta’limga xorij amaliyotini joriy etish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning o‘rnini va huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini yaxshilash, Konstitutsiya va qonunlar, yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyatini fuqarolarga yetkazish tizimini va xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning zarur shartiga aylantirish, fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish bilan bog‘liq muammolarning ilmiy yechimini topish muhimdir. Shu sababdan ham huquqiy ta’lim tizimini takomillashtirish mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat qurishda hamda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Huquqiy ta’lim deganda shaxslarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, huquqiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, qonunga itoatkor xulq-atvor odatlarini shakllantirishga qaratilgan ta’lim shakli tushuniladi. Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish huquqqa nisbatan ijobiy munosabat, qonun talablarini bajarish zarurligini anglash, amaldagi qonunlarni bilish, huquqni hurmat qilish va huquqiy normalariga rioya etishda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mamlakatimizda Qonunlar ustuvorligini ta’minlash uchun avvalo jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish darkor.

Respublikamizda ta’lim tizimini takomillashtirish doir islohotlarni yanada jadallashtirish bilan bog‘liq vazifalar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yangi darsliklar, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida ularni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish kabi bir qancha vazifalar belgilandi, albatta bu kabi vazifalarda huquqiy ta’lim tizimini ham qamrab olish joiz. Bundan tashqari, maktabda huquqiy fanlar uchun ajratilgan dars soatlarini nafaqat hajmini balki sifatini ham oshirish, o‘quvchilarda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish uchun avvalo huquqiy fanlardan dars beruvchi professional pedagog kadrlarni yetishtirib chiqish, bunda, Oliy ta’lim muassasalarida huquq ta’limi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun zamon talablariga va xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlari asosida ta’lim berish tizimini yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim kesimida ham huquqiy fanlar sonini ko‘paytirish, huquqiy mavzular bo‘yicha ta’lim beruvchi pedagog-o‘qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizmini takomillashtirish lozim.

Qonunlardan behabar, shuningdek, jtimoiy og‘ir ahvolda qolgan voyaga yetmaganlarning qarovsiz va nazoratsiz qoldirilishi, ommaviy axborot vositalarida, telegramda, filmlarda zo‘ravonlik va shafqatsizliklarning targ‘ib qilinishi, ta’lim muassasalarida samarali ishlar olib borilmasligi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etilmaganligi, yoshlarga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan kattalar orasida yomon illatlarning avj olishi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bir qator huquqbuzarlik va jinoyatlarga sabab bo‘lmoqda. Voyaga yetmaganlarning oilasidagi nosog‘lom muhit, moddiy va ma’naviy yetishmovchiliklar albatta ularning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini chetlab o‘tmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qo‘yildi. Bu avvalo ota-onalar mas’uliyatini oshirish va voyaga yetmagan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, ular tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etishining oldini olishga xizmat qiladi.

Yuqorida huquqiy ta’lim tizimi oldida bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammo va kamchiliklar sanab otildi, bundan tashqari, huquqiy talimning sifat darajasi pastligicha qolayotganligi, maktab darsliklaridagi kamchiliklar va zamon talablariga javob bermayotganligini kuzatishimiz mumkin. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan oquv materiallari tayyorlanishini va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida loyihalarni tashkil etish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarni o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, aholini qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalashga, ularni huquqiy ongini va madaniyatini, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan fuqarolarning xabardorlik darajasini oshirish hamda bu sohada ommaviy axborot vositalarining huquqiy targibot faoliyatini yanada kuchaytirish lozim.

Shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, jamiyatda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka toqatsizlik madaniyatini shakllantirish, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni parvarishlash bo‘yicha muqobil noinstitutsionallashgan shakllarni joriy qilish, zamonaviy talablarga javob beradigan va ilgor xalqaro yuridik tajribalarni tadbiq etish, xorijiy huquqni organish, voyaga yetmaganlarni qollab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taminlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish zarur. Bu kabi tizimli ishlarning joriy etilishi yoshlarimizning rivojlanish yonalishlarini belgilab olishlariga imkon yaratishi, yoshlarning kelajakdagi maqsadlariga erishish va huquqiy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish mamlakatimiz taraqqiyoti yuksalishiga sabab bo‘luvchi muhim omillardan biridir.

 

Abdimannobova Sevara Abdiqaxxor qizi
Yuristlar malakasini oshirish markazi mas’ul xodimi