+998 71 200 02 35

AYBSIZLIK PREZUMPSIYASI HAMDA “MIRANDA QOIDASI” YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA MUSTAHKAMLANDI

08.05.2023 1446

So‘nggi yillarda yurtimizda jinoyat sodir etishda ayblanotgan shaxslarni, jumladan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlash, asossiz va noqonuniy ayblovlarga chek qoyish borasida bir qator ijobiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2016 – 2022-yillar mobaynida 4 740 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganligi ham buning yaqqol isbotidir.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida, jumladan, uning 28-moddasida aybsizlik prezumpsiyasi hamda “Miranda qoidasi” mustahkamlandi. Ushbu moddaning birinchi qismida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilanganmoqda. Oldingi tahrirdagi Konstitutsiyaning 26-moddasida esa jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi deb qayd etilgan. Qiyoslab korish mumkinki, mazkur normaga “sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha” jumlasi qoshildi. Bu jumla bilan esa shaxsning jinoyat sodir etishda aybdor yoki aybdor emasligiga oid nuqtani faqat sud qoyishi mumkinligiga urg’u berilmoqda.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan inson huquqlarining asosiy kafolati bo’lgan hujjat – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida ham aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi mustahkamlangan bo’lib, unga ko‘ra,  jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangan holda, ochiq sud majlisi yo’li bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir. Ushbu normani yanada aniqroq va tushunarliroq talqin etadigan bo‘lsak, aybsizlik prezumpsiyasi mohiyatida “Isbotlanmagan ayb -  isbotlangan aybsizlikka teng” degan xalqaro standart yotadi.  Mazkur xalqaro huquqiy normaning Konstitutsiyamizda yanada to‘la va aniq tarzda belgilanishi inson huquqlarini turli noqonuniy tajovuzlardan muhofaza etishda o‘ziga xos qalqon bo’ladi, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 28-moddasi uchinchi qismida “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin” tarzidagi norma belgilanmoqda. Ushbu qoida huquqshunoslarga “Miranda qoidasi” nomi bilan yaxshi ma’lum. Xosh, unda “Miranda qoidasi”ning o‘zi nima va uni Konstitutsiya darajasida belgilanishiga qanday zaruriyat bor?

Mazkur qoida amerikalik jinoyatchi Ernesto Arturo Miranda nomi bilan bog‘liq. U AQSH Oliy sudi tomonidan 1966-yilda jinoyat sodir etishda gumonlanuvchilarning o‘ziga-o‘zi qarshi guvohlik berib qo‘ymasligini ta’minlash maqsadida kiritilgan. 1963-yilda bu shaxs bir nechta og‘ir jinoyatlar bilan qo‘lga olingan.

Mirandaning advokati Elvin Mur esa sudda Mirandaning haq-huquqlari talab darajasida tushuntirilmagan, shuning uchun aybiga iqrorlik bilan bog‘liq barcha dalil va ko‘rsatmalar ishdan chiqarilishi lozim, degan vajni ilgari suradi. Ish AQSH Oliy sudigacha yetib borgach, «Mirandaning huquqlari buzilgan» deb hisoblanib, ishdan Mirandaning ko‘rsatmalarini chiqarib tashlash va ishni qayta ko‘rish uchun qaror chiqaradi. Natijada bu voqea AQSH jinoyat protsessiga yangi institut – birinchi o‘rinda gumonlanuvchining haq-huquqlari tushuntirilishi shart ekanligini nazarda tutuvchi “Miranda qoidasi”ning kiritilishiga sabab bo‘lgan.

Demak, yanada oddiyroq qilib aytganda “Miranda qoidasi” jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga uning qonuniy haq-huquqlari to‘la tushuntirilishi zarurligini hamda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi esa istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin ekanligini nazarda tutadi.

Mazkur qoidaning mustahkamlanishi esa jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan turli tajovuzlarni,  noqonuniy ayblovlarni hamda o‘ziga qarshi xohishiga zid ravishda majburiy ko‘rsatmalar olish holatlarini bartaraf qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi

Yuristlar malakasini oshirish markazi JUMAYEV SHOHJAHON BEGIMQUL OGLI